
“Metallurg”ni 5 futbolchi tark etdi va bir nafar o‘yinchi ijaraga berildi
Xabar berganimizdek, Bekobodning “Metallurg” jamoasi yangi mavsum tadorigini yanvar oyining ikkinchi haftasidan boshlashni rejalashtirgandi. Jamoa a’zolari kecha poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” mehmonxonasida jamlandi. Bugundan mashg‘ulotlar “Do‘stlik” stadionida boshlandi. Avvaliga futbolchilarning jismoniy tayyorgarligini tiklash mashqlariga e’tibor qaratildi. Mashg‘ulot so‘ngida esa, futbolchilar to‘p bilan ishlashga o‘tdi.
O‘tgan mavsum bilan solishtirganda, “Metallurg” tarkibida bir qator o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Xususan, yarim himoyachi Abdurahmon Abdulhaqov joriy yilni ijara asosida Superliga debyutanti – “Turon”ga qo‘shildi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
Himoyachilar – Abbos Otaxonov, Jasur O‘rinov, yarim himoyachilar Muhammad Isaev, Xudoyshukur Sattorov, hujumchi Murodbek Bobojonov ham keyingi faoliyatini boshqa klublarda davom ettiradi. Mazkur o‘yinchilar bilan shartnoma muddati uzaytirilmadi va ular erkin agent sifatida “Metallurg”ni tark etishdi.
Bekobodliklarning mavsum oldi yig‘inida jamoa o‘zagi saqlab qolingan holda o‘tgan yili mavsum kashfiyoti bo‘lgan U-21 jamoasidan qator o‘yinchilar jalb etilgan. Bundan tashqari yangi futbolchilar ham ko‘rikdan o‘tishyapti. Ulardan kimlar bilan shartnoma imzolanishini vaqt ko‘rsatadi. Shundan keyingina klubga qabul qilingan yangi o‘yinchilar haqida batafsil ma’lumot beramiz.
“Metallurg” U 21 jamoasi yig‘ini 21 yanvar sanasidan Bekobod shahrida boshlanadi.
Fikrlar