"Metallurg"da meni top darajada qarshi oldilar, o‘zimga-o‘zim katta maqsadlar qo‘ydim, bundan ham kuchliroq bo‘lib qaytaman" - Davron Hoshimov

  • 29 iyul, 2024, 13:08
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
BEPUL PROPAN

“Metallurg” klubi ikkinchi davraga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida selektsiya ishlarini faol olib borgan holda tarkibiga bir qator futbolchilarni qo‘shib oldi.

Ularning orasida 32 yoshli tajribali himoyachi Davron Hoshimov ham bor. Birinchi davrani pro ligada “Buxoro” tarkibida o‘tkazgan futbolchi yana Superligaga qaytdi.

Barcha rasmiyatchiliklar hal bo‘lgach, futbolchi Sports.uz saytiga intervyu berdi.

- Davron, nihoyat yana Superligaga qaytdingiz. Bu rejangizda bormidi yoki hammasi to‘satdan yuz berdimi?

- Bilasiz, jiddiy jarohatni boshimdan o‘tkazdim. Jarohatdan keyin yana Superligaga qaytish niyatim bor edi. Yil boshida jarohatim bo‘lishiga qaramasdan Ulug‘bek Baqoev menga ishonch bildirdi va jamoasida olib qoldi. Qiyin vaziyatni ortda qoldirib, “Buxoro” tarkibida bir qator o‘yinlarda maydonga tushdim. O‘zimni yaxshi tomonlama ko‘rsatganimdan so‘ng “Metallurg” rahbariyati qiziqish bildirdilar. Ular “Buxoro”ga aloqaga chiqishdi. Ikkala rahbarlar kelishishganidan so‘ng meni transfer qilishdi. Bundan xursandman. O‘zim ham kutgandim. Iloji boricha “Metallurg” jamoasini Superligada olib qolishga harakat qilamiz. Katta mas’uliyat bo‘ladi. Futbolchida bir qadam orqaga, ikki qadam oldinga bo‘lib turadi. Shu narsa boshimdan o‘tdi. Futbolda har xil holatlar bo‘lar ekan. Futbolchiga og‘ir jarohatdan keyin pro ligada o‘ynab, yana Superligaga qaytishi katta mas’uliyat talab qiladi. Shunga qaramasdan, o‘z imidjimizni, nomimizni oqlashga harakat qilamiz. “Metallurg”da rahbariyat va muxlislar oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lishini xohlaymiz.

- Joyingiz kamida Superligada. Bir qadam orqaga va ikki qadam oldinga deb to‘g‘ri aytdingiz. Pro ligada o‘ynab yurgan kezlaringizda nimalarni o‘yladingiz va endi Superligaga qanday ishtiyoq bilan qaytyapsiz?

- Kecha kelib turib oila-a’zolarimga shu narsa haqida aytgandim. Pro ligada to‘p surishim menga katta turtki bo‘ldi. Superligani qanchalik qadrlashni, pro ligani ham kuchliligini bildim. O‘sha erdagi muhitni his qilib yurdim va bu orqali o‘zbek futboli chindan ham shunchalik kuchlimi, deb o‘yladim. Oldin pro ligada o‘ynamaganim uchun bilmasdim. Ammo u erda o‘ynab shuni bildimki, rostdan futbolga jiddiy e’tibor qaratilayotganiga yana bir bor amin bo‘ldim. Pro ligani har bir o‘yini xuddi finaldek edi. “Paxtakor” va “Navbahor”dagi o‘yinlarim yodimga tushdi. Superligadan taklif bo‘lganidan keyin kuni kecha “Metallurg” tarkibida o‘rtoqlik uchrashuvida 70 daqiqa to‘p surdim. Bu erga o‘zim uchun katta maqsad bilan keldim. Saviyangni ko‘tar, oldingi Darvonga qayt, degan maqsad bilan qaytdim. Pro ligada o‘ynab ko‘p narsani ko‘rdim va o‘rgandim. Futbolni qanchalik qadrlashni, futbol qanchalik muhimligini pro ligada o‘ynab sezdim. Superligada o‘ynayotgan o‘yinchilarga o‘z imkoniyatidan albatta foydalanish muhimligini aytgan bo‘lardim. Ba’zi-bir o‘yinchilar maydonga tushmasa, zaxirada qolsa, darrov ketaman deb gapirishadi. Bunday fikrni unutib, zaxiradan maydonga 5 yoki 10 daqiqaga tushsa ham shu imkoniyatdan foydalanib qolishi qanchalik muhimligini his qilishlarini istardim. Men bu narsani ko‘rib keldim va tajribamda kechirdim.

- O‘tgan vaqt davomida sizni qisman unutgan muxlislar bo‘lishi mumkin. Superligaga qaytgach, o‘z kuchingizni isbotlash ishtiyoqingiz kuchlimi?

- “Buxoro” bilan Xo‘janddagi yig‘inda edik. O‘sha erda meni “Metallurg”ga chaqirishdi. 80 foiz hal bo‘ldi, u erga boravergin deb aytishdi. Meni chegarada mashina kutib turishi kerak edi. Bir yarim soat yo‘l davomida o‘zimga-o‘zim maqsad qilib keldim. Davron, bu senga yana bir imkoniyat, deb o‘zimga-o‘zim katta maqsadlar qo‘ydim. Xudo xohlasa, bundan ham kuchliroq bo‘lib qaytaman. Xudoga shukr, holatim ancha yaxshi. Oldin faqat kuchga tayanib o‘ynardim. Endi men ko‘p narsani ko‘rib keldim va shundan kelib chiqib o‘ynayman. Oldin bunday emasdi, ko‘rmaganman va maydonga chiqib o‘xshasa o‘xshadi, bo‘lmasa yo‘q, qabilida o‘ynardim. Endi bunday bo‘lmaydi va bu narsaga qaytmayman. Bundan buyog‘iga ikki hissa kuch bilan o‘ynayman.

- “Metallurg” faoliyatingizda yangi sahifa. U erda sizni qanday qarshi olishdi va dastlabki taassurotlaringiz qanday?

- “Metallurg” jamoasiga minnatdorchilik bildiraman, meni iliq kutib oldilar. Pro ligadan keldim deb o‘ylaganim yo‘q. Xuddi “Paxtakor” yoki “Navbahor”dan kelgandek o‘yladim, to‘g‘risi. Hammasi xushmuomala va meni top darajada qarshi oldilar. Jamoa zo‘r qabul qildi. Xursand bo‘ldim. Fursatdan foydalanib, “Buxoro” klubiga alohida minnatdorligimni bildirib o‘tmoqchiman. Ulug‘bek Baqoev, murabbiylar shtabi, Shavkat Salomovga katta rahmat. Operatsiya bo‘lib yurolmaydigan paytimda ham ular menga ishonch bildirishdi, shartnoma taklif qilishdi. Superligaga chiqishini tilakdoshiman va bu vazifani bajarishgach, meni yana taklif qilishsa, ularning taklifini rad eta olmayman. Chunki bunday og‘ir jarohat paytida hech kim sizdan bunday hol-ahvol so‘ramaydi. “Buxoro” esa meni mana shunday pallada ham qo‘llab-quvvatladi. Ular menga oylik maosh berishdi, o‘ynay olmasam ham o‘zlari bilan olib yurishdi. Buning uchun katta rahmat.

- Ikkinchi davra “Metallurg” uchun juda muhim. Bilasiz, bekobodliklar birinchi davrada g‘alaba qozongani yo‘q. Endi klubni qanday bo‘lmasin Superligada saqlab qolishmoqchi va buning uchun siz kabi tajribali futbolchilar jalb qilinmoqda. “Metallurg”ning ligada qolish potentsialini qanday baholayapsiz?

-  O‘rtoqlik o‘yinida o‘ynadim, jamoa 60 foizga o‘zgargan. Yaxshi saviyadagi 2-3 ta legionerlarni ko‘rdim. Jamoada o‘yin strategiyasi bor. “Buxoro”da shu narsani bildimki, futbolda hamjihatlik ko‘p narsani hal qiladi. Bu narsa “Buxoro”da kuchli edi. Jasur Hasanov, Vitaliy Denisov, Artyom Filiposyan kabi etakchi futbolchilar jamoani ahillikda ushlab turishardi. Shu bois u erda hamjihatlik juda kuchli. Shu narsani ham “Metallurg”ga olib kiramiz. Kecha futbolchilarga ham aytdim, o‘tgan ish ortda qoldi. Biz bir jamoamiz va hammamiz bitta maqsad uchun kurashamiz, deb yigitlar bilan kelishib oldik. Har bir o‘yinga finalga chiqqandan chiqamiz. Bor e’tiborimiz 4 avgust kuni bo‘ladigan uchrashuvga qaratilgan. Yo‘qotadigan narsamiz yo‘q. “Metallurg” rahbarlari ham hamma ishonch bildirgan futbolchilar shu erda, endi hech kim qo‘shilmaydi, sizlar bilan jamoani saqlab qolishimiz kerak, deb ishonch bildirishdi.

Shuhratbek Jo‘raev.

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
Pardayev Shavkat
30/07/2024 09:01
"мени топ!" даражаси, қанақа даража?!
&
Адхамжон Низомов
29/07/2024 17:02
Жарохат олиш огирлигини билдингми? Хар ишни жавобини Худо курсатиб куяди.Пичокни олдин узинга ур, огримаса бировга....