
"Metallurg" etakchisining xayrlashuv uchrashuviga xorij jamoasi keladi
Bekobod futbolining yorqin yulduzi – Zohid Abdullaevning xayrlashuv uchrashuvi muddati va raqib jamoa nomi ma’lum bo‘ldi. Shu yilning 11 iyun sanasida Bekobodga Tojikiston Respublikasining nomdor klublaridan biri – “Xo‘jand” tashrif buyuradi. Xalqaro o‘rtoqlik uchrashuvi soat 19:00 da boshlanishi rejalashtirilmoqda.
“Xo‘jand” jamoasiga 1976 yilda asos solingan. Klubning asosiy vazifasi mamlakat bosh jamoasi “Pomir” (Dushanbe)ga iqtidorli o‘yinchilarni etishtirib berish bo‘lgan. Tojikiston Respublikasi mustaqillikka erishgandan so‘ng tabiiyki unda qatnashayotgan klublarning ham maqsad vazifalari o‘zgardi. “Xo‘jand” futbol klubi Tojiksiton milliy chempionatining eng kuchli klublaridan biriga aylandi. Bugungi kunda undanda ko‘proq sovrindor bo‘lgan bitta jamoa bor – bu “Regar TadAZ” (Tursunzoda). Tursunzodaliklar milliy chempionatlarda 16 marta sovrindor bo‘lgan (7 oltin, 7 kumush, 2 bronza). Xo‘jandliklar esa shohsupaga 14 marta ko‘tarilgan – 9 ta kumush, 5 ta bronza. Ayni paytdagi eng kuchli klub, mamlakatning o‘n karra chempioni – “Istiqlol” (Dushanbe) shohsupaga 12 marta chiqqan (10 ta oltin, 1 ta kumush, 1 ta bronza).
“Xo‘jand” jamoasini so‘nggi uch mavsumda serbiyalik Nikola Lazarevich maydonga boshlab tushdi. Bu yildan Lazarevich “Qizilqum” (Navoiy) ruliga o‘tgach, “Xo‘jand” FKga Rustam Xo‘jaev bosh murabbiy etib tayinlandi. 2022 yilgi mavsum juda muvaffaqiyatli o‘tyapti deb bo‘lmaydi. 8 ta uchrashuvning 2 tasida xo‘jandliklar g‘alaba qozonishgan bo‘lishsa, 2 tasida imkoniyatni boy berishdi. 4 ta o‘yinda raqiblar bilan ochkolarni bo‘lib olishdi. 10 ochko jamg‘argan "Xo‘jand" 10 ta jamoa orasida 5-o‘rinni egallab turibdi.
Jamoa tarkibida bir qator legioner o‘yinchilar bor. Belorusdan 2 nafar (Andrey Levkovets, Ignatiy Sidor), Rossiyadan 1 nafar (Sergey Tskanyan), O‘zbekistondan 3 nafar (Shohruh Mahmudhojiev, Samandar Ochilov, Firdavs Abdusalimov). Jamoa yutuqlari orasida 4 marta Tojikiston Respublikasi Kubogini qo‘lga kiritganligini ham ta’kidlab o‘tish mumkin. Bu yil mavsum arafasida xo‘jandliklar mamlakat Superkubogi uchun “Istiqlol”ga qarshi maydonga chiqdi va 0:1 hisobida imkoniyatni boy berishdi.
“Metallurg” matbuot xizmati.
Fikrlar