Mbappe “el-klasiko”dagi g‘alabaga qanday munosabat bildirdi?
Ispaniya chempionatining o‘ninchi turida “Real” o‘z maydonida mamlakatning amaldagi chempioni “Barselona”ni qabul qilib, keskin va murosasiz kurashlar ostida o‘tgan uchrashuvda 2:1 hisobida zafar quchdi.
Madridliklarning gollari Kilian Mbappe va Jud Bellingem hisobiga yozilgan bo‘lsa, kataloniyaliklardan Fermin Lopes javob to‘pini kiritdi. Mbappening o‘zi penaltidan ham foydalana olmadi.
Uchrashuvdan keyin frantsiyalik futbolchi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali o‘yinga munosabat bildirdi.
- El-klasiko — bizniki. Jamoaning energiyasi aqlbovar qilmas darajada. Hala Madrid!, - deb yozdi Kilian Mbappe.
“El-klasiko”dan keyin “Real” ochkolari sonini 27 taga etkazib, musobaqa jadvalida peshqadamlik mavqeini mustahkamlab oldi. “Barselona” esa, endi madridliklardan besh ochkoga ortda qolmoqda.
Kilian Mbappening o‘zi La Liganing joriy mavsumidagi 11-golini nishonladi va bu ko‘rsatkich bilan chempionat to‘purarlari poygasida birinchi o‘rinda bormoqda.



Fikrlar