
"Mash’al"da endi ispaniyalik mutaxassis faoliyat olib boradi
“Mash’al” klubining yangi mavsumda rejalari katta. Yakuniga etgan chempionatda 29 ochko bilan 10-o‘rinni band etgan muborakliklar ayni paytda bir qator loyihalar ustida ishlamoqdalar.
Ma’lumki, Dilyaver Vaniev “Mash’al” klubini o‘yinlarga tayyorladi va bevosita natijalariga javob berdi. Yangi mavsumda esa murabbiylar shtabi yanada malakali mutaxassislar bilan boyitiladi.
Gap shundaki, sports.uz saytiga ma’lum bo‘lishicha, “Mash’al” klubi ispaniyalik Serxio Marinangeli bilan kelishuvga erishdi. U jamoada maslahatchi murabbiy lavozimida faoliyat olib boradi. Marinangeli bunga qadar pro-ligada “Oq-tepa” jamoasida ishlab kelayotgandi. Ispaniyalik mutaxassisning “Mash’al”da ish boshlashini klub bosh direktori Ilhom Qurbonov tasdiqladi. Uning aytishicha, Marinangeli yanvarning dastlabki kunlarida jamoaga qo‘shiladi.
Shuni qo‘shimcha qilish kerakki, ispaniyalik mutaxassis faoliyati davomida Ekvatorial Gvineya terma jamoasida bosh murabbiy Esteban Bekkerga yaqindan yordam bergan. Shuningdek, Ispaniyaning bir qator klublarida mehnat qilgan. Unda UEFA Pro litsenziyasi mavjud.
Fikrlar