
"Mash’al" yana sensatsiyaga qodirmi yoxud "Paxtakor"ga qarshi qiziqarli statistika haqida
Superligada 4-tur 4 aprel kunidan boshlanadi. Ungacha esa siz bilan bizning e’tiborimiz 2 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan bahsga qaratiladi. 19:30 da boshlanadigan “Paxtakor” – “Mash’al” qarama-qarshiligi 1-turning qoldirilgan o‘yini sifatida o‘tkaziladi. Shu bois ko‘pchilik ushbu uchrashuvni shunchaki o‘tkazib yubormasa kerak.
Doston Rahmonov boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqarib boradigan uchrashuvda tabiiyki, “Paxtakor” favorit. Klubning uy stadioni ta’mirlanayotgani bois raqiblarini “Jar” stadionida qabul qilmoqda.
Bilasiz, “Paxtakor” uchun chempionat kutilmaganda omadsiz boshlandi. “Sherlar” portugaliyalik mutaxassis qo‘l ostida avvaliga Olmaliqda OKMKga (2:0), so‘ng Toshkentda “Dinamo”ga (1:0) imkoniyatni boy berib qo‘ydi. “Sherlar” ilk g‘alabasini “Mash’al” bilan o‘yinda qo‘lga kiritmoqchi. Pro ligadan Superligaga qaytgan muborakliklar hisobida ikkita o‘yindan so‘ng bitta g‘alaba bor. Avvaliga Samarqandda “Dinamo”ga yagona gol evaziga yutqazib qo‘ygan. O‘tgan turda Jizzaxda “So‘g‘diyona”ni 1:0 hisobida engishning uddasidan chiqdi va bu “Mash’al”ga jiddiy qarash kerakligini ko‘rsatmoqda.
“Paxtakor” va “Mash’al” so‘nggi bor 4 yil muqaddam – 2021 yilgi mavsumda to‘qnash kelishgan. O‘shanda “Paxtakor” Toshkentda 3:0, Muborakda 0:1 natijasida bilan ustun kelgan. Jamoalarning O‘zbekiston chempionatidagi ilk uchrashuvi 1995 yilning 6 may sanasiga to‘g‘ri keladi. O‘shanda “paxtakor”chilar uyida 3:0 hisobida g‘olib chiqqan.
Umumiy hisobda mazkur klublar shu paytgacha milliy chempionatimizda 38 bor kuch sinashishgan. Albatta, katta ustunlik “Sherlar” tomonida. Ular 27 marta “Yo‘lbarslar”ni engishga muvaffaq bo‘lgan. “Mash’al”ni hisobida faqat 5 ta g‘alaba bor. Yana 6 uchrashuvda kuchlar teng kelgan. To‘plar nisbati 76x25 “Paxtakor”ning foydasiga.
Bilasizmi, “Mash’al” klubi “Paxtakor” maydonida faqat bir marta g‘alaba qozongan. 2005 yilning 29 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan bahsda muborakliklar Toshkentdan 1:2 hisobidagi g‘alaba bilan qaytishgan. Yana bir qiziq jihati shundaki, “Paxtakor” 2012 yilgacha Toshkentda “Mash’al” darvozasiga faqat 3 tadan gol urib kelgan. “Paxtakor” “Mash’al”ga qarshi o‘zi mezbonlik qilayotgan o‘yinlarda uchta gol urib kelayotganidan kelib chiqsak bugun ham shu ishini takrorlaydimi yoki “Mash’al” o‘yin stsenariysini o‘zgartira oladimi?
Bu jamoalar 2 aprel sanasida bellashishadi. Shu kungacha klublar faqat bir marta ushbu kunda o‘yin o‘tkazishgan. 2007 yilgi mavsumning birinchi davrasida “Mash’al” va “Paxtakor” Muborakda uchrashishgan hamda 1:1 hisobida yakun topgan. “Mash’al” oxirgi marta “Paxtakor”ni 2017 yilda mag‘lubiyatga uchratgan. O‘shanda o‘z uyida 3:0 hisobida “Sherlar” taslim etilgan.
Klublaning o‘zaro 39-o‘yini bugun soat 19:30 da boshlanadi. Ko‘ramiz, “Sherlar” va “Yo‘lbarslar” olishuvida kim g‘olib chiqarkin?
Fikrlar