
“Manchester Siti”: Hozir Husanovga tegib bo‘lmaydi!
Angliya Premer-ligasi 29-turining eng qiziqarli uchrashuvlaridan birida Evropa Chempionlar ligasi yo‘llanmasi uchun kurashayotgan ikki jamoa – “Manchester Siti” va “Brayton” o‘zaro to‘qnash keladi.
Xalqaro maydonda chiqish imkoniyatini saqlab qolish uchun har ikki jamoa futbolchilari faqat g‘alaba ilinjida to‘p tepishga majbur.
“Manchester Siti” faoliyatini yoritib kelayotgan nufuzli manba – cityxtra.co.uk portali ekspertlaridan Jud Nobl bo‘lajak bahsda Xosep Gvardiola qaysi o‘yinchilarni maydonga tushirishini tahlil qilib, o‘z talqiniga ko‘ra taxminiy tarkib tuzib chiqdi.
Sports.uz portali ushbu tarkibni o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola qiladi.
Ederson
O‘tgan turda juda qo‘pol xato qilganiga qaramay, braziliyalik posbon yana darvozadan o‘rin egallaydi. Ederson odatda, har bir uchrashuvda muhim seyvlarni amalga oshiradi. Oyoqda yaxshi o‘ynash qobiliyati uning asosiy tarkibdan joy olishining kafolati hisoblanadi.
Matteus Nunesh
Qanot himoyachisi keyingi paytlarda mudofaadagi harakatlarini hujum chizig‘iga ham ko‘chirishni odat qilib bormoqda. “Manchester Siti” orqa chizig‘i vakillari orasida jarohatlanganlar ko‘pligi inobatga olib, Portugaliya terma jamoasi himoyachisi o‘z o‘rnida qoladi.
Ruben Diash va Abduqodir Husanov
Bu ikki o‘yinchi himoya markaziga ideal darajada mos. Ayniqsa, jamoaga yanvarda qo‘shilgan o‘zbek hujumchisi borgan sari kuchayib, o‘z o‘yinini yaxshilab bormoqda. Hozir Abduqodir Husanovga tegib bo‘lmaydi. Bu markaziy himoyachilar ayni paytda alishtirib bo‘lmas tandem hosil qilgan va juda ishonchli o‘ynamoqda.
Yoshko Gvardiol
Gvardiol himoya chizig‘idagi to‘rtlikni yakunlab beradi. Xorvatiyalik futbolchi joriy mavsumda jamoadagi eng barqaror o‘yinchilardan biri. U chap qanot himoyasini mustahkam ushlab turish barobarida muntazam ravishda raqib darvozasi tomon hujum uyushtiradi.
Niko va Mateo Kovachich
Bu ikki yarim himoyachi zimmasiga tayanch hududda raqib hujumlarini barbod qilish, to‘p nazoratini o‘rnatish, maydon markazida jamoa ustunligini ta’minlash vazifasi yuklatiladi. Buni uddalash uchun har ikki legioner pressingga usta raqib jamoa bilan to‘qnashuvda bor kuchini sarflashi talab etiladi.
Savino, Umar Marmush va Fil Foden
Bu uch futbolchi jamoa hujumlarini tashkil qilishga mas’ul. Savinoning ayyorona va tezkor o‘yin uslubi o‘ng qanotdan raqibga doimiy xavf tug‘dirib turadi.
Umar Marmush xuddi shu vazifani chap qanotda bajaradi. Ayniqsa, misrlik futbolchining jarima maydonchasiga yorib kirishi raqibga etarlicha muammo uyg‘otishi kutilyapti.
10-raqam pozitsiyasini har doimgidek Fil Foden egallaydi. Uning asosiy vazifasi texnik qobiliyatiga tayangan holda jamoa hujumlariga etakchilik qilish, oldingi chiziqda to‘p nazoratini o‘rnatish va raqib darvozasiga xavf solishdan iborat.
Erling Xoland
Pep Gvardiola jamoasining asosiy kuchi bu Xoland. Norvegiyalik to‘purar Angliya yuqori divizionidagi 100-golini aynan “Brayton” darvozasiga urishni rejalashtirgan.
Boshlang‘ich tarkib:
Ederson; Nunesh, Diash, Husanov, Gvardiol; Niko, Kovachich, Foden; Savino, Xoland, Marmush.
Zaxiradagilar:
Ortega Moreno, Lyuis, Reys, Gyundog‘an, De Bryuyne, Bernardu Silva, MakEti, Grilish, Doku.
“Manchester Siti” va “Brayton” uchrashuvi 15 mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 20:00 da start oladi. Taxminiy tarkib qay darajada to‘g‘ri chiqishini uchrashuv boshlanish arafasida bilib olamiz...
Husanovga yaxshi yangiliklar...
“Roma” qutqara olmagan Shomurodovning o‘yini qanday baholandi?
Eldorning rafiqasi kim? Evropada Shomurodovning oilasiga qiziqa boshlashdi!
Fayzullaev: Ortga qaytyapman!
Fikrlar