
Maksim Shatskix: "Munosib g‘alabaga erishdik"
“Qizilqum” – “Paxtakor” (2:3) o‘rtasidagi o‘yindan keyin dastlab mehmonlar ustozi Maksim Shatskix taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.
- Birinchi navbatda og‘ir o‘yinni muvaffaqiyatli yakunlab olganimizdan xursandman. Bir qancha muhim g‘alabalarga erishdik. Ikkita tushunarsiz penaltilarga qaramasdan g‘alabaga erishdik. Aslini olganda, natija birinchi o‘rinda turadi. Bugun uch ochkoni qo‘lga kiritdik. Endi FIFA reglamentiga ko‘ra kichik tanaffusga chiqamiz. O‘zingiz bilasiz, terma jamoamiz o‘yinlari bor. Shu sababli biroz xordiq chiqaramiz va yana jangga kirishamiz.
- Odil Hamrobekovni endi himoyada ko‘ramizmi?
- Yo‘q, nega endi? U nafaqat himoyada balki, boshqa pozitsiyalarda ham o‘ynaydi. Bugun undan markaziy himoyachi rolida foydalanishga qaror qildik. Buni yaxshi uddalayapti. Uning ampluasi tayanch yarim himoyachisi.
- Qizil kartochka haqida nima deysiz?
- Bosh hakam o‘yinni davom ettirishni ko‘rsatdi. Burchak to‘pi amalga oshirilayotgandi. Lekin kutilmaganda yon hakamimiz hech narsani ko‘zdan qochirmaydigan bo‘lib chiqdi. Birinchi bo‘limda 5 metr nariroqda to‘pni kimdan chiqib ketganini ko‘rmayapti, bu vaziyatda esa olisdan hammasini ko‘ribdi. Nima ham derdik, hammasi ularning vijdoniga havola. Bumerang degan so‘z bor, hamma narsa qaytadi. “Paxtakor”ni shu yo‘l bilan to‘xtatib qolishga harakat qilishdi.
- Jamoangizdagi legionerlarni maydonga tushishi uchun yana qancha vaqt kerak bo‘ladi? Biz faqat Banashakni ko‘ryapmiz, xolos...
- Bir narsani tushunishinglarni xohlardim, agar legioner jamoaga qo‘shib olinsa, bu uning doimiy tarzda o‘ynaydi degani emas. Sog‘lom raqobat! Uchrashuvga kim yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan bo‘lsa, o‘sha o‘yinchi o‘ynaydi. Bu mahalliy futbolchi bo‘ladimi yoki legionermi, farqi yo‘q. Tarkibimizdagi 5 nafar legioner – bu ular maydonga tushishi shart degani emas. Jamoada sog‘lom raqobat bor. Mashg‘ulotlarda yuklamalarni kuchaytirib boryapmiz va bugungi kunda kim 100 foiz tayyor bo‘lsa, o‘sha futbolchi o‘ynaydi.
- Cheranni nega almashtirdingiz?
- U bir-ikki kun oldin belidan jarohat olgandi. Bu narsa birinchi bo‘limda ham sezildi. O‘zini yomon his qilgani uchun tanaffusda o‘yinni davom ettira olmasligini aytdi.
- “Qizilqum”dan qanaqa o‘yin kutgandingiz?
- Nimani kutgan bo‘lsak, shunga guvoh bo‘ldik. Raqib jamoa etarlicha kuchli himoya bilan o‘ynaydi. 5-4-1 taktikasi asosida to‘p surishdi. Ularning shunday taktikadan foydalanishini oldindan bilardik. Shunga yarasha qanday qilib ularni himoyasini yorib o‘tishni ham bilardik. Biz munosib g‘alabaga erishdik. Chunki ko‘plab xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirdik.
Fikrlar