
Maksim Shatskix: Biz "Nasaf"dan ko‘ra yaxshiroq o‘ynadik va ko‘proq vaziyatlar yaratdik
"Nasaf" bilan bahsdan so‘ng “Paxtakor” bosh murabbiyi Maksim Shatskix matbuot anjumanida ishtirok etdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
- Menga bugungi o‘yin yoqdi. "Nasaf"ga qarshi bellashuvlar har doim qiziqarli kechadi. Ko‘p vaziyatlar yaratdik, ammo raqib ham kuchli jamoa edi. Bugun sifatli o‘yin namoyish etdik. Menimcha, bugun raqibdan yaxshiroq o‘ynadik va ustunroq edik. G‘alaba qozonishimiz kerak edi, ammo g‘alabalarimiz hali oldinda.
"Nasaf" bugun beshta o‘zgarishga qo‘l urdi. Biz esa bor-yo‘g‘i bitta o‘zgarish qildik. Rotatsiya qilish uchun ko‘proq futbolchilarimiz bo‘lganida yaxshi bo‘lar edi, ammo hozirgi kunda bor imkoniyatimiz shu. Alijonov, Azmiddinov va Hamralievning yo‘qligi biz uchun katta yo‘qotish. Hozirgi kunda himoyada o‘ynayotgan yosh futbolchilarimizga e’tirozim yo‘q. Ular yaxshi o‘yin namoyish etmoqda.
Yoshlar chempionat o‘yinlari orqali tajriba to‘plashda davom etishadi. Azmiddinov va Hamraliev qaytganidan so‘ng asosiy tarkibdan joy olish uchun raqobat boshlanadi. Hech qaysi futbolchining asosiy tarkibdan joy olishi kafolatlanmagan, - dedi murabbiy.
Fikrlar