
Madriddagi so‘nggi raqs yoxud Ronalduning qaytishi hammaga foyda
SPORTS.uz Ronalduning Turinni tark etishi borasida fikr yuritadi.
Ikki tomon ham foyda ko‘radi
Ronaldu EChLda hech narsaga qodir bo‘lmagan jamoada uzoq qolmasligi aniq. Shu bois, «Yuve»ning «Portu»dan o‘ta olmagani Krishning ketishi haqidagi mish-mishlarga sabab bo‘ldi.
Bu voqea ikki tomonga ham foyda bo‘lishi mumkin. Sababi, Turin klubi portugaliyalikni aynan EChLda g‘alaba qozonish maqsadida jamoaga taklif etgan edi. Achinarlisi shundaki, Ronaldu bilan birgalikda «Yuve» bir-biridan kuchsiz jamoalarga mag‘lub bo‘lib pley-offni tark etdi. «Ayaks», «Lion», «Portu» bir qarashda Italiya chempioni uchun muammo tug‘dirmasligi kerak edi.
Tan olish lozim, bu jamoalar bilan o‘yinlarda hech kim Ronalduni ayblay olmaydi. Har safar klub murabbiy yoki boshqa faktorlar sababli turnirni erta tark etdi. «Krish» EChLda gol kiritish borasida mutlaq etakchi bo‘lishiga qaramay, jamoaviy o‘yinsiz u ham hech narsaga qodir emas. Shu uch yil ichida klubda 3 murabbiy faoliyat olib bordi. Allegri, Sarri va Pirlo. Andrea omadsizlikka uchragan bo‘lsa-da, o‘zi boshlagan ish hademay katta naf keltirishi haqida tinmay so‘zlamoqda.
«Ko‘hna Sinora» uchun ham Ronalduning ketishi to‘g‘ri qaror bo‘lib ko‘rinayotgani aniq. Sababi, u «Yuve»ni kuchli qilishni uddalay olmadi. Uning maydonda bo‘lishi taktik murabbiylarga noqulaylik tug‘dirgani etmaganidek, maoshi ham juda katta. KR7 ga ham bunday atmosferada faoliyat olib borish manzur kelmagani aniq. Sababi, «Yuve»ning har bir omadsizligidan so‘ng, barcha uni aybdor qilib ko‘rsatmoqda.
«Yuventus» 85 milliondan qutilmoqchi
Qahramonimizning shartnomasi 2022 yilga qadar tuzilgan. 36 yoshli futbolchi uchun hozir hech kim 100 million taklif etmasligi aniq. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, «Yuventus» 29 million evro evaziga Ronalduni qo‘yib yuborishga tayyor. Bu kamtarin summa biroq, Krishning yillik maoshini unutmaslik lozim. Portugaliyalikka Turin klubi soliqlar bilan birga yiliga 55 million evro to‘laydi. Bunday og‘ir pallada Ronalduning maoshi ham «zebralar»ga malol kelishi mumkin. Krishning ketishi byudjet uchun 55 million evroga teng engillik beribgina qolmay, qo‘shimcha 29 million daromad ham olib keladi. Agar Ronaldu bu mavsum so‘nggida sotib yuborilmasa, katta ehtimol bilan kelasi yil uni erkin agent sifatida qo‘yib yuborishga to‘g‘ri keladi. Bu har jabhada «Yuventus» uchun moliyaviy yo‘qotish.
Mayamiga ketishga erta, Madrid kutmoqda!
2018 yilda Florentina Peres Ronalduni «Yuve»ga sotdi va Garet Beylni asosiy yulduzga aylantirdi. Bu qaror o‘zini oqlamagach, klub prezidenti Ronalduni olib qolmagani uchun xafa bo‘lgan Zidanni ortga qaytardi. Bir yildan so‘ng, «Krish» bilan ham aloqalarni tikladi. Hujumchi hatto «el-klasiko»ga tashrif buyurdi va kiyinish xonasiga ham kirdi.
Ispaniyaning AS nashri jurnalisti – Xosep Pedrerol bergan ma’lumotlarga qaraganda, Jorje Mendesh va Florentina Peres norasmiy tarzda uchrashgan. Ronalduning o‘zi esa, yana Madrid klubi libosida to‘p surish orzusida.
Bunga ishonish mumkin. Sababi aynan «Santyago Bernabeu»da «Krish»ning yulduzli onlari o‘tgan. O‘zining 4 «Oltin to‘p»ini ham shu arenada qo‘lga kiritgan. EChLdagi g‘alabalar ham «Real» libosida qo‘lga kiritilgan. Boz ustiga, hozir unga taklif bilan chiqadigan Evropa klublari deyarli yo‘q. Krish MLSda 40 yoshdan keyin faoliyat olib borishi mumkin. Bu oradagi 4 yilni kuchli beshlikda o‘tkazishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Ko‘plab muxlislar uchun Ronalduning ortga qaytishi fantastikadek ko‘rinishi mumkin, biroq bundan «Real» ham manfaatdor. 3 yil davomida muxlislar KriRoni sog‘inib qolgan. Kelasi mavsumdan muxlislar arenalarga qaytadi. «Real» Ronaldu bilan qaytsa, chiptalar va futbolkalar savdosi bir zumda o‘z o‘rniga qaytadi. Boz ustiga, tarkibdagi yosh yigitlarga etakchi kerak. Krishning qaytishi yangi sovrinlar uchun qo‘yilgan tamal toshi bo‘lib xizmat qilishi aniq.
Bundan tashqari, Ronalduning qaytishi «Real»ning xalqaro imijiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Portugaliyalikning tarkibda bo‘lishi Kilian Mbappe yoki Erling Xolandga bemalol og‘iz solish imkoniyatini yaratadi. Shuningdek, ketishga qaror qilgan Serxio Ramos ham Krish uchun yana ikki yil Madridda qolishi turgan gap. Sababi, «Real» tug‘ma chempionni ortga qaytarmoqda.
Umuman olganda, Ronalduning Madridga yo‘l olishidan 3 tomon ham naf ko‘radi. «Yuve» ortiqcha xarajatdan qutiladi, Ronaldu EChL uchun kurash olib boradi, «Qirollik klubi» yana avvalgi mavqeyini tiklaydi.
Bu transferdan hamma naf ko‘radi, ammo u amalga oshadimi?
Voqealar rivojini SPORTS.uzda kuzatib boring.
Fikrlar