
"Lokomotiv" "Surxon"ni nimaning evaziga taslim etdi? - Andrey Fyodorovdan javob
“Lokomotiv” bosh murabbiyi Andrey Fyodorov “Surxon” ustidan qozonilgan g‘alabadan keyin o‘z fikrlarini bildirdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.
- Restartdagi ilk g‘alabadan keyin ruhiy tayyorgarlikka ko‘proq e’tibor berdik. Biz o‘tayotgan barcha o‘yinlarni og‘ir deb hisoblaymiz. Hozirda murabbiylar shtabi bilan nafaqat kelgusi turdagi raqib, balki chempionatning barcha o‘yinlarini kuzatib borishga harakat qilyapmiz.
Hech bir jamoa oson o‘yin o‘tkazmayapti. O‘tgan turda “Qizilqum” mag‘lub etilganidan keyin ayrim muxlislar “Loko” o‘ziga kelib oldi, endi hamma raqibni yanchib tashlasa kerak deb o‘ylashdi. Yo‘q, o‘tgan g‘alabadan keyin kichik davr mobaynida futbolchilarga “Surxon”ga qarshi bahs yana-da og‘ir bo‘lishini tushuntira olganimiz va bunga erishganimizdan xursandman.
Futbolchilar ham bizning barcha gapimizni, yo‘riqlarimizni to‘g‘ri tushunishmoqda. Hech qaysi jamoa ochkolarni osongina berib qo‘ymayapti, ochkolarni tortib olish kerak. Buning uchun juda kuchli xarakter va kasbga fidoyilik bo‘lishi talab etiladi. Yigitlarga rahmat, bugun biz haqli g‘alabaga erishdik, - dedi murabbiy.
Fikrlar