
"Lokomotiv" bosh murabbiyi: "Menimcha, transferlar shu bilan etarli bo‘lsa kerak"
Pro ligada ham kurash qizg‘in kechyapti. Toshkentning “Lokomotiv” klubini birinchi davrani 10 ta o‘yindan so‘ng 8 g‘alaba va 2 durang qayd etib, 26 ochko bilan yakka peshqadam sifatida yakunlaganidan xabaringiz bor.
“Temiryo‘lchilar” ayni paytda yozgi yig‘inni o‘tkazishyapti va bu orqali mavsumning ikkinchi qismiga munosib tayyorlanishga e’tibor qaratishgan. Jamoa bosh murabbiyi Denis Korostichenko “Lokomotiv”ning yozgi tayyorgarligi haqida shunday dedi:
- Tayyorgarligimiz yaxshi ketyapti, hammasi reja bo‘yicha. Faqat bitta muammo bor, taqvim bo‘yicha. 11 iyun kuni oxirgi o‘yinimizni o‘tkazdik. Ikkinchi davra 19 avgustda boshlanadi. Bizda Kubok o‘yinlari bor, 2 avgust kuni. Superligada ikkinchi davra 27 iyuldan boshlanadi va keyin Kubok uchrashuvlari davom ettiriladi. Pro liga o‘yinlarini ham masalan 25 yoki 26 iyulda boshlasa bo‘lardi. Misol uchun, OKMK chempionatda bitta o‘yin o‘ynaydi va keyin Kubokka tayyorlanadi. Biz esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri Kubok o‘yinida maydonga tushamiz. Yana qaytaraman: jamoamizning ikkinchi davraga tayyorgarligi reja bo‘yicha yaxshi ketyapti. “Metallurg” bilan nazorat o‘yinini o‘ynadik. Yana bir o‘rtoqlik uchrashuvini “Turon” bilan o‘tkazishimiz kerak edi. Ammo ular Rossiyaning Qozon shahriga borib kelishdi. Shu sababli bizga qarshi uchrashuvni bekor qilishdi. Lekin bizda yana ikkita o‘yin bor.
Shu bilan birga tarkibda u qadar katta o‘zgarishlarga qo‘l urilgani yo‘q. Tarkibning asosi saqlab qolingan va ularning oldiga ikki nafar Superligada o‘ynagan o‘yinchilar qo‘shilishdi. O‘z o‘rnida “Lokomotiv” bosh murabbiyi shu xususida ham to‘xtalib o‘tdi.
- Yangi futbolchilardan ikkita keldi. Murod Toshmatov bilan Abubakr Turdialiev qo‘shilishdi. Ikkita yosh o‘yinchini ijaraga berdik. Bular – Abdualimov bilan Yo‘ldoshev. Ular yil oxirigacha boshqa klubda to‘p surishadi. Jamoamizga qabul qilingan Toshmatov ham, Turdialiev ham albatta bizga yordam berishadi. Masalan, “Nasaf”dan kelgan Abubakr 2-3 ta pozitsiyada o‘ynay oladi. Toshmatov jarohatidan qutuldi. U tajribali futbolchi. Qanday o‘ynashni biladi, u bizga kerakli o‘yinchi va jamoamizga albatta yordam beradi.
Ikkinchi davrada tezroq kerakli ochkolarni yig‘ib olishimiz kerak, bu bizning vazifamiz va buni bajaramiz. O‘ylaymanki, bu yo‘lda ikkala o‘yinchi ham “Lokomotiv”ga yordam bera oladi. Menimcha, transferlar shu bilan etarli bo‘lsa kerak va bu masaladagi ishni to‘xtatdik. Mabodo, 1 avgustgacha yana qandaydir nomzod paydo bo‘lib qolsa, harakat qilamiz. Lekin hozirgacha shu ikkita yangi o‘yinchi etadi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar