
“Liverpul”ning bitimi “Barsa”ni emirib tashladi
“Barsa”ga deyarli foydasi tegmagan Filippe Koutinoning shartnomasidagi shartlar kataloniyaliklarga o‘tgan mavsumda Jorjino Veynaldum va Muhammad Salohni transfer qilish imkonini bermagani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur shartnomada “Barselona” 2021 yilning yoziga qadar “Liverpul” boshqa futbolchilarini transfer qila olmasligi belgilangan ekan. Agar kataloniyaliklar bu qoidani buzganida futbolchining transfer summasiga qo‘shimcha ravishda yana 93 million evro to‘lashi kerak bo‘lar edi.
Shu bois, “Barsa” Veynaldum va Salohni Kataloniyaga olib kela olmagan. Bundan tashqari Koutinoning transferi ham juda qimmatga tushgan. 2018 yilda “Barsa” xo‘jayinlari futbolchi uchun 120 million evro to‘lagan. Bonuslar bilan bu narx yanada ko‘tarilishi mumkin. Hozirgacha, kataloniyaliklar bonus sifatida 40 million evro to‘lagan. Agar braziliyalik yulduz yana to‘qqizta uchrashuvda maydonga tushsa, “Barsa”dagi o‘yinlari soni 100 taga etadi va “Liverpul” yana 20 million evro bonus oladi.
“Barselona” rahbariyati ortiqcha pul to‘lamaslik uchun Koutinoni yozda sotib yubormoqchi. Biroq, maoshi katta futbolchiga birorta jamoadan taklif bo‘layotgani yo‘q.
Fikrlar