
“Liverpul” va “Arsenal” klublari Messiga kubok sovg‘a qilgan futbolchini talashmoqda
Angliya Premer-ligasining “Liverpul” va “Arsenal” klublari PSJ hujumchisi Kolo-Muaniga juda katta qiziqish bildirmoqda.
Mersesaydliklar bir necha oydan buyon Muhammad Saloh va Darvin Nunesga o‘rinbosar qidirayotgan edi. Bunga misrlik futbolchining shartnomasi bilan bog‘liq muammo bo‘lsa, urugvaylik hujumchining hozirgi kundagi formasi asosiy sabab sifatida keltirilmoqda. Arteta boshchiligidagi “to‘pchilar” esa jarohat olgan Saka o‘ringa qishda futbolchi sotib olmoqchi.
“Bild” nashrining xabariga ko‘ra, frantsiyalik futbolchi ham parijliklar safidagi o‘yin amaliyotidan norozi. Bundan tashqari, bosh murabbiy Luis Enrike bilan ham kelishmovchilik bor. Shu bois, Kolo qishki transferlar oynasida yangi takliflarni ko‘rib chiqmoqchi. Manbaga ko‘ra, forvard ham agarda rasmiy taklif bo‘lsa, Angliyaga ko‘chib o‘tishni rejalashtirmoqda.
Randal 2023 yil “Ayntraxt” jamoasidan 80 million evro evaziga Frantsiya klubiga ko‘chib o‘tgan edi. Uning PSJ bilan shartnomasi 2028 yilgacha mo‘ljallangan bo‘lib, Transfermarkt portalidagi narxi 30 million evro deb baholanmoqda.
Ma’lumot o‘rnida, 26 yoshli hujumchi bu mavsum 14 ta to‘qnashuvda ishtirok etib, 2 ta gol va 1 ta golli uzatmaga mualliflik qilgan.
Fikrlar