
"Liverpul" tarixidagi eng omadsiz transferlar.Top-10
Bu safar "Liverpul" klubi tomonidan transferlar uchun katta mablag‘lar sarflangan va yakunda o‘zini oqlamagan futbolchilar borasida so‘z yuritamiz. Quyida qator taniqli charm to‘p ustalari "Liverpul"da o‘ynab keta olmaganligi bilib olasiz.
10. Kris Krikland - 8,2 million evro
2001 yilda "Liverpul" Kriklandni 8,2 million evroga sotib oldi. O‘sha vaqtda bu darvozabon 20 yoshni qarshi olgandi. Afsuski, u klubga moslashib keta olmadi. Eji Dudek bilan bo‘lgan raqobatda u polshalik hamkasbiga imkoniyatni boy berdi. Natijada, "qizillar" Kirklandni "Uigan" klubiga bepul berib yuboradi.
9. El-Xadji Diuf - 15 million evro
Senegal futboli kelajagi sifatida qaralgan El-Xadji Diufning "Liverpul"ga o‘tishi omadsiz bo‘ldi. 2002 yilda "mersisaydliklar" Diuf transferiga 15 million evro sarfladi. U esa uch yillik faoliyati davomida 3 bor gol urishga erishdi. Natijada, "qizillar" Diufni "Bolton"ga arzon narxda sotib yubordi. Qizig‘i shundaki, senegalik hujumchi "Liverpul"dan keyin hech bir jamoada ham yuqori sport formada to‘p surgani yo‘q. Hattoki, 2015 yilda Malayziyaning "Sabax" klubida ham to‘p surdi.
8. Jermeyn Pennant - 9,1 million evro
Pennant ham "Liverpul"ning eng omadsiz transferlaridan biri bo‘lgan. 2006 yilda "qizillar" Jermeyn transferi uchun 9 million evrodan ko‘proq mablag‘ sarfladi. Uch yillik faoliyati davomida esa Pennant Rafa Benites qo‘l ostida 55ta uchrashuvda ishtirok etdi.
7. Robbi Kin - 24 million evro
Irlandiyalik mashhur hujumchi "Tottenxem"da eng yaxshi damlarini o‘tkazgan. 2008 yilda esa "Liverpul" Kin transferiga 24 million evro sarflab yubordi. Afsuski, yangi jamoada Kin moslashib keta olmadi va 19ta o‘yinda 5 bor gol bilan "qizillar" bilan xayrlashdi. Hozirda esa Robbi Kin murabbiylik faoliyatini boshladi Hindistonda bir muddat ishladi.
6. Alberto Akvilani - 20 million evro
Akvilani 2009 yilda "Liverpul"ga ko‘chib o‘tadi. "Mersisaydliklar" Alberto transferiga 20 million evro sarfladi. Unga qadar futbolchi "Roma"da ajoyib mavsumlarni o‘tkazdi. Biroq Akvilani APLga moslashib keta olmadi. 2009-2012 yillarda Alberto Akvilani "Liverpul"da to‘p surdi. Bu vaqt davomida italiyalik charm to‘p ustasi 18ta uchrashuvda maydonga tushdi.
5. Endi Kerroll - 35 million evro
"Nyukasl"da sermahsulik o‘yinlari tufayli "Liverpul"ga ko‘chib o‘tgan Endi Kerroll haligacha o‘z formasida o‘yin namoyish qila olmayapti. Kerroll "mersisaydiklar"da etarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘lgani yo‘q. Bir so‘z bilan aytganda, o‘sha vaqtda Luis Suaresning soyasida qolib ketdi. Jarohatlar bilan uzoq vaqt kurash olib bordi. Natijada, "Liverpul" rahbariyati Kerrollni qo‘yib yuborishdi.
4. Styuart Dauning - 22,8 million evro
"Aston Villa"da yorqin o‘yinlari orqali "Liverpul"ga yo‘l olgan Dauning yangi jamoasida o‘z darajasida to‘p sura olmadi. "Liverpul" Styuart transferiga 22,8 million evro sarfladi. Afsuski, Styuart Dauning "mersisaydliklar" safida asosan zahirada qolib ketdi. Natijada, "qizillar" rahbariyati 2013 yilda uni 5,5 million evro evaziga "Vest Xem"ga sotib yubordi.
3. Fabio Borini - 13,3 million evro
"Chelsi" va "Suonsi"dagi faoliyatidan so‘ng, "Liverpul" Fabio Borinini 2012 yilda xarid qildi. O‘shanda klub Borini transferi uchun 13 million evrodan ko‘p mablag‘ sarfladi. Uch yillik faoliyati davomida esa Borini "qizillar" libosida atiga 2 bor gol urdi. Qolgan ko‘p vaqtini jarohatlarni davolash va zahirada o‘z iimkoniyatini kutib o‘tkazgan edi.
2. Yago Aspas - 9 million evro
Aspasning APLdagi ishlari yurishmagan. U 2013 yilda "Liverpul"ga ko‘chib o‘tdi. O‘shanda "qizillar" Yago transferiga 9 million evro sarfladi. Biroq uning faoliyati o‘z kutganchalik chiqmadi va Yago Aspas zahirada qolib ketdi. Keyinchalik "Liverpul" uni "Sevilya"ga ijaraga berdi. Hozirda ispaniyalik hujumchi qadrdon jamoasi "Selta"da avvalgidek ko‘plab gollarni kiritishda davom etmoqda.
1. Mario Balotelli - 20 million evro
"Liverpul" sotib olgan italiyalik futbolchilar "qizillar"ga moslashib keta olmagan. Aslini olganda, Balotellining ishlari "Manchester Siti"da to‘p surgan vaqtidayoq avvalgidek yurishmayotgandi. "Super Mario" murabbiylar bilan tortishuv, o‘zboshimcha qiliqlari tufayli, "shaharliklar"da ham uzoq vaqt qolmadi. "Milan"ga qaytganidan so‘ng Mario yana avvalgidek sermahsullik namoyish qila boshladi va "Liverpul"ning qiziqishiga sabab bo‘ldi. Natijada, klub uning transferiga 20 million evro sarflab yubordi. Afsuski, u "qizillar" libosida bor-yo‘g‘i 1ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.
Fikrlar