
“Liverpul” afsonasi Husanov transferiga qanday baho berdi?
Ketma-ket to‘rt yil davomida Angliya Premer-ligasida chempionlikni hech kimga bermay kelgan “Manchester Siti” tarkibda katta o‘zgarishlarni amalga oshirishni boshlab yubordi.
Joriy mavsum jamoa o‘yini va natijalarida pasayish hamda inqiroz kuzatildi. “Shaharliklar” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola hozirgi tarkib bilan chempionlik unvonini himoya qila olmasligini tan oldi.
“Manchester Siti”ning nafaqat Angliya Premer-ligasida, balki Evropa Chempionlar ligasidagi o‘yinlari ham qovushayotgani yo‘q.
So‘nggi yillarda asosiy transferlarini yozda amalga oshirib kelgan “Manchester Siti” bu odatiga teskari tarzda yanvar oyida bir necha yangi ijrochilarni olishga qaror qildi. Hozircha, rejadagi transferlardan uchtasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
“Lans”dan Abduqodir Husanov, “Palmeyras”dan Vitor Reys va “Ayntraxt”dan Umar Marmush olib kelindi va ular yangi jamoasida mashg‘ulotlarni boshlab yubordi.
Butun professional faoliyatini “Liverpul”da o‘tkazib, klub afsonasiga aylangan sobiq himoyachi Jeymi Karrager “shaharliklar” safiga qo‘shilgan futbolchilar transferiga baho berib, ularning zimmasida qanday katta mas’uliyat turganini aytdi.
- Endi “Lans”dan kelgan Abduqodir Husanov va “Ayntraxt”dan olingan Umar Marmushning Xosep Gvardiola jamoasi o‘yiniga qandaylar ta’sir o‘tkaza olishiga ko‘p narsa bog‘liq bo‘ladi.
Ilgari klublarni mavsumni qutqarib qolish uchun yanvar oyida shoshilinch transferlarni amalga oshirishda ayblashar edi.
Angliya chempioni bo‘lgan “Manchester Siti” yangi bosqichga ko‘tarilyapti. Ularga aynan favqulodda transferlar kerak. Bunday yuqori darajadagi klubning mavsum o‘rtasida transfer bozoriga faol kirib borishi biroz g‘alati tuyuladi. Biroq ularning boshqa imkoni yo‘q edi.
“Etixad”da yuzaga kelgan inqirozli vaziyat oxirgi yillarda amalga oshirilgan transferlarning hammasi ham muvaffaqiyatli chiqmagani ortidan yuzaga kelganini tan olish lozim.
Garchi ular o‘tgan yili ketma-ket to‘rtinchi chempionligini nishonlagan bo‘lsa-da, uzoq yillar xizmat qilgan afsonaviy futbolchilarga munosib o‘rinbosarlar topa olmagan edi. Shu bois, yangi transferlar bo‘yicha tezkor qarorlar qabul qilishga to‘g‘ri keldi, - dedi Jeymi Karrager The Telegraph nashriga bergan intervyusida.
“Manchester Siti” yanvar oyida Abduqodir Husanov uchun bonuslarni qo‘shib hisoblaganda 50 million evro, Umar Marmushga 75 million evro va 18 yoshli Vitor Reysga 35 million evro miqdorida pul sarflab, yangi o‘yinchilarning barchasi bilan uzoq muddatli hamkorlik shartnomalarini imzoladi.
Klub mutasaddilari transfer bozoridan chiqqani yo‘q. “Shaharliklar” ayrim pozitsiyalarni kuchaytirish maqsadida nishondagi futbolchilar va ularning klublari bilan muzokaralarni davom ettirmoqda.
“Manchester Siti” mavsum yakunlanganidan keyin yozgi transferlar vaqtida ham transfer bozorida faolligini yanada oshirishni reja qilgan. Xosep Gvardiola vaziyatdan foydalanib, asosan yosh o‘yinchilardan tarkib topgan yangi jamoa shakllantirishga bel bog‘lagan.
Fikrlar