
Lemparddan Ranerigacha! Abramovichning «qo‘lqoplarini» yodga olamiz
Yaqindagina Frenk Lempardning ishdan olingani haqida xabar paydo bo‘ldi. To‘g‘risi, mutaxassislar bu qarorni turlicha talqin qildi. Kimdir o‘z vaqtida qilingani yaxshi bo‘lgani haqida yozsa, yana kimlardir vaqt berish lozimligini aytdi. Umuman olganda, bugungi mavzumiz boshqa. Xo‘sh, Roman Abramovich davrida klub nechta murabbiyga chiqish eshiklarini ko‘rsatib yubordi? Ularning natijalari qanday edi? Aynan shu savollarga bugun atroflicha javob berishga urinib ko‘ramiz.
Klaudio Raneri (Italiya)
«Chelsi»: 2003-2004, 61% g‘alaba
Aslida, Klaudioni chinakam omadsizlardan biri desak, adashmagan bo‘lamiz. Murabbiy faoliyati davomida 15 ga yaqin jamoada ishladi, biroq faqat «Lester»da omad kulib boqdi. Hozirda, u «Sampdoriya» jamoasi bilan elitada mahkam o‘rnashib olish uchun kurash olib bormoqda. Italiyalik mutaxassis «aristokratlar»ning yangi erasidagi birinchi murabbiy sifatida tarixda qolishi aniq.
Joze Mourino (Portugaliya)
«Chelsi»: 2004-2007, 5 ta sovrin, 67% g‘alaba
«Benazir»ning Londonga ilk tashrifi juda omadli chiqdi. Uning qo‘l ostida klub uzoq kutilgan APL oltin medallariga ikki bor ega chiqdi. Shuningdek, Angliya Liga kubogi va Angliya kubogida zafar quchdi. Joze klub muxlislari 50 yildan beri orzu qilayotgan sovrinni yutib berdi va rahbariyat bilan janjallashib qolgani uchun «Inter»ga ravona bo‘ldi.
Avraam Grant (Isroil)
«Chelsi»: 2007-2008, 67% g‘alaba
Afsuski, Grant klubni birorta sovrin sari etaklab bormadi. Vaholanki, uning qo‘l ostida jamoa APL va EChLda kumush medallarga ega chiqqan edi. Keyinroq, qahramonimiz «Portsmut» va «Vest Xem»da faoliyat olib bordi. Gana terma jamoasini boshqardi, ammo birorta katta yutuqqa erishgani yo‘q. Hozirda, «Nort-Ist Yunayted» bosh murabbiyi bo‘lib faoliyat olib bormoqda.
Luis Felipe Skolari (Braziliya)
«Chelsi»: 2008-2009, 56% g‘alaba
«Bunyodkor» jamoasi sobiq bosh murabbiyi o‘z vaqtida London klubida faoliyat olib borgani yodingizda bo‘lsa kerak. Shaxsan Roman Abramovich tomonidan tayinlangan mutaxassis juda yomon start oldi. Shu bois, uni fevral oyidayoq ishdan olishdi. Keyinchalik, O‘zbekiston va Xitoy klublarida ishladi. Hozirda, 72 yoshli murabbiy «Kruzeyro»ni boshqarib kelmoqda.
Gus Xiddink (Gollandiya)
«Chelsi»: 2009, 1 ta sovrin, 73% g‘alaba
Skolari ketgach, Gus Xiddink klub boshqaruvini vaqtincha egalladi. U Rossiya terma jamoasida va «Chelsi»da bir vaqtning o‘zida murabbiylik qila boshladi. Gollandiyalik mutaxassis 22 ta uchrashuvning atigi bittasida mag‘lub bo‘ldi va jamoani Angliya Liga kubogi chempioniga aylantirdi. Keyin esa, qahramonimiz o‘zi sevgan terma jamoalar boshqaruviga qaytdi. Avvaliga Turkiya, keyin Gollandiyani boshqardi. Hozirda esa, Kyurasao bilan «mo‘’jiza» yaratishni orzu qilmoqda.
Karlo Anchelotti (Italiya)
«Chelsi»: 2009-2011, 2 ta sovrin, 61% g‘alaba
Anchelotti kelgach, «Chelsi» ilk urinishdayoq oltin dublni amalga oshirdi. APL va Angliya kubogi qo‘lga kiritildi. Keyingi mavsumda esa, «Karlo ota» birorta sovrin yutmadi. Shu bois, unga chiqish eshiklari ko‘rsatib yuborildi. E’tiborlisi shundaki, Anchelotti Londonni tark etgach, «Real» bilan EChLda, PSJ bilan «Liga 1»da g‘alaba qozondi. Keyin vataniga qaytdi va «Napoli»da ish boshladi. Hozirda esa, «Everton» bilan APL musobaqa jadvalida «Chelsi»dan oldinda bormoqda.
Andre Villash-Boash (Portugaliya)
«Chelsi»: 2011-2012, 48% g‘alaba
"Yangi Mourino" bo‘lishi taxmin qilingan Villash-Boash Londonda katta muammoga duch keldi. Yosh va ulkan g‘alabalarga o‘ch ekanligi pand berdi. 40 ta o‘yinda «aristokratlar» bor yo‘g‘i 19 bor g‘alaba qozondi, xolos. Klub portugaliyalik yosh murabbiyni bir necha oydan so‘ng, «chetga» surib tashladi. Qahramonimiz «tumanli albion»da qolish maqsadida «Tottenxem»ni qabul qilib oldi. Keyin «Zenit»da ishladi. Bir muncha fursat Xitoyda katta maosh evaziga istiqomat qildi. Hozir esa, «Marsel» bilan hammani «hayron» qoldirmoqda.
Roberto Di Matteo (Italiya)
«Chelsi»: 2012, 2 ta sovrin, 57% g‘alaba
Roberto kerakli pallada kerakli joyda bo‘lib qoldi desak, adashmagan bo‘lamiz. U klub tarixidagi yagona va eng qadrli sovrinni Londonga olib keldi. «Chelsi» EChLda «Barselona»ni bir kishi kam bo‘lib «Kamp Nou»da dog‘da qoldirdi. Finalda esa, «Bavariya»ni o‘z uyida «er tishlatdi». Vaqtinchalik murabbiy etib tayinlangan inson uchun aqlbovar qilmas natija. Afsuski, rasman ish boshlagach, 4 oydan so‘ng boshqaruvdan olindi. 2016 yildan beri Di Matteo ishsiz.
Rafael Benites (Ispaniya)
«Chelsi»: 2012-2013, 1 sovrin, 58% g‘alaba
Ispaniyalik mutaxassis jamoaga tashrif buyurgach, faqat Evropa Ligasida g‘alaba qozonishni uddaladi xolos va jamoani tark etdi. Afsuski, uning Evropadagi faoliyatida keskin pasayish kuzatilgach, Osiyoga yo‘l oldi. Yaqinda, «Dalyan Ifan» bilan shartnomani bekor qildi.
Joze Mourino (Portugaliya)
„Chelsi“ (2): 2013-2015, 2 ta sovrin, 59% g‘alaba
Jozening qaytishi juda g‘alati ko‘rinish oldi. Ikki mavsum davomida u APL va Liga kubogida zafar quchgan jamoani shakllantirdi, biroq 3 mavsumda hammasi barbod bo‘ldi. Eva Karneyro va Eden Azar bilan janjal OAV tomonidan yoritilgach, Roman Abramovich Jozega ikkinchi bor «ruxsat» berib yubordi. Mourino postni topshirgan paytda, jamoa APL jadvalida 15-o‘rinda ketayotgan edi.
Gus Xiddink (Gollandiya)
«Chelsi» (2): 2015-2016, 37% g‘alaba
«O‘t o‘chiruvchi» vazifasini bajarish maqsadida ikkinchi bor etib kelgan Gus aytarli hech qanday «mo‘’jiza» ko‘rsatgani yo‘q. 16-o‘rindagi jamoani turnir yakunida 10-o‘ringa qadar ko‘tara oldi, xolos. Shunday bo‘lsa-da, futbolchilarning mehrini qozonishga muvaffaq bo‘ldi.
Antonio Konte (Italiya)
«Chelsi»: 2016-2018, 2 ta sovrin, 65% g‘alaba
2016 yildagi Evropa chempionatida so‘ng, Konte to‘g‘ri Londonga uchib keldi. Qahramonimiz birinchi urinishdayoq, «Chelsi»ni chempionlik sari etakladi va muxlislar e’tiboriga tushdi. Keyingi mavsumda esa, italiyalik murabbiy qo‘l ostida «Chelsi» Angliya kubogini qo‘lga kiritdi. Afsuski, chempionatda jamoa 5-o‘rindan tepaga ko‘tarila olmadi. Bu esa, Abramovich salbiy natija, deb hisobladi. Kontening keyingi manzili «Inter» jamoasi bo‘ldi. Hozirda, mutaxassi A Seriyada g‘alaba qozonish ishtiyoqida «yonmoqda».
Mauritsio Sarri (Italiya)
«Chelsi»: 2018-2019, 1 ta sovrin, 62% g‘alaba
«Chelsi» muxlislarini Sarri taklif etgan uslubdagi futbol xursand qilmadi, ammo bu natija berdi. «Chelsi» Evropa Ligasida g‘alaba qozondi va chempionatni 4-o‘rinda yakunladi. Doimo oldiga katta maqsadlarni qo‘yuvchi Abramovichga bu kamlik qilishi tabiiy edi. Sarri Italiyaga qaytdi va orzusiga erishdi. Italiya chempionligi qo‘lga kiritilganiga qaramay, Turin klubi uni EChLdagi omadsizlik uchun kechira olmadi va iste’foga chiqardi.
Frenk Lempard (Angliya)
«Chelsi»: 2019-2021, 52% g‘alaba
Frenk jamoani juda qiyin pallada qo‘llab yubordi va yorug‘ kunlarga olib chiqdi. Afsuski, joriy mavsumda unga bazi joylarda omad, bazi joylarda esa tajriba etishmadi. Shu bois, uning ketishi klub muxlislariga og‘ir bordi. Umid qilamizki, Frenk tez orada yana murabbiylikka qaytadi. Uning kelajakdagi faoliyatiga SPORTS.uz omad va zafarlar tilab qoladi.
Ya.U
Fikrlar