
Evropa Chempionlar ligasida o‘zbek futbolchini e’tirof etishdi
Evropa Chempionlar ligasining yangi mavsumida ham o‘zbek futboli tarbiyalanuvchilari ishtirok etmoqda. Qozog‘istonning amaldagi chempioni “Ordabasi”da to‘p tepayotgan ikki legionerimiz – Jasurbek Yaxshiboev hamda Shahboz Umarov “ko‘hna qit’a”ning eng nufuzli turnirida o‘zini ko‘rsatish imkoniga ega bo‘lmoqda.
O‘tgan mavsumda “Lans”dagi legionerimiz Abduqodir Husanov UEFAning ikki yirik musobaqasi – Chempionlar ligasi va Evropa Ligasida ikkitadan bellashuvda qatnashib, bu turnirlardagi debyutini nishonlagan edi.
O‘z tarixida ilk bor chempionlikni qo‘lga kiritgan “Ordabasi” Chempionlar ligasi saralash bosqichidagi birinchi uchrashuvini o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida Moldovaning “Petrokub” jamoasiga qarshi o‘tkazdi.
Ikki debyutantning ilk to‘qnashuvi keskin va murosasiz kurashlar ostida o‘tganiga qaramay, o‘yinda golsiz durang qayd etildi.
Bellashuvda gol kiritish uchun eng qulay vaziyatga legionerimiz Jasurbek Yaxshiboev ega bo‘ldi. Birinchi bo‘limda 27 yoshli hujumchi raqib darvozaboni Silviu Shmalenya bilan birga bir vaziyatga chiqib bordi. Biroq bu vaziyat golkiper jamoasini goldan qutqarib qolishni uddaladi.
Jasurbek Yaxshiboev xalqaro uchrashuvda to‘liq o‘ynadi va bahs yakunlanishi arafasida bosh hakam tomonidan ogohlantirildi. Yana bir legionerimiz – 25 yoshli hujumkor futbolchi Shahboz Umarov bu bellashuvda zaxirada qoldirildi.
Har ikki chempion jamoa uchun ham tarixiy ahamiyat kasb etgan ushbu uchrashuvni tahlil qilgan Moldovaning moldova.sports.md sayti bellashuvning eng yaxshi o‘yinchisi Jasurbek Yaxshiboev bo‘lganini alohida e’tirof etdi.
- “Petrokub” Chempionlar ligasining birinchi saralash bosqichida Chimkentda “Ordabasi” klubi bilan kuch sinashdi. Xincheshtiliklar juda munosib qarshilik ko‘rsatdi va raqibga tashabbusni o‘z tomoniga og‘dirishiga imkon bermadi. Biroq mezbonlar ham o‘yinda bor kuchi bilan harakat qildi.
Qozog‘iston jamoasi tarkibida Jasurbek Yaxshiboev faolligi bilan alohida ajralib turdi. Bu hujumchi yaqin o‘tmishda ijara asosida Tiraspolning “Sherif” jamoasi sharafini himoya qilgan edi, - deb yozdi moldova.sports.md sayti.
Endi “Ordabasi” futbolchilari 17 iyul kuni “Petrokub” maydonidagi javob uchrashuvida ishtirok etadi. Aynan bo‘lajak bahs musobaqaning keyingi bosqichiga qaysi jamoa o‘tishini belgilab beradi.
Eslatib o‘tamiz, bu yildan e’tiboran, etimishinchi marotaba tashkil etilayotgan Chempionlar ligasi yangi formatda o‘tkazilmoqda.
Dastlabki uchta saralash bosqichi va pley-offdan muvaffaqiyatli o‘tgan jamoalar Chempionlar ligasining umumiy bosqichiga yo‘llanma oladi. Aynan mana shu umumiy bosqich avvalgi formatdagi guruh bosqichi o‘rnini egalladi. Bu gal ushbu raund ishtirokchilari soni to‘rttaga ko‘paytirilib, jami 36 ta jamoani tashkil qiladi.
Yangi mavsumda UEFAga a’zo 55 ta mamlakatdan 53 tasidan futbol jamoalari qatnashishi belgilangan. Bu yil ham musobaqada Lixtenshteyn va Rossiya vakillari yo‘q.
Ikki legionerimiz Evropa chempionlar ligasida yurishini boshlayapti
Fayzullaevga Evropadan taklif bo‘ldimi?
Ikki legionerimiz Evropa chempionlar ligasida yurishini boshlayaptiFayzullaevga chetdan qiziqish bor, faqat...
Fikrlar