
Legionerimiz endi Hindiston chempionatida o‘ynaydi. Ammo shartnoma 3 oylik xolos. Nima uchun?
Oxirgi ikki yilni Tojikistonning “Xo‘jand” jamoasida o‘tkazgan hamyurtimiz Samandar Ochilov bu yilgi mavsumni ham yana legioner sifatida boshlaydi.
Himoyachi yaqinda Hindistonning “Kenkre” klubiga yo‘l oldi va shartnoma imzoladi. Natijada u legionerlikdagi faoliyatini chetda davom ettiradi. Ochilov u erga ketgani haqida Sports.uz saytiga gapirib berdi.
"Hindistonga taklif agentim orqali amalga oshdi. U erda men uchun bir-ikkita variantlarni aytgandi. Aniqrog‘i yanvar oyi boshlarida agentim takliflar borligini aytib qoldi. Ulardan bittasini, o‘zimga ma’qul keladiganini tanladim. Bu erga ham yaxshi jamoalarda to‘p surish uchun keldim. Futbolchi sifatida o‘zimni ko‘rsatmoqchiman", - deydi Ochilov.
Samandar yangi klubi haqidagi dastlabki fikrlari bilan o‘rtoqlashdi va u erdagi sharoitlar va ko‘nikma borasida ham gapirdi.
"Futbol muhiti shakllangan, xuddi Evropanikiga o‘xshab ketadi. Rahbarlarni futbolchilarga bo‘lgan munosabati, sharoitlari yaxshi. Oddiy mayda detallarigacha e’tibor qaratisharkan. Mashg‘ulotdan keyin ham futbolchilarning o‘z ustida ishlashlari uchun barcha narsa bor. Jarohatingiz bo‘lsa, uni davolashda ham professional darajada e’tibor qaratishadi. Lekin albatta bu erdagi futbol saviyasi O‘zbekistonnikidan pastroq. Yangi klubga moslashyapman. Faqat taomlariga biroz qiynalyapman. Kelganimga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Biroq yangi klubga kirishib ketishim yaxshi ketyapti. Ancha professional jamoa ekan".
Legionerimiz klubi bilan nima uchun 3 oylik shartnoma imzolaganiga ham izoh berib o‘tdi.
"Hindistonga ikkinchi davra arafasida keldim. 3 oylik shartnoma tuzganman. Qancha yuqoriga ko‘tarilsak shuncha yaxshi. Chempionatda o‘z o‘rnini saqlab, keyin chempionlik uchun maqsad qo‘ymoqchi. 3 oylik shartnomani o‘zim xohladim. Chunki menga yana boshqa joydan taklif bor. U erga ulgurib borishim uchun hozirgi jamoa bilan kelishib 3 oylik shartnoma imzoladik. Boshqa joydan ham aniq variant borligi uchun chempionat tugagach, o‘sha erga bormoqchiman. Hozirgi “Kenkre” menga yarim yillik shartnoma taklif qildi. Lekin buni rad etdim, faqat chempionat tugagunga qadar kelishuvga erishdik.
Hindistonda maoshlar ham yuqoriroq bo‘lgani uchun keldim. Menga taklif bilan chiqishib, o‘ynaysanmi deyishganida o‘zimni ko‘rsatmoqchi ekanligimni aytdim. Hozirdan boshqa aniq taklif bo‘layotgan klubga ham borsam bo‘lardi. Ammo avval bu erga kelib o‘zimni yaxshi tomonlama ko‘rsatib, keyin boshqa rejalarni amalga oshirmoqchiman".
Ochilov uchun yaratilgan sharoitlar qanday? Bosh murabbiy bilan suhbat qanaqa o‘tdi? Futbolchi shunday dedi:
"Klubda hamma 5 yulduzli mehmonxonada istiqomat qiladi. Menga ham o‘sha erdan xona ajratishgan. Kelgan kunim bosh murabbiy bilan gaplashdim. U mahalliy mutaxassis. Jamoada o‘zining qo‘llayotgan taktikalarini tushuntirdi. Ko‘proq shu masalada suhbatlashdik. Klubda o‘zimni erkin his qilishimni va jamoaga tezroq qo‘shilib ketishimni so‘radi. Bu erda bitta nepallik yarim himoyachi va senegallik hujumchi bor. Mendan tashqari yana bir o‘yinchi kelishi kutilyapti. Hindistonda jamoam I ligasida qatnashadi. Moliyaviy tomondan ancha yaxshi, rivojlanish ham bor. Boshqa yurtlardan kelgan saviyali legionerlar o‘ynashadi.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar