
“Lans” Husanovning yakuniy narxini aytdi! Evropa grandlari endi qancha sanashni biladi
“Lans” kashfiyotiga aylangan Abduqodir Husanov Evropaning bir necha klublari orzusiga aylangani hech kimga sir emas.
Asosiy da’vogarlardan biri “Pari Sen-Jermen” o‘zbek futbolchisi timsolida jamoaning eng yoshi katta o‘yinchisi Markinosga munosib o‘rinbosarni ko‘rmoqda. 30 yoshli braziliyalik markaziy himoyachi 2014 yildan beri Parij klubida munosib to‘p tepib kelmoqda. Biroq kelajak uchun uning o‘rnini to‘liq bosa oladigan boshqa himoyachi topish davr talabidir.
Yaqinda Frantsiya kubogi doirasida Abduqodir Husanov “Lans” safida PSJga qarshi yuqori darajada o‘ynagani papijliklarning 20 yoshli futbolchiga qiziqishni yanada oshirdi.
L'Equipe nashrining yozishicha, parijliklar yanvarda chap qanot hujumchisi va markaziy himoyachi qidirmoqda. Manbaga ko‘ra, Abduqodir chempion jamoaning barcha talablariga to‘liq javob bera oladi.
Yanvarda Milan Shkrinyar ketishi bilan tarkibda Markinosga o‘rinbosar qolmaydi. Zamonaviy futbolda markaziy himoyachisiz o‘ynashning oqibatlari og‘ir bo‘lishi hammaga ayon.
PSJ bir necha yosh markaziy himoyachilar ro‘yxatini tuzib, ularni bosh murabbiy Luis Enrike talablari asosida saralash chiqdi. Yangi keladigan o‘yinchidan ispan mutaxassisining o‘yin tamoyillarini tez o‘zlashtirish va yakkakurashlarda qo‘rqmay kurashish talabi qo‘yiladi. Ekspertlar bu talablar “Lans” markaziy himoyachisi Abduqodir Husanov mos ekanini ta’kidladi.
Frantsiyaning nufuzli manbalaridan L'Equipe “Lans” selektsiya bo‘limi rahbari Diego Lopesdan Abduqodir Husanov transferi bo‘yicha klub pozitsiyasini aniqlashtirishni so‘radi. Javob quyidagicha bo‘ldi.
- Husanov qishda transfer qilinishi mumkin. Chunki biz klub loyihasidan kelib chiqib, shunday qarorga keldik. “Lans” bosh direktori Per Dreossi bilan vaziyatni sinchiklab tahlil qildik va o‘yinchi transferi uchun mandat (25-30 million evro) belgiladik. Bu narx ichki bozor tahlili, transfer summasi va boshqa ko‘plab omillar inobatga olingan holda belgilandi, - dedi Diego Lopes.
“Lans” selektsiya bo‘limi rahbari Diego Lopesning izohidan keyin Abduqodir Husanovni transfer qilishni istayotgan klublar mo‘ljalni qanday olishni biladi. Zero, 20 yoshli futbolchimizning xaridorlari soni oshib bormoqda. So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Abduqodir uchun kurashga Frantsiya, Angliya, Germaniya, Italiya, Ispaniya klublaridan tashqari, Turkiya grandlari ham qo‘shildi.
Demak, kuzatishda davom etamiz, qishki transferlar oynasi ochilishi bilan Abduqodir Husanov mavzusi yana qaynaydi...
Fikrlar