
Kurash. Haydar Farmon bilan kurash sportining istiqboliga oid rejalar muhokama qilindi
Ayni kunlarda Xalqaro kurash assotsiatsiyasi (IKA) prezidenti, Osiyo Olimpiya kengashining Osiyo o‘yinlari Bosh direktori Haydar Farmon Toshkentda bo‘lib turibdi.
Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar berishicha, bugun Sportni rivojlantirish vazirligida martabali mehmon bilan uchrashuv o‘tkazilib, unda kurash sportining rivojiga oid masalalar muhokama qilindi. Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda Vazir Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, IKA Bosh kotibi Muhammad Rizo ishtirok etishdi.
Suhbatda IKA va mamlakatimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, murabbiylar va hakamlar malakasini oshirish uchun seminarlar tashkil etish, nufuzli musobaqalarni o‘tkazishda o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha fikr almashildi.
Haydar Farmon kurashning xalqaro maydondagi rivojini yanada mustahkamlash, nufuzli kompleks musobaqalarga kurash sportini kiritish, xususan, joriy yilning 23-28 noyabr kunlari Hindistonning Puna shahrida o‘tkaziladigan jahon chempionatiga olib borilayotgan tayyorgarlik bo‘yicha gapirib o‘tdi. Shuningdek, IKA prezidenti o‘zbek sporti mutasaddilarini musobaqaning faxriy mehmoni sifatida ishtirok etish uchun dunyo birinchiligiga taklif qildi.
Shuningdek, Adham Ikramov va Oybek Kasimov davlatimiz rahbari tomonidan kurash sportining jahondagi o‘rnini yanada mustahkamlash, uning istiqboliga oid yangi rejalar xususida to‘xtalib o‘tishdi. Uchrashuv davomida kun tartibidan o‘rin olgan turli masalalar bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.
Fikrlar