
Koronavirus, BAAga nega borib kelgani, "Loko"ga qaytishi, "Paxtakor"ning taklifi...100 lik marraga yaqin kelgan Temurxo‘ja Abduholiqov bilan suhbat
Joriy yilda yana “Lokomotiv”ga qaytib kelgan hujumchi Temurxo‘ja Abduholiqov 3-turda “Buxoro” darvozasini ishg‘ol qilgandi. Natijada uning chempionatimizdagi, Kubok bahslaridagi va terma jamoadagi umumiy gollari soni 99 ta etgani holda “Gennadiy Krasnitskiy klubi” a’zosiga aylanishi arafasida turibdi. Umuman olganda, u bilan gaplashadigan yana boshqa masalalar ham bor edi. Misol uchun Temurxo‘ja o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmida BAAning “Xorfakkan” klubiga ketdi va bu yil qishda qaytib keldi. U erga nima uchun ketgani-yu, nega qaytganini haligacha aytmagandi. Kuni kecha o‘zi bilan bog‘lanib, ushbu masalaga ham oydinlik kiritdik. Shuningdek, unga “Paxtakor” tomonidan ham taklif bo‘lganligini o‘zaro suhbat davomida ma’lum qildi.
“Aslida gollarim 120 tadan oshgan”
- Temurxo‘ja, sizning O‘zbekiston chempionatida kiritgan gollaringiz bir kam 100 taga etib qoldi. Bunday statistikadan xabaringiz bormidi?
- Yo‘q, men statistikaga qiziqmasdim. Menga bu haqida klubimiz matbuot kotibi aytdi. Adashmasam, “Buxoro”ga qarshi o‘yindan oldin bu borada xabar topdim. Kiritgan gollarimni esa sanab yurmasdim. Faqat gollarim 99 taga etgani haqida aytishganidan keyin e’tibor qaratdim.
- Chempionatimizda 100 ta gol urgan futbolchilarni “Gennadiy Krasnitskiy klubi”ga a’zo sifatida qabul qilishadi. Bu siz uchun nimani anglatadi?
- Bu ham o‘ziga yarasha bir yutuq. Aslini olganda, mening umumiy kiritgan gollarim 100 tadan ortgan. Superkubokda va boshqa chempionatlarda kiritgan gollarim hisobga olinmagan. Hozirda esa O‘zbekiston chempionati, Kubogi va milliy terma jamoada kiritgan gollar hisobga olinar ekan. Lekin O‘zbekiston chempionatida 100 ta gol urish hammaga ham nasib qilavermaydi. Shunday ekan, bunga yaqinlashib qolganimdan xursandman.
- Darhaqiqat, faoliyatingiz davomida Xorvatiya, Qatar, BAA kabi chempionatlarda to‘p surgansiz. Hamma gollaringiz taxminan qanchani tashkil qilishi mumkin?
- Aniq bilmadim, legioner sifatidagi hamda Superkubokda urgan gollarimni hisoblasak, menimcha 120 tadan oshgan. Ammo ular hisobga olinmas ekan. Vaholanki, xorijda ham legioner sifatida o‘ynab gol urishning o‘zi bo‘lmaydi. Aksincha, o‘zimizdan ko‘ra xorijda to‘p kiritish qiyinroq.
- Koronavirus tufayli chempionatimiz ham to‘xtatildi. Bunday paytda nimalar bilan bandsiz?
- Uyda, oilam davrasidaman. O‘zim yakka tartibda mashg‘ulot qilib turibman. Bu birgina bizning mamlakatimizning emas, butun dunyoning boshiga tushdi. Bu ham bir sinov va Xudo xohlasa, bundan ham o‘tib ketamiz. Mana shunday paytda inson o‘ylab, mushohada va mulohaza qiladigan holat. Balki buning ham o‘ziga yarasha hikmati bo‘lsa kerak. Hozirgi vaqtda tozalikka rioya qilish o‘ta muhim. Bu borada televidenie va OAV orqali bekorga maslahatlar va yo‘l-yo‘riqlar berishmayapti. Albatta, ularning ko‘rsatmalariga amal qilishimiz shart. Oldin ham tozalikka rioya qilardik, ammo endi yanada e’tiborliroq bo‘lyapmiz.
- Birdaniga futbolsiz qolish va bunga ko‘nikish ham qiyin bo‘lsa kerak...
- Menimcha, buni hech kim kutmagandi. Futbol butun dunyoda deyarli to‘xtadi. Menimcha, chempionatlar Avstraliya, Belorussiya va Afrikada davom etyapti shekilli. Mayli, chempionatlar, futbol o‘z yo‘liga, ammo sog‘liq doim birinchi o‘rinda. Agar sog‘liq bo‘lmasa hech nima qila olmaysiz. Xudo xohlasa, bunday qiyinchilikni hammamiz birgalikda engib o‘tamiz.
- Hozirgi paytda ko‘cha-ko‘yga ham chiqib turibsizmi yoki faqat uyda o‘tiribsizmi?
- Ko‘chaga deyarli chiqmayapman. Qandaydir majburlik tufayli ko‘chaga chiqib qolmasam agar, 99 foiz uydaman.
- Murabbiylar va jamoadoshlaringiz bilan muloqot qilib turibsizmi yoki...
- Yo‘g‘-e, hamma bilan aloqada bo‘lib turibmiz. Murabbiylarimiz hammamizga jismoniy va individual mashqlarni bajarish yuzasidan ko‘rsatmalar berishgan. Shularni bajarib turibmiz.
“Chempionatimiz o‘sishga erishyapti deb aytishga hali erta”
- Endi “Lokomotiv”ning chempionatdagi starti haqida so‘ramoqchiman. Dastlabki uchta o‘yinning ikkitasida g‘alaba va bittasidan mag‘lub bo‘ldinglar. Bunday ishtirok haqida nima degan bo‘lardingiz?
- G‘alaba qozongan o‘yinlarimizni osonlikcha yutayotganimiz yo‘q. “Andijon” bilan ham, “Buxoro” bilan ham bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarning ayniqsa ikkinchi bo‘limlarida qiynaldik. Namangandagi uchrashuvda esa o‘zimizning o‘yinimizni ko‘rsatishga harakat qilgandik, ammo o‘xshamadi.
- Balki “Navbahor” bilan o‘yinda muxlislarning bosimi sizlarga ta’sir qilgandir?
- Yo‘q, bosim bizga ta’sir qilmadi. To‘g‘ri, bunday paytda yosh o‘yinchilarimizga bunday muhitda o‘ynashning bosimi sezilib qolishi mumkin. Lekin shaxsan menda sezilmadi. Ochig‘i, “Navbahor” bilan o‘yinni izohsiz qoldiraman. Namanganliklar ikkinchi davrada Toshkentga ham kelishadi.
- Temurxo‘ja, ko‘pchilik Superliga haqida gapirganida uning mavqei borasida bahsli munozaralar bo‘lib turibdi. Yangi boshlangan mavsum nimasi bilan farq qiladi deb o‘ylaysiz?
- Hozircha chempionatni o‘sishga erishdi deb aytishga hali erta. Chunki endi uchta tur o‘tdi xolos. Ertaga esa yana vaziyat o‘zgarib, temp tushib ketishi ham mumkin. O‘zi mavsum boshlarida deyarli barcha jamoalar bir xil holatda bo‘ladi. Klublar rasmiy bahslarda ishtirok etmagani sababli o‘yinlarga chanqoq bo‘lib turishadi. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.
- Lekin bu yil ham yana “Paxtakor”ning yakka peshqadam bo‘lishini e’tirof etishmoqda. Nahotki, joriy mavsumda ham “Paxtakor” raqobatdan holi bo‘lib qolsa?!
- “Paxtakor” mag‘lub bo‘lmaydigan jamoa emas. Futbolning ichidagilar “Paxtakor”ning qandayligini, nimaning hisobiga kuchliligini bilishadi. Vaziyatga real baho bersak, ularni ham yutsa bo‘ladi. Balki bu yil ham ular yana chempion bo‘lishar. Ammo raqobatdan holi darajadagi o‘ta kuchli raqib deb hisoblamayman.
- Demak, “Paxtakor”ni ham bemalol mag‘lub etish mumkin, shundaymi?
- Nafaqat yutish mumkin, balki boshqa jamoalar ham bemalol “Paxtakor” bilan chempionlik uchun raqobatlashishi mumkin. Axir bitta o‘yinni yutish bilan chempionatni ham yutib ololmaysiz-ku.
“O‘z imkoniyatimni kutib o‘tiradigan yoshda emasman”
- Agar sizga “Paxtakor”dan taklif bo‘lganida qanday yo‘l tutgan bo‘lardingiz?
- Yashirmayman, “Paxtakor”dan taklif bo‘lgan, o‘tgan yili ham, bu yil ham. Ammo men doim o‘yin amaliyotimni yuqori qo‘yaman.
- Ammo “Paxtakor”ga o‘tganingizda baribir sizga ham imkoniyat berilardi deb o‘ylayman...
- Men o‘z imkoniyatini kutib o‘tiradigan yoshda emasman-da. Ertaga futbolni chetdan turib tomosha qilishni xohlamayman, ayniqsa zaxiradan turib kuzatishni yoqtirmayman. Futbolni tugatganimdan keyin bemalol tribunadan o‘yinlarni tomosha qilaveraman. Sizga savol: ko‘chaga chiqib futbol o‘ynaganmisiz?
- Ha, albatta.
- Sizga ham birov futbol o‘ynab turgan paytingizda o‘tirib tur desa o‘tirarmidingiz? Meni doim futbol o‘ynagim keladi, gol urishni istayman. Haligacha futbolni shunday his-tuyg‘u bilan o‘ynayman. Ko‘pchilik pul uchun deyishadi. Inkor etmayman, pul muhim, chunki hammaning bola-chaqasi bor, oilasini boqishi kerak. Biroq men uchun pul birinchi darajali emas. Eng asosiysi, futbolni yaxshi ko‘rganimdan futbol o‘ynayman. Men bolaligimdan ko‘chada qanday futbol o‘ynab, undan rohatlangan bo‘lsam, hozir ham futbolni xuddi shunday o‘ynayman. Shundoq ham o‘yinchilarning o‘ynash vaqti chegaralangan. Ertaga 35 yoki 36 ga kirganida faoliyatini tugatishadi. Ungacha esa men albatta o‘ynashim kerak. O‘ynamasam ham mayli zaxirada o‘tirib vaqtimni kutaman deydiganlardan emasman. Agar siz zaxirada o‘tirsangiz, qanday qilib o‘zingizni ko‘rsatasiz? Menga imkoniyat berishlarini kutib o‘tiradigan yosh o‘yinchi emasman-ku. Har qanday klub menga taklif bilan chiqsa, birinchi navbatda shuni, ya’ni doim o‘ynashim shartligini ularga aytaman.
- Hozirda ko‘pchilik “Paxtakor”ning hujumchilarini chempionatimizdagi eng yaxshilari deb hisoblashmoqda. Bunga siz qanday qaraysiz?
- Yaxshi, yomon emas. Ammo boshqa klublarda ham yaxshi hujumchilar bor. “Paxtakor”dagi hujumchilar ham yaxshi, ammo hozirdanoq eng zo‘ri deb ayta olmayman. Mavsum oxiriga borganda eng yaxshilari aniqlanadi. Albatta, hammaning fikri har xil bo‘ladi, kimgadir Ronaldu, kimgadir Messi yoqadi. Shunday ekan, bizdagi muxlislar orasida ham kimgadir Cheran yoki Sergeev yoqadi. Ularning atrofida esa yaxshi ijrochilar ham bor.
- O‘zingiz uchun chempionatimizdagi eng yaxshi hujumchi deb kimni aytgan bo‘lardingiz?
- Cheranning o‘yini chakki emas. Ammo u asosan hujumchilar ortida o‘ynaydi. Shu bois u sof hujumchi emas. Holbuki uning maydondagi vazifasi boshqacharoq.
- Shuningdek, “Paxtakor” shveytsariyalik taniqli hujumchi Eren Derdiyokni olib keldi. Ammo u hozircha asosan zaxiradan o‘yinga qo‘shilyapti. Bu hujumchi haqida fikringiz qanday?
- U hali ko‘p o‘ynagani yo‘q. Ammo Derdiyokning “Metallurg” darvozasiga kiritgan golini ko‘rdim, menga juda yoqdi. Hujumchilar doim ham bunday gol uravermaydilar. Qolaversa, ancha-muncha darvozabonlar ham bunday zarbani qaytara olishmasa kerak. Aksariyat hujumchilar ham shunday gol urishni xohlaydilar. U o‘sha vaziyatda darvoza tomon bilib zarba berdimi yoki bilmaymi, buning nima farqi bor? Muhimi, u chiroyli gol urdi. Ammo hali u o‘yinlarda to‘liq ishtirok etmayapti. Qolaversa, o‘zimiz ham o‘yinlarni doim ham ko‘ra olmayapmiz. Derdiyok Evropaning kuchli chempionatlarida to‘p surgan va tajribasi katta.
“Shartnomam bo‘lgan taqdirda ham BAAdan qaytib kelardim”
- Shuningdek, orada BAA chempionatiga borib, “Xorfakkan” jamoasida ma’lum vaqt o‘ynab keldingiz. Ammo ushbu klubga ketishingiz ham, u erdan qaytib kelishingiz ham kutilmaganda yuz berdi. Yaxshisi, aslida voqealar rivoji qanday bo‘lganligini o‘zingiz aytib bersangiz.
- Hammasi o‘tgan yilning sentyabr oyi oxirlarida yuz berdi. Transfer oynasi yopilayotgan mahalda menga BAAdan taklif bo‘lib qoldi. O‘zim uchun ham “Xorfakkan” tomonidan bo‘lgan taklif yangilik bo‘ldi. O‘sha paytda nimaga ketganimni oila-a’zolarim, o‘zimga yaqin bo‘lgan insonlar bilishadi. Lekin buning sababini aytmayman. To‘g‘risi, ularning taklifi moliyaviy tomondan ham yaxshiroq edi. U erga ketishimga oilaviy sabab ham bor edi. O‘shanda chempionat tugashiga adashmasam 7 ta tur qolgandi. “Lokomotiv” esa chempion ham bo‘la olmasdi va 3-o‘ringa ham tushib ketish ehtimoli kam edi. Deyarli 2-o‘rinni olib bo‘lgandi. Ya’ni, hammasi hal bo‘lib qolgandi.
- Ammo BAAdagi faoliyatingiz ko‘ngildagidek chiqmadi. Adashmasam, “Xorfakkan” safida gol ham ura olmadingiz...
- U erdagi faoliyatim yaxshi chiqmadi. Men uchun qiyin kechdi. Negadir u erda o‘yinimni ko‘rsata olmadim. Gol ham ura olmadim. Moslashish ham qandaydir og‘ir bo‘ldi. Shuning uchun qaytib keldim.
- Boz ustiga shartnomangiz ham tugagandi-a?
- Shartnomam bo‘lgan taqdirda ham qaytgan bo‘lardim. Chunki u erdagi ishlarim o‘xshamayotgandi.
- BAAga ketganingizdan afsuslandingizmi?
- Hech nima o‘xshamagan paytda bunday hayolga berilish tabiiy. Ammo yangi klubga ketayotgan paytingizda yaxshi qilyapman deb o‘ylaysiz. Boya aytdim-ku, o‘sha paytda “Lokomotiv” bilan deyarli hammasi hal bo‘lib qolgandi. Chempionatda kimning qaysi o‘rinni egallashi oydinlashib qolgandi.
- Ko‘pchilik esa o‘shanda sizning ketganingizni Samvel Babayan bilan bog‘lashdi...
- Babayan qo‘l ostida ham o‘ynadim-ku. Adashmasam, uning boshchiligida 10 tadan ortiq uchrashuvda maydonga tushdim. Mening ketganim Babayan bilan bog‘liq emas. Nimaga ketganimni yuqorida aytganimdek, yaqinlarim va jamoadoshlarim bilishadi.
- Shuningdek, mavsum avvalida “Lokomotiv”ga kimni bosh murabbiy etib tayinlash borasida nomzodlar bor edi. Eshitishimcha, jamoadagi futbolchilar rahbariyatga yo Andrey Fyodorovni yoki Mirko Yelichichni qaytarish borasida taklif bildirishgan ekan. Shu rostmi?
- Aynan o‘sha paytda men BAAda edim. Lekin bu bo‘lgan gap. Baribir rahbariyat ham bunday paytda o‘yinchilar bilan maslahatlashishadi. Men ham bu haqida eshitganman. Menga esa bu erda o‘ynash yoqadi. O‘zimni “Lokomotiv”da o‘z uyimdagidek his qilaman.
Fikrlar