
Klubsizlikdan asosiy tarkibgacha! Niderlandiya darvozabonining tubdan o‘zgargan faoliyati haqida
Niderlandiya 2018 yilni Jahon chempionatisiz o‘tkazgan edi. 2022 yilga kelib tarkibda katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Shuningdek, Senegalga qarshi asosiy tarkibda Andreas Noppertning maydonga tushishi futbol muxlislarini biroz ajablantirdi, Sababi, u faoliyati davomida biror marta nomdor klubda to‘p tepmagan va hozir ham Niderlandiyaning “Herenven” jamoasi sharafini himoya qilib kelmoqda. Eng qiziqarlisi, darvozabon bir paytlar klubsiz qolib ketgan va futboldan voz kechishi ham mumkin bo‘lgan. Ho‘sh, u qanday qilib terma jamoaning asosiy posbonigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi?
Noppert 2014 yilda faoliyatini boshlagan va “NAK Breda” klubida zahira darvozaboni bo‘lgan. 2018 yilgacha u 7 ta o‘yinda maydonga tushgan. Qahramonimiz o‘sha yili Italiya “B” seriya vakili bo‘lgan “FK Dordrext” jamoasiga o‘tadi. Ammo u joyda ham omadi chopmadi. 2020 yilga kelib Noppert klubsiz qolib ketdi. O‘sha vaqt davomida u futbolni tark etishi mumkin edi. Unga boshqa ishlardan takliflar ham kelgan, lekin u futbolni tashlamadi. Andreas bir yildan so‘ng “Go Ahead Eagles”ga o‘tadi va asta-sekinlik bilan faoliyatini tiklay boshladi. Ushbu mavsum boshida esa “Herenven” jamoasiga kelib qo‘shildi va klubning asosiy tarkib darvozaboniga aylanib oldi. Uning iste’dodini Lui van Gal sezdi va Noppertni JCh-2022ga boradigan tarkibga qo‘shdi. Bu chaqiruv unga Niderlandiya terma jamoa libosida birinchi marta maydonga tushish imkonini berdi. Debyutida o‘z darvozasidan to‘p olib chiqmadi va uchrashuvning eng yaxshilaridan biri bo‘ldi.
Ayni paytda "Xerenven" jamoasi Niderlandiya chempionati turnir jadvalida 8-o‘rinda bormoqda. Ortda qolgan 14 turda u o‘z darvozasidan 13 ta gol olib chiqqan. Bu borada faqatgina "Tvente" klubi darvozaboni Lars Unnershtall undan yaxshiroq ko‘rsatkichkga
ega (9 ta gol).
Qahramonimiz 2 yil oldin klubsiz yurgandi va futbolni tark etishi ham mumkin edi. Hozir u Jahon Chempionatida yulduzlarga to‘la Niderlandiya darvozasini qo‘riqlamoqda. Uning o‘zi ham endi yulduz. Futbolda vaziyat tez o‘zgaradi. Iqtidor ham abadiy emas yoki u ham ayrim pallalarda yordam bera olmaydi. Biroq tinimsiz mehnat hamda iroda insonni yutuqlar tomon etaklovchi omil hisoblanadi. Har qanday ishda va har qanday holatda.
Fikrlar