"Klubni Superligaga qaytarish haqida o‘ylayapman" - "Lokomotiv" bosh murabbiyi jamoasining pro ligaga tushib ketish sababi haqida nima deydi?
Toshkentning “Lokomotiv” jamoasi uchun 2022 yilgi mavsum muvaffaqiyatsiz o‘tdi. “Temiryo‘lchilar” muxlislar ishonchini oqlay olmadi va pro ligaga tushib ketdi.
Bu albatta “Lokomotiv”dek jamoa uchun juda achinarli. Holbuki, ularda elitada jon saqlab qolish imkoniyati bor edi. Hech bo‘lmaganda pley-offda pro ligada 3-o‘rinni egallagan “Turon” maydonida g‘alaba qozonganida “Loko” Superligada qolgan bo‘lardi. Ammo ular bu ishni ham uddalay olmadilar.
Klub bosh murabbiyi Denis Korostichenko bilan muvaffaqiyatsiz o‘tgan mavsum haqida suhbatlashdik.
- Denis Vladimirovich, biz “Lokomotiv”ning “Turon”ga qarshi o‘yinini ko‘rdik. Ammo futbolchilaringizning g‘alabaga bo‘lgan intilishlari yuqori emasligini kutmagandik...
- “Turon”ga qarshi o‘yinda biz o‘yin formasida emasdik. Chunki PFL bilan Superliga bilan pro liga bahslari tugashi o‘rtasida ancha tafovut bor. Masalan, Superliga 12-sanada tugagan bo‘lsa, pro liga 21 noyabrda nihoyasiga etgan. Vaholanki, hamma o‘tish o‘yini bo‘lishini bilardi. Lekin taqvimdagi bunday o‘zgarish tufayli biz etarlicha o‘yin amaliyotidan ancha uzoqlashib qolgandik. Agar Superligada har to‘rt kunda bir o‘yin o‘tkazilsa u holda pro liga nega bunday ko‘rinishda uchrashuvlarni tashkil qilmadi. Mana shu savol. Bir so‘z bilan aytganda, o‘yin tonusini yo‘qotgandik. Shu sabab, orada o‘tgan ikki hafta davomida yaxshi formaga kirish uchun qo‘ldan kelganicha harakat qildik. Ammo bahs davomida u qadar zo‘r ko‘rinmadik va unchalik yaxshi o‘yin namoyish eta olmadik. Lekin sizni ishontirib aytamanki, yigitlar g‘alaba qozonishni istagan holda maydonga tushishgandi.
- Jamoa ichida ichki muammolar bormidi? Shunday muammolar bo‘lsa, balki bizga shuni ham gapirib berarsiz...
- Futbolchilarimizning bari jamoaga yordam berishga tayyor edilar. Ammo muammolar u darajada ko‘p bo‘lmagan. Masalan, ba’zi o‘yinchilarda sog‘lik bilan bog‘liq muammo yuzaga kelgandi. Shunda ham bor-yo‘g‘i ikki nafar futbolchimiz mana shunday muammoga yo‘liqqandi. Lekin pley-off uchrashuviga hamma yaxshi holatda etib bordi. Bizning vaziyatimizga boya aytganimdek, o‘yin tonusiga qaytish oson bo‘lmagani bois o‘zimiz kutgan natijaga erisha olmadik.

- Klub bilan xayrlashasizmi yoki pro ligada ham ishlashda davom etasizmi?
- Hozircha ta’tilda ekanim bois xizmatimga jiddiy takliflar bo‘lgani yo‘q. Endi men klubda qolgan holda uni albatta Superligaga qaytarishga harakat qilish haqida o‘ylayapman. Birgalikda bu ishni amalga oshirish bizning asosiy vazifamizdir!
- Futbolchilaringizning o‘yin saviyasi ancha pasayib ketdi. Masalan, Jasur Jaloliddinovniki. Bu fikrga siz ham qo‘shilasizmi?
- Qo‘shilaman.
- U holda fikringiz?
- Mavsum davomida shunday holatlar kuzatildiki, bir qator ijrochilarimiz o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchni yo‘qotib qo‘yishdi. Biroq hamma shogirdlarimni hurmat qilaman. Agar ular o‘z ustilarida astoydil ishlaydigan bo‘lsalar, yanada zo‘r o‘yin ko‘rsata olishlari mumkinligiga ishonchim komil.
- Yil davomida “Lokomotiv” klubida ko‘plab yoqimsiz holatlar kuzatildi. Buning sabablari nima deb tushuntira olgan bo‘lardingiz?
- Ko‘plab deysizmi? Fikringizga qo‘shilmayman. Bizda yil davomida bunchalik ko‘p ko‘nglisizliklar bo‘lmadi. Aftidan, siz bu gapni kelishilgan o‘yinlar o‘tkazilgani yuzasidan avjiga chiqib, turli mish-mishlar kelib chiqqan holda aytgan ko‘rinasiz. Bularning bari safsata. Mavsum yakuniga hammamiz yaxshi holatda etib keldik! Jamoa sardorining yo‘qotilishimi? Men uni qattiq hurmat qilaman va mana shunday ishlarni amalga oshirgani mumkinligiga aslo ishonmayman.

- Murabbiylar almashinuvi ham klubga salbiy ta’sir o‘tkazdi, deb hisoblaysizmi?
- Ha, 100 foizga.
- Muammolarning echimi nimada bo‘lishi mumkin edi, deb o‘ylaysiz?
- Agar muammoning echimi sizni ishdan olish bo‘ladi, deb o‘ylamayasizmi, mabodo? (kuladi). “Nasaf”ga qarshi uchrashuvdan keyin 6-8 ochko jamg‘arishimiz kerak edi.
Shuhratbek Jo‘raev.



Fikrlar