
"Kelasi yilga katta rejalar qilishyapti, Superligada ko‘rishdan xursandmiz, chiqib-tushish kerak emas, etar endi!" yoxud o‘zbek futboli yulduzlari "Burgutlar"ning parvozi haqida
Kelasi yil uchun kurash va intriganing qanday darajada rivoj topishi hozirdanoq qizg‘in muhokama qilinyapti. Endi vodiyning to‘rtta klubi Superligada ishtirok etadi. “Navbahor” va “Neftchi”dan tashqari “Andijon” bilan “Turon” pro ligadan elitaga yo‘llanmani qo‘lga kiritgan holda muxlislarini xursand qildi.
Albatta, “Mavsum-2023” uchun ayniqsa, “Andijon” klubi oldida qilinishi lozim bo‘lgan zarur ishlar turibdi. E’tiborlisi, ular bunga allaqachon qo‘l urishgan. Kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, “Bobur Arena” maydonining chimi yangilanmoqda va stadion “projektor”lari ham talab darajasiga keltiriladi. Ana shunda “Andijon” kelasi yili o‘z stadionidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Shu bois viloyat hokimi boshchiligida o‘zgarishlar boshlab yuborilgan. Shuningdek, klubni moliyaviy tomondan barqarorligini ta’minlash ham ustivor vazifalardan biri. Xabaringiz bo‘lsa kerak, aynan viloyat hokimining yordami tufayli jamoa a’zolari bilan barcha hisob-kitob ishlari amalga oshirilib, qarzdorliklar bartaraf etildi. Bu eng muhimi. Kelasi yil uchun mablag‘ masalasida ortiqcha uzilishlar va qiyinchiliklar bo‘lmasligi uchun shaxsan viloyat hokimi jamoani o‘z nazoartiga olgani ham e’tiborga molik.
Mahalliy ishqibozlarning jamoadan umidi katta. Shunga yarasha klubning rejalari jiddiy. Tabiiyki, “Burgutlar”ning parvozi o‘laroq Superligaga qayta olgani bevosita elitadagi intriganing yanada oshishiga xizmat qiladi.
Qizig‘i, o‘zbek futbolining yorqin shaxslari ham “Andijon”ning yana kuchlilar orasiga qaytganiga o‘zlarining ijobiy munosabatlarini bildirib o‘tdilar.
Ravshan Ermatov (O‘FA birinchi vitse-prezidenti):
- Andijon viloyatini katta futbolsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. “Andijon” klubini Superligaga qaytgani bilan jamoa a’zolari va muxlislarini muborakbod etamiz. Mana shunday ashaddiy va fidoyi muxlislari bor jamoaga albatta Superliga yarashadi. Klub rahbariyati, viloyat hokimi Shuhratbek Qo‘shoqboevich jamoani qo‘llab-quvvatlab kelasi yilga katta-katta rejalar qilishyapti. Hozirdan “Bobur Arena” maydonini to‘g‘rilash ishlari boshlanib ketgan. Kelasi yili ushbu stadionda katta-katta jamoalarni ko‘rib, “Andijon”ni albatta yuqori o‘rinlar uchun kurashishiga ishonamiz.
Timur Kapadze (O‘zbekiston U-23 terma jamoasi va “Olimpik” klubi bosh murabbiyi va O‘zbekistonning eng yaxshi murabbiyi):
- Birinchi navbatda “Andijon” jamoasini Superligaga chiqqani bilan tabriklayman. O‘ylaymanki, 1-o‘rin bilan muddatidan oldin munosib va haqli chiqishdi. Albatta, Superligada ularga omad tilayman. Superligada ham o‘z oldiga qo‘ygan maqsadiga erishib, ishqibozlarini va Andijon xalqini xursand qiladi, deb o‘ylayman. Jamoaga omad tilayman.
Ro‘ziqul Berdiev (“Nasaf” klubi bosh murabbiyi va Superliganing eng yaxshi murabbiyi):
- “Andijon” futbol jamoasini Superligaga yo‘l olgani bilan chin yurakdan tabriklaymiz. Andijonda ko‘p marotaba maydon egalari bilan raqib bo‘lganmiz. Har doim esda qolarli narsasi – muxlislari juda ajoyib. Shuning uchun bu klubni Superligada ko‘rishdan juda xursandman. Albatta, o‘z jamoamiz o‘yini bilan muxlislarini xursand qilishga harakat qilamiz.
Birodar Abduraimov (O‘zbek futboli afsonasi va futbolimiz nuroniysi nominatsiyasi sohibi):
- “Andijon” klubi ishqibozlari bu yil juda xursand. Nega deganda, jamoa yana Superligaga qayta oldi. Endi etar! Aytmoqchimanki, har yili liftga o‘xshab chiqib-tushish kerak emas. Poydevorni baquvvat qilib, jamoa yaxshi o‘ynasa biz xursand bo‘lardik. Bundan tashqari, andijonliklar futbolga ishqiboz. Yoshligimizda Andijonga yig‘inga borganimizda stadion liq to‘lardi, hozir ham shu. Endi andijonliklar uchun faqat xursandchilik bo‘lsin. Hammasini tabriklayman. O‘ylaymanki, keyingi mavsumda yaxshi natijalarga erisha oladi.
Oleg Zoteev (“Qizilqum” klubi futbolchisi):
- Assalomu alaykum. “Andijon” klubi va fanatlarini tabriklayman. Bir yildan keyin jamoa yana Superligaga qaytyapti. Chin yurakdan muborakbod etaman. 4-5 tur oldin vazifani bajarishdi. Bu ham Superligaga katta qadam.
Muxtor Qurbonov (AGMK klubi texnik direktori):
- Mana, bu yil “Andijon” futbol klubiga juda omadli yil keldi, Superligaga chiqishdi. Elitada ham barqaror, mazmunli, chiroyli o‘yinlar ko‘rsatib, uzoq yil davomida Superligada munosib ishtirok etishini tilab qolaman. Jamoa muxlislari O‘zbekistonda eng birinchi qatorlarda. Shuning uchun futbol har doim Andijonda bo‘lgan. Kelgusida yaxshi-yaxshi o‘yinchilar shu klubdan terma jamoalarimizga taklif etilsin. Bir joyda to‘xtab qolmasin. Har doim omad yor bo‘lsin.
Shuhratbek Jo‘raev.
Fikrlar