
Kanchelskis hokim nega kiyinish xonasiga kirishi, futbolimizdagi hakamlik, ishqibozlarning tosh otishi va boshqalar haqida gapirdi
Ma’lum muddat Namanganning «Navbahor» klubini boshqargan rossiyalik mutaxassis Andrey Kanchelskis yaqinda «Match-TV» vakillariga intervyu berdi. Bu haqda "interfutbol" gazetasi xabar berdi.
Unda turli mavzulardagi savollarga javob qaytargan murabbiy O‘zbekistondagi faoliyatiga ham alohida to‘xtaldi. Quyida ushbu suhbatning o‘zbek futboliga taalluqli qismini e’tiboringizga havola etamiz.
- Iyunda ham «Navbahor»da ishlayotgandingiz. Bu qanday klub?
- Namangan sharafini himoya qiladi. O‘tgan yili 14 yillik tanaffusdan so‘ng ilk marta sovrinli pog‘onalardan biri - 3-o‘rin egallandi. Rahbariyatning maqsadlari ulkan, infratuzilma esa unchalik emas. U erga endigina borganimda mahalliy stadiondagi chim juda yomon holatda edi. Mendan avval ishlagan murabbiylar etakchilarga qarshi o‘yinlarda maysaga tegmaslikni so‘rashgan, shu tariqa raqibning kombinatsion harakatlarni amalga oshirolmasligini ta’minlashni niyat qilishgan. Ko‘p o‘tmay yangi chim yotqizildi.
- Shahar kattami?
- Yaxshigina, katta hududni egallagan. U Farg‘ona vodiysida joylashgan, Namanganda futbolni yaxshi ko‘rishadi, tomoshabinlar tashrifi jiddiy, etakchilar bilan o‘yinlarda 20 mingdan ortiq muxlislar keldi. Islom an’analari kuchli.
- U erga borganingizda, futbolchilar tarkibi mazmunli futbol ko‘rsatishga imkon berarmidi?
- Kimlar bo‘lsa, o‘shalar bilan ishladim. Kimdir ketdi, boshqalarni oldik, garchi o‘zimiz xohlaganlarni bo‘lmasada. Avvaldan kelishuv belgilangandi: agar jamoa «Paxtakor»dan 9 yoki undan ko‘proq ochkoga ortda qolishni boshlasa, shartnomani bekor qilish mumkin. Kompensatsiyasi bilan. Xuddi shunday ham qilindi, vaholanki, birinchi davraning so‘nggi 9 o‘yinini biz mag‘lubiyatsiz o‘tkazgandik. «Navbahor»ning ikki futbolchisi milliy jamoaga, biri olimpiya termasiga, yana bir o‘yinchi esa yoshlar termasiga taklif qilinganini ijobiy holat sifatida ko‘rsatish mumkin.
- «Navbahor»ni moliyaviy tomondan kim qo‘llab-quvvatlaydi?
- Hokim, o‘zimizning tilimizda aytganda - gubernator. Futbol uchun jon kuydiradi, ammo uning yonida boshqa narsalar uchun qayg‘uradigan maslahatchilari bor. «Navbahor» - «Paxtakor» yoki «Lokomotiv» kabi katta pulga ega klub emas, ammo xalq jamoasi. Ishqibozlar o‘z suyuklilarini yaxshi ko‘rishadi, qiziqqonlar, kerak bo‘lsa maydonga tosh uloqtirishlari mumkin. Hech bir murabbiy Namangandan yaxshilikcha ketmagan, u erda talabchanlik yuqori. Nolisam gunoh bo‘ladi, menga yaxshi munosabatda bo‘lishdi, deyarli qo‘llarida ko‘tarib yurishdi. Oliy natijalarga erishmadim, ammo top klublarga munosib kurash taqdim etishni o‘rgandik, qandaydir antirekordlarni yo‘qotdik, safarda g‘alabalarga erishdik.
- Sizdan avval safarda g‘alaba qozonishmagan ekanmi?
- Shunday mavsumlar bo‘lganki, jamoa safarda atigi ikki ochko olgan. Bunga nima sabab bo‘lganini o‘zingiz taxmin qilayotgandirsiz?
- To‘liq emas.
- Ta’bir joiz bo‘lsa, noto‘g‘ri futbol o‘ynashgan. So‘ng murabbiyga jarima jazosi belgilanib, u besh yilga diskvalifikatsiya qilingan.
- O‘zbekistondagi hakamlik haqida nima deysiz?
- O‘zimni go‘yoki, bir muddat MDH tashqarisiga chiqib, yana unga qaytgandek his qildim. Lekin mashhur hakam Ravshan Ermatov mahalliy futbol assotsiatsiyasi rahbariyatidan o‘rin olgach, vaziyat biroz o‘zgara boshladi.
- O‘z vaqtida Ziko, Skolari va Rivaldoni taklif etgan «Bunyodkor»ning ishlari qanday?
- Katta pullar tugagan. Ammo akademiya ishlamoqda, saviyali yoshlar to‘p surishmoqda.
- O‘zbekistondagi faoliyatingiz ortda qoldi. Endi rejalar qanday?
- Muzokaralar olib boryapman, bu faqat Rossiyaga taalluqli emas. Yaqin orada Toshkentga qaytaman - 11 avgust kuni «Paxtakor»-79ning aviahalokatga uchraganiga 40 yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkaziladigan o‘yinda to‘p suraman.
- U erda avgust futbol o‘ynash uchun issiqlik qilmaydimi?
- Ha, kunduz paytlari konditsionersiz ko‘chaga chiqmagan ma’qul. Mashg‘ulotlarni faqat kechki soat sakkizdan keyingina o‘tkazish mumkin.
- «MYu»ning sobiq ustozi Aleks Fergyuson istagan futbolchisiga qichqirib, kerak bo‘lsa zarba ham bergan. Jamoa kiyinish xonasida bananlar uchardi, choylar to‘kilardi. O‘zbek futboli bu borada tinchroqmi?
- Turlicha. Hokim o‘yindan oldin qo‘ng‘iroq qilishi mumkin: «Mana bu futbolchini emas, mana bunisini tarkibga kirit». Yoki hisobni buyurtma qilardi: «Bugun 3:0 hisobida g‘alaba qozonishingiz kerak». Go‘yoki, 1:0 g‘alaba emasdek. Darhol aytdim, menga bunday gaplar bilan qo‘ng‘iroq qilmasliklarini so‘radim. Hokim kiyinish xonasiga ham kirardi, tanbeh berardi: «Sizlar qanaqa futbol o‘ynayapsiz?!» Ittifoqo, o‘yinlardan birining dastlabki bo‘limi 0:0 hisobida tugadi, keyingi 45 daqiqalikda esa javobsiz uchta gol urib, g‘alaba qozondik. Hokim o‘shanda ushbu muvaffaqiyat uning xizmati ekani, tanaffus paytidagi koyishlar ish berganini ta’kidlagandi. So‘ngra u bilan yakkama-yakka gaplashdik, butun jamoani bezovta qilmay, muayyan futbolchilar bilan individual tarzda suhbatlashishni maslahat berdim. Bir-birimizni tushundik, hammasi yaxshi bo‘ldi. Namangan hokimi viloyat futboli rivoji yo‘lida ko‘p ishlar qildi, ammo uning maslahatchilari...
Fikrlar
Hamma joyda uziniki tiqishtiradi