
Joze Mourino: "Eldorning transferidan xursandmiz, u bizga qanday o‘yinchi ekanligini namoyish etyapti"
Eldor Shomurodov “Roma”ga ko‘chib o‘tganidan buyon uning nomi yanada ko‘proq jaranglay boshladi. Ayniqsa, “Betis” hamda Raja Kasablanka” jamoalariga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvlarida o‘zbek hujumchisining raqib darvozalariga bittadan gol urib, assistentlik vazifasini bajarishi va o‘yindagi ajoyib harakatlari evaziga chindan ham Mourino va “Roma” Shomurodov transferida oqilona yo‘l tutganliklari haqida barcha gapira boshladi.
“Jenoa”dan farqli o‘laroq, Eldor “Roma”da yanada kattaroq imkoniyatlarga ega bo‘lishi kutilyapti. Qolaversa, rimliklar jamoasida ijodkorlik ham bor. “Roma” bosh murabbiyi Joze Mourino kuni kecha klub matbuot xizmatiga katta intervyu berdi. U jamoasining tayyorgarlik rejasi, transferlar va yana boshqa mavzularda munosabat bildirdi.
Biz uchun eng qizig‘i, bu Shomurodov haqidagi fikri edi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, Shomurodov “Roma” a’zosiga aylanganidan beri Mourino hali hamyurtimiz to‘g‘risida o‘z fikrini bildirmagandi. Nihoyat, “Roma” saytiga bergan intervyusida bosh murabbiy ko‘plab savollar qatori Shomurodov borasida ham gapirib o‘tdi.
- Bu transfer oynasi uchun juda og‘ir ish jarayoni bo‘ldi. Bosh direktor Tyago Pinto uchun ham jarayon og‘ir kechdi. Jumladan, klub skautlari va menejeri o‘tgan vaqt davomida futbolchilarni qidirish yo‘lida astoydil ter to‘kdilar.
Amalga oshirilgan og‘ir ishdan so‘ng, biz o‘zimizga yoqadigan holatni yuzaga keltirish payida bo‘ldik. Asosiy o‘yinlar boshlanishi ostonasida turibmiz. Men har doim shunday deyman: menga o‘rtoqlik va rasmiy uchrashuvlar bir-biriga mos tushadi, degan gaplar yoqmaydi. Biz bularning bariga bo‘lajak rasmiy uchrashuvlar oldidan o‘zimizga ruhiyat bag‘ishlaydigan manba sifatida qaradik. Yakshanba kuni uch ochko olish uchun “Fiorentina”ga qarshi o‘yin bilan chempionatdagi ishtirokimizni boshlaymiz.
Men shuningdek, Edin Jeko bilan bog‘liq holat haqida gapirmasdan o‘ta olmayman. Bu juda g‘alati edi. Uning boshqa klubga o‘tib ketishi taxmin qilinayotgandi. Ammo shuning barobarida bu bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan ikkilanishlar yo‘q emasdi, - deydi Mourino.
Shuningdek, portugaliyalik mutaxassis jamoasining “Betis”ga qarshi o‘yinini esga oldi va Shomurodovning ushbu o‘yindagi harakatlarini baholadi.
- O‘yinchilarda yuqoridagi vaziyat bilan bog‘liq xavotir ham yo‘q emasligini sezib turdim. Boz ustiga ular mavsumoldi tayyorgarlik jarayonini yakunlash borasida butun diqqat-e’tiborlarini shunga qaratgandilar. O‘ylaymanki, biz 50-55 daqiqa davomida yaxshi o‘ynadik. Shuningdek, uchrashuv chog‘ida raqobatbardosh jamoadek taassurot qoldirishga erishdik. Eldor Shomurodov bahsdan ikki kun oldin kelib qo‘shilgan bo‘lsa ham uchrashuvda o‘zidan yaxshi taassurot qoldiradigan darajada o‘ynadi. U bizga qanday o‘yinchi ekanligini namoyish etib berdi. Ammo keyinchalik hammasi yomon tugadi (yirik hisobdagi mag‘lubiyatni nazarda tutdi).
Abraxam klub tarkibiga yuqori ishtiyoq bilan kelib qo‘shildi. Umid qilamizki, u o‘zidan yaxshi taaasurot qoldirishda davom etaveradi. Bizda Temmi, Eldor, Borxo Mayoral bilan bog‘liq juda yaxshi variant bor va bu menga juda yoqyapti.
Mourino bilan suhbat jarayonida unga Shomurodovning “Roma”ga qanchalik foydasi tegishi haqida savol berildi. Bunga portugaliyalik mutaxassis atroflicha javob qaytardi.
- Ha, foydasi ko‘proq tegadi. Quloq soling, transfer oynasi avval boshidan men tasavvur qilgandan ham ko‘ra, biroz o‘zgacharoq bo‘ldi. Men ish boshlagan chog‘imda bosh menejer va sport direktoriga “Roma”ning o‘yinini tashkil etish uchun nimalar qilish kerakligi haqida o‘z fikr-mulohazalarimni bayon etgandim. Transfer oynasi o‘zimiz kutmagan holatlarni ham taqdim etib, biz Spinatstsolini uzoq vaqtga yo‘qotdik, keyin esa Jekodan ayrildik.
Eldorning transferidan juda xursandmiz. Chunki barqarorlik uchun shunday yo‘l tutish lozim edi. Hujum chizig‘ida tezroq harakatlanish va rang-baranglik uchun barqarorlik kerak edi. Shomurodovning transferidan qoniqdim. Qolaversa, shunday futbolchilarni jalb etgan chog‘imizda ishqibozlarning munosabati ham yaxshi bo‘ldi. Ehtimol, hamma shunday bo‘lishiga ishonqiramay qaragan bo‘lishi ham mumkin. Haqiqatan, transfer oynasi – bu juda murakkab bozordir. O‘z navbatida rahbariyatning oxirgi uch yil davomida amalga oshirgan ishlari xususida atrofdagilarning munosabati qandayligini ham hozirgi vaziyat tasdiqlab turibdi. Biz mana shunday munosabat bildiriladigan darajada ishlay olyapmiz, - deya fikr bildirdi, “Roma” ustozi.
Joze Mourinoning Shomurodov to‘g‘risidagi fikrlarini eshitish barchamiz uchun muhim va shu bilan birga yoqimli, to‘g‘rimi? Ko‘rib turganingizdek, murabbiy Eldorga ishonyapti va uning transferidan juda mamnun.
Yodingizda bo‘lsa, Joze “Inter”ni boshqargan paytida “Jenoa”dan argentinalik hujumchi Digeo Militoni olib kelgandi. Keyin u Mourino jamoasida qanday muhim futbolchiga aylanganini bilsangiz kerak-a? Bu safar “Roma” bosh murabbiyi sifatida “Jenoa”dan Shomurodovning transferini amalga oshirdi. Joze o‘zbek yigitining imkoniyatlarini yaxshi ilg‘ay oldi va uning yangi qirralarini ochsa ajab emas.
Fikrlar