
Jerar Pike. Kataloniyalik telba bezori hikoyasi!
“Hozirgidek yodimda. Messi juda qulay vaziyatda turgan edi. Pas bersam “Real” darvozasiga 3-golini urishiga shubham yo‘q, ammo 6-golni men urishim kerak, deb hisobladim. Agar zarbam o‘xshamasa, 2:5 ham yomon natija emas!”
Bundan o‘n uch yarim yil avval aytilgan bu so‘zlar sezib turganingizdek Jerar Pikega tegishli. “Santyago Bernabeu”ga tashrif buyurgan Xosep Gvardiolaning “Barselona”si muammosiz g‘alaba qozondi. Ko‘p o‘tmay, “taqir kalla afsungar” butun dunyoni hayratga solishi hech kimning hayoliga kelmagani aniq. Bu yaqin o‘tmishdagi ulkan voqeaning debochasi edi. Pep bilan biralikda Kataloniyaga Angliyadan tashrif buyurgan Jerar Pike uchun “Barselona”dagi yorqin mavsumlar boshlandi.
Mana bugun past balandliklardan iborat karera o‘z yakuniga etdi. O‘z muxlislari hushtagi ostida himoyachi butsalarini mixga ilib yuborish arafasida. Muxlislar esa uni afsonaviy futbolchi bo‘lganmi? degan savol ustidagi bahslarni boshlab yubordi.
O‘ylashimcha, Pikening hayotidagi eng yorqin kunlar endi boshlanmoqda. U bemalol OAV orqali chiqishlari qilishi, turli podkastlarda hech kimni ayamay keskin firklar bildirishi mumkin. Qo‘shimchasiga, Pike juda katta biznes proektlarning asoschisi sanaladi. Balki tez orada Evropada ham Ilon Maskning izdoshi paydo bo‘lar? Yoki barcha haqiqatlarni biladigan va yashirib o‘tirmaydigan top darajadagi jurnalistga ega bo‘lgandirmiz? Kelajak mavhum, ammo Pike “Barselona” klubi tarixida afsonalar qatoridan o‘rin egallashi aniq.
Futbol olamida himoyachi bo‘la turib mashxur bo‘lish oson emas. To‘p uchun kurash, qonli to‘qnashuvlar, og‘ir jarohatlar va kamida 10 yil sardorlik bog‘ichiga munosib maydondagi harakatlar. “Barsa”da bunday reputatsiya Karles Puyolga tegishli! Ispaniya termasida barcha Ramosni yodga olgani aniq. Shu bois, u karerasi davomdia hech qachon mudofaaning asosiy qismi sifatida e’tirof etilmagan.
Aslida, Jerar hech qachon futbol olami vakilli bo‘lmagan. U biznes va elektronikaga o‘zgacha mehr qo‘ygan. 2015 yilda hatto siyosatchi obrazida ko‘rinish berdi. “Barselona”ning titul homiysi sanalgan Rakuten kompaniyasi rahbarini klubga investitsiya kiritishga aynan qaxramonimiz ko‘ndirganidan xabaringiz bormi? Ispaniya termasidan taklif olishiga qaramay, Kataloniyaning ozodligi uchun kurashishni afzal bilib, katta musobaqalarni atayin o‘tkazib yuborganidanchi?
Futboldan tashqari hayoti shu qadar qiziq-ki, bemalol kino suratga olish mumkin. Yoshligidan Lui van Gal tarbiyasini olgan, Ser Aleks qo‘lida chiniqqan va Pep Gvardiolaning “jangchisi”ga aylangan yigit futbolda juda ko‘p narsani ko‘rgani aniq. Zlatanni avragan, Neymarni ijtimoiy tarmoqlar orqali jamoasiga qo‘shib olishga undagan, Grizmanning transferiga ta’sir ko‘rsatgan yigitni qo‘lidan ko‘p narsalar kelishiga shubha yo‘q.
Jerar faoliyatini qanday o‘tkazgan bo‘lsa, shunday yakunlamoqda: hech kim kutmagan paytda! E’tiborlisi shundaki, Pike bunga deyarli 2 yildan beri tayyorgarlik ko‘rib kelayotgan edi. Haqiqiy biznes odami sifatida uning ehtiyotkorligiga tan bermaslikning imkoni yo‘q So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, Pike “Barselona” unga qarz bo‘lib qolgan 52 million evrodan voz kechgan. Shunga qaramay, bu yigit hech narsani bekordan-bekorga qilmasligini unitmang. Katta ehtimol bilan, yaqin 10 yil ichida u “Barselona”ga qaytadi. Faqat, bu safar futbolchi bo‘lib emas, klub Prezidenti maqomida! Bunga unda etarlicha argument bor.
To‘g‘ri, futbolchi sifatida uni o‘z muxlislari ham hushtakbozlik bilan kutib olgan o‘yinlar etarlicha, biroq biznes olamida Pike bugungi avlod futbolchilarining istalganidan omadliroq ekanligini unitmaslik lozim. Barchasi uchun rahmat, telba bezori!
Ya . U
Fikrlar