
Jasur Jaloliddinov Italiyaga 16 dekabr kuni yo‘l oladi
«Bunyodkor» klubining kelajagi porloq futbolchisi sifatida e’tirof etilayotgan Jasur Jaloliddinov joriy mavsumda chempionatimizning kashfiyot futbolchilaridan biriga aylangani rost. Unga esa xorijlik skautlar katta qiziqish bilan qaray boshladilar.
Yaqinda Italiya V seriyasi ishtirokchisi «Benevento» klubi Jaloliddinov masalasida «Bunyodkor»ga taklif bilan chiqqan va futbolchimizga «Benevento» klubining bosh murabbiyi Filippo Indzagining shaxsan o‘zi qiziqib qolgandi. Shu boisdan Jasurning dekabr oyida Italiyaga borib ushbu klub safida ko‘rikdan o‘tishi kutilayotgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, Jaloliddinov 16 dekabr kuni Italiyaga yo‘l oladi. Futbolchining o‘zi bilan bu masalada bog‘langanimizda «Benevento» klubida besh kun davomida mashg‘ulotlarda ishtirok etishini ma’lum qildi. Shu vaqt davomida Jasur o‘zini ko‘rsatishga harakat qiladi. Shundan keyin ikkala klub vakillari yana futbolchi borasida muzokaralarni davom ettiradilar.
Fikrlar