Ja’far Irismetov: "Nima gap-so‘zligini "Paxtakor" murabbiylari yaxshiroq bilishadi"

  • 7 mart, 2023, 12:50
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

Nihoyat, yangi futbol mavsumi boshlandi. Superliganing ilk turidanoq chempionatdagi qaynoq intriga boshlanib ketganiga nima deysiz?

Tecno

Tabiiyki, bunday startdan keyin ko‘plab munosabatlar, bahs-munozaralar bildirilmoqda. Taniqli mutaxassislardan biri Ja’far Irismetov 1-tur va undagi kutilmagan natijalar to‘g‘risida fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Olimpik” tezkor o‘yin ko‘rsatdi”

"To‘g‘risi, kutilmagan natijadagi o‘yinlar 3-4 ta bo‘ldi. Birinchisi bu albatta chempion “Paxtakor”ning “Olimpik” klubiga qarshi o‘yini. Shatskix qurayotgan jamoa bu yil ko‘rinadi. Oldingi yili bazasi bor jamoani qabul qilib olgandi. O‘shanda chempion bo‘lishgan. Menimcha, bu yil Maksim Shatskix natija ko‘rsata olsa ishi ko‘rinadi. Rostini aytsam, “Olimpik” yaxshiroq o‘ynadi. Jismoniy holat bo‘yicha “Paxtakor”da ishlar ko‘ngildagidek emasdek. Birinchi o‘yinda futbolchilar og‘irga o‘xshab ko‘rindi. Bu mening fikrim. Nima gap, nima so‘zligini “Paxtakor” murabbiylari yaxshiroq bilishadi. “Olimpik” futbolchilari tezkor o‘yin ko‘rsatdi. Ikkinchi taym oxirlarida yakkama-kurashlarda “Olimpik” yigitlari motivatsiya kuchliligadanmi yaxshiroq ko‘rindi. Ammo “Paxtakor”da raqibga nisbatan mensimaslik holati kuzatldi, demagan bo‘lardim. Chunki o‘tgan yili ham “Paxtakor” “Olimpik” bilan uchrashuvda qiynalgan. O‘shanda birinchi davra durang, ikkinchi davrada “Paxtakor” yutgandi".

irismetov

“Nasaf” uyida yutqazdi, nega bunday bo‘ldi?”

"Keyingi sensatsiya natija “Nasaf”ning o‘z uyida yutqazishi bo‘ldi. Bilmayman, nega bunday bo‘ldi? To‘g‘risi, “Paxtakor”da ham, “Nasaf”da ham o‘yin ko‘rganimiz yo‘q. Deylik, taktika, o‘yin chizgisi bilinmadi. Ro‘ziqul Berdievni ko‘proq bilaman. Menimcha, asta-sekinlik bilan joyiga tushib oladi. O‘ylashimcha, “Nasaf” Osiyo Chempionlar ligasiga tayyorgarlikni vaqtliroq boshlagan. Xullas, birinchi o‘yinda o‘xshamadi. O‘yindan keyin raqib jamoa murabbiyi ham aytdi, bitta vaziyatdan foydalanib ketishdi. “Paxtakor”ga kelsak, birinchi o‘yindanoq o‘z darvozasidan 3 ta gol o‘tkazib yuborishi evaziga himoyadagi muammolar yaqqol ko‘rinib qoldi, deb o‘ylayman. O‘rtada markaziy himoyachilar yo‘qligi desa ham bo‘ladi. “Qayrat” bilan uchrashuvda ham aynan markaziy himoyachilarning qo‘pol xatolari bilan gollar o‘tkazilgan. Men faqat ko‘rgan narsamni aytyapman".

“Buxoro”ning g‘alabasini sensatsiya deya olmayman”

"Yana bir meni hayron qoldirgan o‘yin “Turon” – “Buxoro” uchrashuvi bo‘ldi. Baxtiyor Ashurmatov “Turon”ni yaxshiroq o‘yinchilar bilan to‘ldirgandi. Shuning uchun maydon egalaridan g‘alabani kutgandim. Ammo ko‘rinib turibdiki, “Buxoro” ham yomon jamoa emas. Hakim Fuzaylov yaxshi tarkib tuzyapti. U erda yaqqol taktik tomondan yutib ketdi, deb hisoblayman. Lekin bu g‘alabani sensatsiya deya olmayman. Baribir pro ligadan chiqqan ikkita jamoa to‘qnashuvida ko‘proq “Turon”dan g‘alaba kutgandim".

irismetov3

“Metallurg”ni o‘z uyida yirik hisobda yutqazgani men uchun yangilik emas”

"Qolgan o‘yinlarda kutilmagan natijalar bo‘lmadi. OKMK munosib ravishda yutdi. O‘ylashimcha, bu yil “Surxon”, “Qizilqum” kabi jamoalar qiynaladi. “Metallurg”ni ham o‘z uyida 0:3 hisobida mag‘lub bo‘lgani men uchun yangilik bo‘lgani yo‘q. O‘zi ularni mavsum oldidan ko‘rilgan tayyorgarligidan ma’lum edi. Selektsiya bo‘yicha ham muammolari bor edi".

“So‘g‘diyona” futbolchilarida klass balandroq, “Bunyodkor”ning omadi keldi”

"Shuningdek, “So‘g‘diyona”ning “Bunyodkor”ga yutqazganiga kelsak, “Qaldirg‘ochlar” safida yoshlar ko‘p, motivatsiya bor edi. Menimcha, “So‘g‘diyona”da futbolchilarning saviyasi bo‘yicha klass balandaroq edi. “Bunyodkor”ning omadi keldi".

irismetov2

“Hozir qandaydir taktika haqida gapirishga erta”

“Navbahor” birinchi uchrashuv bo‘lishiga qaramasdan “Qizilqum”ni engil yutib ketdi. Jamoaning savsiyasi va klassi bo‘yicha g‘alaba qozondi. Futbolchilarning saviyasi baland. Hali ko‘p jamoalarda o‘yin tizimi yo‘lga qo‘yilmagan. “Paxtakor”da yoki “Nasaf”ga etishmagan narsa. “Navbahor” ta’kidlaganimdek, o‘yinchilarning tajribasi evaziga yutdi. Qandaydir taktika to‘g‘risida gapirishga hali erta. “Qizilqum” juda bo‘sh. Yuqorida aytganimdek, bu klubdan tashqari “Surxon”, “Metallurg” kabi klublarga bu yil ancha qiyin bo‘ladi".

“Xomyakov hamma raqibga bosh og‘rig‘i bo‘ladi”

"Aleksandr Xomyakov jamoasiga ham to‘xtalib o‘tmoqchiman. Menimcha, bu jamoa o‘z uyida hamma raqibga bosh og‘rig‘i bo‘ladi. Safarda qanaqa bo‘lishini bilmayman. Chempionat qiziq boshlandi, menga yoqdi. Birinchi turdanoq intriga kuzatildi. Baribir maydonlarning tayyor emasligi ham ko‘zga tashlanib qoldi".

Shuhratbek Jo‘raev.  

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!