
«Istiqlol» bilan o‘yin tasodif edimi? Masharipovning jamoasiga qarshi o‘yin qahramoni javob berdi (Intervyu)
Kecha tunda bo‘lib o‘tgan AGMK - “Shabab Al-Ahli" o‘yindan so‘ng, Olmaliq klubi futbolchisining fikrlari bilan qiziqdik.
- Bugungi bahsda chinakam iroda namoyish etildi. Ikkinchi bo‘lim oldidan Mirjalol Qosimov qanday ko‘rsatmalar bergan edi?
"Ochig‘i birinchi golni o‘tkazib yuborgach, umuman tushkunlikka tushib qolgandik. Tanaffusda esa, Mirjalol aka bizni ruhlantirib yubordilar. Ularga yanada agressiv pressing uyushtirishimizni talab qildilar. Ikkinchi taymda haqli ravishda g‘alabani ilib ketdik, deb hisoblayman. Bugun butun jamoa xarakter namoyish etdi. O‘yindan oldin bizga oson bo‘lmasligi aniq edi. Shuningdek, BAA jamoasi ham bizdan osonlik bilan ochko olmasligini bilib, maydonga tushdi.
- AGMK o‘z tarixida ilk bor OChL o‘yinida zafar quchdi. Buning asosiy sababi nimada, deb o‘ylaysiz?
"Birinchi navbatda, to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgan jamoaviy o‘yin. Bizga tanaffusda bosimni oshirishimiz kerakligini aytishdi. Biz bajardik. So‘nggi daqiqalarga qadar ko‘rsatmaga amal qildik. Yakunda, g‘alabani ilib ketdik. Uydan uzoqda to‘p surgan bo‘lsakda, 1 daqiqa ham diqqatimizni yo‘qotganimiz yo‘q. O‘ylashimcha, barchasi murabbiylar va futbolchilarning bir tempda harakat qilayotgani bilan bog‘liq.
- Jarohat sababli sizni anchadan beri katta o‘yinlarda ko‘rmagan edik. Bugun g‘alaba golini kiritdingiz. Aytingchi, muammoli kunlarni boshdan o‘tkazgach, yana katta sahnaga ko‘tarilish qanchalar yoqimli?
"Darhaqiqat, jarohatim bois, o‘tgan mavsumning katta qismini o‘tkazib yuborishga majbur bo‘ldim. Endilikda o‘z sport formamni tiklab boryapman. Kiritgan golim jamoaga yordam berganidan xursandman. Hal qiluvchi golni urgan inson qanday mamnun bo‘lsa, shunday quvondim. Asosiysi, natija bizni to‘liq qanoatlantirdi.
- Bu g‘alaba ruhiy ustunlik taqdim etadimi?
"Bo‘lmasamchi, bunday uchrashuvlardan so‘ng, futbolchilarda o‘z kuchiga ishonch yanada ortib ketadi. Ayniqsa, dramatik bahslarda olingan 3 ochkoning qiymati baland. Bu o‘yindan so‘ng, guruhdagi vaziyat bilan birgalikda, ruhan ancha engil tin oldik. 3 ochko bor demak, biz to‘g‘ri yo‘ldan ketyapmiz.
- Bilasizmi, Osiyoning eng nomdor jamoalari bilan 4 ochko ishlab oldik, ammo Tojikisotonning "Istiqlol" klubiga mag‘lub bo‘ldik. Bu o‘yinni tasodifga yo‘yish mumkinmi? Yoki mag‘lubiyatga boshqa sababni ko‘rsata olasizmi?
"Men tasodifga yo‘ymagan bo‘lar edim. Gap shundaki, bu OChL! Bu erda kuchsiz klublar bo‘lmaydi. Barchada imkoniyat bor. Ular ham biz singari har qanday o‘yinda g‘alaba qozonishi mumkin. Kuchsiz jamoalar bo‘lmagan o‘yinlarda hamma voqea sodir bo‘lishi mumkin. Katta ehtimol bilan, "Istiqlol"ga qarshi uchrashuvda psixologik yaxshi tayyorlanmaganimiz pand berdi. Mag‘lubiyatning asosiy sababi shu. Oldinda bizni yana 3 o‘yin kutib turibdi. Vaziyatni yanada yaxshilash uchun imkon bor".
Fikrlar