Ippon bilan yutishimni his qilib turgandim, Evropadagi yig‘in katta yordam berdi, raqiblar uchun syurprizlar tayyorlab qo‘yganmiz - Ulan-Batordagi "Katta dubulg‘a" turniri g‘olibasi Diyora Keldiyorova bilan eksklyuziv intervyu

  • 2 iyul, 2022, 13:05
  • Javokhir Azimov
  • 0
  • Dzyudo
CHERY AUTO

Bir necha kun oldin Mo‘g‘ulistonning Ulan-Bator shahrida dzyudo bo‘yicha "Katta dubulg‘a" turkumiga kiruvchi turnir ortda qoldi. Unda vakillarimiz 1 tadan oltin va kumush hamda 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Biz SPORTS.uz o‘quvchilari uchun chempionlikni qo‘lga kiritgan Diyora Keldiyorova bilan eksklyuziv intervyu tashkil etdik. 

Tecno

Avvalambor, "Katta dubulg‘a" oltin medali muborak bo‘lsin. G‘alaba qozongan soniyalardagi emotsiyalar bilan o‘rtoqlasha olasizmi?

Tabrik uchun katta rahmat! Emotsiyaga keladigan bo‘lsak, bu turnirda nisbatan xotirjam kurashdim. Chunki Gran-prining muhimligini anglagan holda, unga yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandim. Bir oy davomida Avtriya va Xorvatiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazdik. Shu bois, o‘zimni katta bahslarga ruhan tayyorlab borgandim.

Eng qiyin jang qaysi biri bo‘ldi? Va nima uchun.

Albatta, har bir sportchi uchun eng qiyin jang bu birinchi bosqichdagisi hisoblanadi. Chunki dastlabki bellashuvda tabiiy ravishda hayajon bo‘ladi. Shuningdek, tatamiga moslashib olish uchun ham biroz muddat talab etiladi. Umuman olganda, bu katta turnir va unda oson janglarning o‘zi yo‘q! Ammo nisbatan qiyinrog‘i sifatida ilk bosqichni ko‘rsata olaman.

O‘zingizga eng yoqqan g‘alaba-chi?

Ikkinchi bosqichdagi germaniyalik Masha Balxausga qarshi jangim o‘zimga juda yoqdi. Sababi, o‘sha bahsda erkin kurashdim. O‘zim istagan usullarni qo‘llashim oson kechdi va shunisi bilan yodimda qoldi.

photo_2022-06-24_19-11-21

Yarim finaldagi ippon haqida gapirsangiz. O‘sha vaziyat uchun qariyb 3 daqiqa tayyorlandingizmi?

Yarim final uchun tayyorgarligim juda puhta edi. Bu qiz bilan 3-bor to‘qnash keldik. Avvalgi 2 bahsda ham g‘alaba qozongan edim. Ippon bahosiga keladigan bo‘lsak, buni bajarishimni oldindan his qilib turgandim. Vaziyat ham shunga qarab ketayotgandi. O‘z navbatida, raqibam ham mening harakatlarimni kuzatib, qarshi usullarni qo‘llayotgandi. Menimcha, shu sababdan biroz vaqt ketdi.

Murabbiylar tinmay ko‘rsatmalar berib turdi. Turnir davomida ularning qaysi maslahatlari eng ko‘p foyda keltirdi.

Hozirda murabbiy Marko Shpitka qo‘l ostida shug‘ullanyapman va musobaqalarga ham aynan shu mutaxassis qo‘l ostida boraman. U doim kumi-kata (zaxvat) usullariga ko‘proq e’tibor qaratishim kerakligini ta’kidlaydi. Raqibning qaysi qo‘lini zararsizlantirishim kerakligini doim eslatib turadi. Shu maslahatlar menga juda ko‘p yordam berdi. Kumi-katada kim kuchliroq bo‘lsa, uning g‘alabaga erishish ehtimoli yuqori bo‘ladi. 

O‘tgan yilgi Jahon chempionatida qo‘llagan "korennoy" usulingiz haligacha foyda bermoqda. Ammo agar raqiblaringiz buni o‘rganib, unga qarshi chora topsa, uning o‘rniga boshqa kombinatsiya ustida ishlayapsizmi?

Albatta, raqiblar uchun syurprizlar tayyorlab qo‘yganmiz. Xudo xohlasa, Toshkent mezbonlik qiladigan Jahon chempionatida ulardan foydalanib, yangi g‘alabalarga erishmoqchiman. Har bir sportchining o‘z yashirin usullari bo‘ladi. Chunki uni kuzatadigan raqiblari qaysi usullardan foydalanayotganini o‘rganadi. Shuning uchun ham raqiblar kutmagan tomondan ochko ishlash yo‘llarini izlayapmiz.

IMG_20220702_125346

Turnirga Avstriya va Xorvatiyadagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini orqali tayyorgarlik ko‘rdingiz. Bu qaysi jihatlarda foyda berdi deb o‘ylaysiz?

Shubhasiz, juda katta yordam berdi, deb ayta olaman. Chunki Evropada dunyoning eng kuchli dzyudochilari bilan birga mashg‘ulot olib bordik. Bu bizga faqat foyda berdi. Hech kimga sir emas, dzyudo eng yaxshi rivojlangan mamlakatlar ham aynan "ko‘hna qit’a"da. Osiyoda faqatgina Yaponiya, Koreya, Mo‘g‘uliston va O‘zbekistonda yaxshi sportchilar bor. Evropada esa, hamma birdek kuchli. Mashg‘ulotlarning har birida kamida 20 ta davlatdan dzyudochilar ishtirok etdi va bu bizga qo‘l keldi. Ular bilan tajriba almashishimiz yakunda bizning foydamizga ishladi.

Endigi rejalar qanday? Oldinda qanday nufuzli musobaqalar bor?

Osiyo chempionati, Islom birdamlik o‘yinlari va eng kattasi Jahon chempionati bor. Hozir ularga tayyorgarlik ko‘ryapmiz va umid qilamanki, yurtimiz hisobiga medallar shodasini taqdim etamiz!

Javohir Azimov suhbatlashdi

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!