
Ilyos Zeytullaev: "Tanaffusda yigitlarni ko‘ziga qarab g‘alaba qozonishimizga ishongandim"
O‘zbekiston Kubogining guruh bosqichi 1-turidan o‘rin olgan "Bunyodkor" - "Buxoro" (1:0) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar ustozi Ilyos Zeytullaev o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Hozir fikrni jamlab aniq nimadir aytish qiyin. Boisi, hissiyotlar yuqori darajada. Ayrim vaqtlarda o‘ylab qolaman, faqat futbol shunday hissiyotlarni taqdim eta oladi. To‘liq bitta taym bir kishi kam bo‘lib harakat qilish, yakunda g‘alaba qozonish, yigitlar takrorlanmas ishni amalga oshirishdi. Albatta juda qiyin g‘alabadan xursandman. Zero, bugungi g‘alaba jipslik, bir-birini qo‘llash, katta mehnat evaziga qo‘lga kiritildi. Men jamoam bilan faxrlanaman!
Bugun maydonda harakat qilgan barcha futbolchilar haqiqiy ruhiyatni, xarakterni ko‘rsatdi. Maydonda necha daqiqa bo‘lishidan qat’iy nazar so‘nggi soniyalargacha kurasha olishlarini isbotlashdi.
Maydonda bir kishi kam bo‘lib qolganimizda ham futbol o‘ynashga, vaziyat yaratishga harakat qildik. Bunday g‘alabalar mehnat, sabr va ko‘zga ko‘rinmaydigan ko‘plab jihatlar evaziga qo‘lga kiritiladi. Albatta, bugungi g‘alaba futbolchilarniki, qolaversa, atrofimizda mehnat qilayotgan, ko‘zga ko‘rinmaydigan insonlarniki ham. Xususan, akademiyamiz oshxonasida ertalabdan kechgacha xizmat qilayotgan oshpazlarimizni, bizga maydonlarni tayyorlab berayotgan mutaxassislarimizni aytib o‘tmasam bo‘lmaydi.
Tanaffusda yigitlarni ko‘ziga qarab bugungi o‘yinda g‘alaba qozonishimga ishongan edim. Shunchaki, ular bunga ishonsa kifoya edi. Ishonishdi va buni uddaladik".
Fikrlar