
Ilhom Qurbonov: Akademiya filiallarini ochish loyihasi Gulistongacha o‘z ichiga oladi
Yaqinda «Mash’al» klubi akademiyasining Xorazmda o‘z filiali ochilgani to‘g‘risida xabar bergandik. Shu tariqa, klub akademiyasining geografiyasi kengayib bormoqda. Lekin qiziq tomoni, klubning o‘z akademiyasi vaqtincha yopilgan va hali ish faoliyatini boshlagani yo‘q. Shunga qaramay, «Mash’al» rahbariyati rivojlanish strategiyasini to‘xtatib qo‘ymoqchi emas va o‘ylab qo‘ygan loyihalarini amalga oshirishayotgani e’tiborga molikdir. To‘g‘ri, o‘ziga yarasha qiyinchiliklar ham bo‘lyapti. Lekin bunday holatlar «Mash’al»ni tanlagan yo‘lidan qaytara olmayapti. Ularning Xorazmda o‘z filialiga ega bo‘lishi esa rivojlanishning bir yo‘lidir va bu borada ular katta qadam tashlashdi desak ham bo‘laveradi. Ayniqsa, bugungi kunda hukumatimiz tomonidan bolalar sportiga qaratilayotgan katta e’tibor zamirida «Mash’al» klubining ham bolalar futbolida amalga oshirayotgan ishlarini faqat ma’qullash mumkin. Oxirgi yillarda esa muborakliklar umuman boshqacha strategiya va yo‘nalish bo‘yicha ish boshlashdi. Hozirda boshlanayotgan ishlar esa vaqt kelib yana o‘z mevasini berishiga ishonsa bo‘ladi. Shu bois mazkur masala bo‘yicha klub ijrochi direktori Ilhom Qurbonov bilan bog‘landik.
- Urganchda «Mash’al» akademiyasining filialini ochish g‘oyasi va tashabbusi kimdan chiqdi?
- Klubning strategiyasida bu narsa bor edi va ushbu loyiha ustida ishlayotgandik. Biz hududlarni to‘liq o‘rganib chiqqanmiz. Aniqrog‘i, o‘rganishlarimiz Gulistongacha bo‘lgan hududlarni o‘z ichiga oladi. Masalan, Samarqandda aholi ko‘p. Shuningdek, olisda joylashgan Xorazmda ham iqtidorli yoshlar ko‘p-u, ammo ularni yarim yo‘ldayoq yo‘qotib qo‘ymoqdamiz. Biz mana shu jihatlarini ham o‘rganib chiqdik. Chindan ham Urganchda iqtidorlar juda ko‘p. Shuning uchun u erda filialimizni ochishga qaror qildik. Bundan tashqari, o‘zimizda, ya’ni, Qashqadaryoning markazi hisoblangan Qarshi shahrida ham «Mash’al» akademiyasining filialini tashkil qilganmiz. Bu ikkalasi hozircha sinov loyiha sanaladi. To‘g‘risini aytsam, Xorazmda yana bir filialimizni ochishni rejalashtirganmiz. Ayniqsa, aholisi zich joylashgan biror-bir tumanida «Mash’al» filialini ochmoqchimiz.
- Futbol jamoatchiligida ba’zi-bir savollar tug‘ilmoqda. Unga ko‘ra «Mash’al»ning o‘z akademiyasi vaqtincha yopilganiga qaramasdan, boshqa hududlarda filiallarini ochmoqda…Bunga qanday izoh bergan bo‘lardingiz?
- Filiallarimizni ochayotganimizga kelsak, bular o‘zimizning akademiyamizga boshqa hududlardan eng iqtidorli bolalarni etkazib berish ma’nosini anglatadi. Oldin ham aytganman: O‘z akademiyamizni vaqtincha to‘xtatib turganimiz, bu yopildi degani emas. Shunchaki, biz ayrim kamchiliklarimizni bartaraf etgan holda bugungi kunda zamonaviy ko‘rinishga keltirmoqdamiz va yaxshi kadrlar bilan to‘ldirmoqchimiz. Biz oldinga qadam tashlash uchun akademiyamizni yangilayapmiz hamda filiallarni tashkil qilyapmiz. Bundan ko‘zlangan maqsad ish unumdorligi va sifatini yanada yaxshilashni ko‘zlaganmiz. Aynan shuning uchun ushbu loyihamizni amalga tatbiq etyapmiz. E’tibor bering, endilikda asosiy akademiyamiz uchun filiallarimiz ishlaydi. Shunday ekan, bizning akademiyamiz aslo yopilib ketmaydi. Faqat vaqtinchalik to‘xtab turibdi xolos. Hozirda bu erda modernizatsiyalash ishlari oxiriga etib qoldi. Akademiyada barcha qulayliklarni yaratmoqchimiz.
- Urganchdagi filialda ishlash tartib qanday? Nechta murabbiy va bolalar qabul qilinadi?
- Har bir tumanda ikkitadan murabbiy ishlaydi. Tabiiyki, filialimizdagi akademiyaga barcha o‘quv qurollari va elementarlarni etkazib berishni «Mash’al» klubi o‘z bo‘yniga oladi. Ularning vazifasi esa iqtidorli yoshlarni bizga etkazib berishadi.
- Hozirda asosiy akademiyadagi ishlar qanday olib borilyapti va qachonga ishga tushirilishi rejalashtirilgan?
- Sizga qaysidir sanani muxlat sifatida aytsam yolg‘onchi bo‘lib qolishim mumkin. Tez kunda barcha masalalar bir tarafga echiladi. Ishonamanki, akademiyamiz yana ish faoliyatini boshlashiga oz fursat qoldi. Isitish tizimlari yangilandi. Faqat yuvinish va kiyinish xonasida ozgina muammoimiz qoldi. Umuman olganda, 95 foiz ishlar tugatilgan. Faqat 5 foizlik darajadagi oxiriga etkazilishi kerak bo‘lgan ishlar qoldi xolos. Biz tarbiya oladigan bolalarga barcha sharoitlarni yaratib bermoqchimiz va bu borada muammolar bo‘lmasligi kerak. Shuning uchun ham akademiyamizni to‘liq modernizatsiyadan chiqaryapmiz. Agarda hozirda ob-havo issiq bo‘lganida bolalarni qo‘yib yubormasdik. Lekin biz avvalo ularga etarli sharoitlarni yaratib berishimiz kerak. Shamollamasliklari, mashg‘ulot jarayonlarini qoldirmasliklari kerak. Shuning uchun qulayliklarni oxirigacha yaratmagunimizcha sabr qilib turamiz.
- Akademiya tarbiyalanuvchilari qaerda? Uylarida dam olishyaptimi?
- Hammasiga individual dastur berganmiz. Shu bo‘yicha murabbiylar ularni nazorat qilib turishibdi.
- «Mash’al» hududlarda o‘zining filiallarini ochish uchun dastlabki qadamlarni tashladi. Vodiyda ham iqtidorlar juda ko‘p. Shu bois u erda ham akademiyaning filialini ochish rejasi bormi?
- Hozirgi loyihamiz to‘g‘risi Gulistongacha qaratilgan. Toshkent yoki vodiy tomonlarga hozircha o‘tganimiz yo‘q. Albatta, vodiy tomonlarni ham o‘rganishni boshlaymiz. Faqat bu tomonlarni ko‘rib chiqqanimizda biroz noqulayliklarni keltirib chiqaryapti. Hammasining o‘ziga yarasha plyus va minus tomonlari bor. Maxsus komissiyamiz bilan maslahatlashgan holda vodiy tomonidagi loyihamizni to‘xtatib turibmiz.
Fikrlar