
Husanovning Gvardiolani hayratga solgan uchta sifati aytildi!
Abduqodir Husanov Angliya Premer-ligasi klubi bilan uzoq muddatli rasmiy shartnoma tuzgan birinchi va yagona o‘zbek futbolchisi sifatida o‘z nomini tarixga yozdirib qo‘ydi.
O‘z yurtida professional darajada birorta uchrashuvda maydonga tushmagan o‘zbekistonlik futbolchining qisqa muddatda dunyoning eng qudratli klublaridan biriga o‘tishini haqiqiy sarguzashtga qiyoslay mumkin.
Tasavvur qiling, 2022 yili Belarus chempionatida ilk professional bitimini imzolagan Husanov bir yildan keyin Frantsiyaning o‘sha paytdagi vitse-chempioni “Lans”ga ko‘chib o‘tgandi. Evropaning “Top-5” ligasidagi faoliyatini boshlaganidan bir yarim yil o‘tib, legionerimiz Angliyaning amaldagi chempioni safiga qo‘shildi.
Abduqodir Husanovni Evropaning yigirmaga yaqin klubi changalidan yulib olgan “Manchester Siti” klubi bosh murabbiyi Xosep Gvardiolani o‘zbek o‘yinchisining qaysi xususiyatlari qiziqtirib qo‘ygan edi?
Evropa futboli ekspertlari 20 yoshli himoyachining “Lans” klubi va O‘zbekistonning yoshlar va milliy terma jamoalaridagi o‘yinlarini tahlil qilib, “Manchester Siti” ustozining e’tiborini qozongan futbolchimizning boshqalarga nisbatan uchta kuchli jihatini aniqlashdi.
Dinamika va shiddat: Abduqodir Husanov to‘pni olib qolish va to‘xtatib qolish kabi muhim himoyaviy ko‘rsatkichlarni yuqori darajada uddalashi bilan ajralib turadi. Bu ko‘rsatkichlar bo‘yicha u Frantsiya chempionatining eng zo‘r himoyachilari reytingida peshqadamlardan biri bo‘lgan.
Ko‘pfunktsiyaviylik: Bu terminni serqirralik, universallik kabi boshqa atamalar bilan ham turlicha nomlash mumkin. Husanovning asosiy ampluasi markaziy himoyachi bo‘lishiga qaramay, turli himoyaviy sxemalarga moslasha oladi, orqa chiziqning istalgan nuqtasida, hatto har ikki qanotda ham o‘ynay oladi. Bundan tashqari, 20 yoshli futbolchi zarur vaziyatda tayanch yarim himoyachisi vazifasini ham uddalaydi. Universallik bosh murabbiy Xosep Gvardiola alohida qadrlaydigan xususiyatlardan hisoblanadi.
O‘sish salohiyati: Abduqodirning ayni paytda hammani hayratga solayotgan mavqei bu eng yuqori daraja emas. Himoyachi sifatida himoyalanishning ko‘plab ko‘nikmalarini o‘zlashtirgan futbolchimiz mahoratini yanada oshirish salohiyatiga ega. “Manchester Siti” murabbiylari o‘zbekistonlik legionerning yangi qirralarini ochishi kutilyapti.
Bundan tashqari, Husanov yosh bo‘lishiga qaramay, xotirjam va sovuqqonlik bilan harakat qilishi, yakkakurashlardan qochmasligi, tezligi juda yuqori ekani, hujum va qarshi hujumlarni boshlash mahorati, o‘yinni o‘qish qobiliyati juda yaxshi shakllangani ham e’tirof etilmoqda.
Ekspertlar “Manchester Siti”ning o‘yin uslubi “Lans”nikidan farq qilishi, “shaharliklar” to‘pni to‘liq nazorat qilish orqali o‘yin tashkil etishini inobatga olib, aynan mana shu jihat Abduqodir Husanovdan talab qilinishini ham ta’kidlab o‘tdi.
Eng muhimi esa, Husanov Xosep Gvardioladek jahon futbolida ham o‘yinchi, ham murabbiy sifatida chuqur iz qoldirgan insondan saboq olish imkoniga ega bo‘ldi. Qolaversa, endi zamonaviy futbol vatani Angliyada ham Abduqodir Husanov timsolida o‘zbek futbolchilarining nimalarga qodirligini bilib olishadi.
Fikrlar
"Уз юртида профессионал даражада биронта уйинда катнашмаган"???