"Har kuni klubimdagilar meni qo‘llab-quvvatlab smslar jo‘natishdi, frantsuz tiliga qiziqaman, lekin..." - Ibrohimxalil Yo‘ldoshev bilan suhbat

  • 9 may, 2024, 15:08
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 2
  • Futbol
CHERY AUTO

O‘zbekiston U23 terma jamoamiz Qatardagi Osiyo Kubogida muvaffaqiyatli qatnashib, Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi va o‘zbek futboli tarixidan joy oldi.

Tecno

Albatta, finalda Yaponiyani engish imkoniyati ham bor edi. Biroq omad yuz o‘girdi.

Terma jamoamiz safida legioner o‘yinchilarimiz ham katta hajmdagi ishni bajardilar. Masalan, Qozog‘istonning “Qayrat” klubi sharafini himoya qilayotgan Ibrohimxalil Yo‘ldoshev ham terma jamoamizning Olimpiada chiptasiga ega chiqishida munosib hissasini qo‘shdi.

Kuni kecha ushbu legionerimiz Sports.uz saytiga intervyu berdi.

- Terma jamoamiz nihoyat Olimpiada yo‘llanmasiga ega chiqdi. Ammo finalda yutqazdik. Shunga qaramay, kayfiyatingiz yaxshimi?

- Albatta, yutqazish haqida o‘ylamagandik. Chunki maqsadimiz gol o‘tkazmasdan chempion bo‘lish edi. Ha, Yaponiya Osiyodagi kuchli jamoalardan biri. Olimpiadaga 1-o‘rin bilan chiqish boshqacha kayfiyat bag‘ishlagan bo‘lardi. Nasib qilmabdi. Xudoni xohishi shunday ekan. Shunga qaramay, Olimpiadaga chiqish barchamizning orzu va maqsadimiz. Biz aynan shu maqsadimizga erishdik. Tarixiy natija qildik. Bundan juda ham xursandmiz. O‘zbekiston uchun katta natija.

- Terma jamoamizning finaldagi mag‘lubiyati haqida nima degan bo‘lardingiz? Balki uchta futbolchimizni klublariga qaytib ketgani ta’sir ko‘rsatdimi yoki shunchaki omad etishmadimi?

- To‘g‘risi, omad etishmadi. O‘yin teng kurashlar ostida o‘tdi. Raqibimiz ham ancha kuchli tayyorlangan ekan. Bilinib turgandiki, ular har bir pozitsiyamizdagi futbolchilarni sinchiklab o‘rganib maydonga tushishgan. Yaponiya oldindan juda kuchli terma jamoa. Aytganimdek, omad etishmadi. Barchasini bir dona gol hal qildi. Penalti – bu 50x50 vaziyat. Buni xuddi lotereya desa bo‘ladi. Futbolda omadga ham ko‘p narsa bog‘liq.

- Olimpiada yo‘llanmasi qo‘lga kiritilgach, "Qayrat" klubiga qaytganingizda sizni qanday kutib olishdi va nimalarni aytdilar?

- Klubdagi do‘stlarim o‘yinlarimizni qoldirmasdan ko‘rishdi. Har kuni menga omad tilab qo‘llab-quvvatlab smslar jo‘natishdi. Qolaversa, klub rahbariyati ham men bilan doim aloqada bo‘lib qo‘llab turdilar. Albatta, bu holat menga o‘zgacha kuch bag‘ishladi. “Qayrat”ga qaytganimdan keyin ham Olimpiadaga chiqqanimiz uchun tabriklashdi. Bu borada ularning xursandliklarini ko‘rdim. Meni Qatardagi musobaqaga qo‘yib yuborishgani uchun klub rahbariyatidan minnatdorman.  

-  Hozirdan Olimpiada haqida o‘ylashni boshladingizmi? Balki frantsuz tiliga qiziqayotgandirsiz?!

- Hozir ko‘proq klubimga yordam berishga va Qozog‘iston chempionatida yuqoriroq o‘rinlarga chiqish haqida o‘ylayapman. Jamoamga yordam berishga harakat qilyapman. Xabaringiz bor, men yo‘qligimda jamoamda ketma-ket mag‘lubiyatlar bo‘ldi va murabbiy almashdi. To‘g‘risini aytsam, bu erda ham o‘z o‘rnim borligi haqida unutmasligim kerak. Shuning uchun Frantsiya haqida terma jamoamiz yig‘ini boshlanganida Timur Kapadze va jamoadoshlarimiz bilan birga o‘ylashga harakat qilamiz. Frantsuz tiliga qiziqaman. Lekin hali o‘rganish haqida o‘ylamadim.

- Osiyo Kubogida sizga chetdan qiziqish bildirgan klublar ham bo‘ldimi?

- Rostini aytsam, bu haqida eshitmadim. Chunki bunday ishlar bilan agentlarim shug‘ullanishadi. Balki hali transfer oynasi ochilmagani uchun boshqa takliflar haqida aytishmagandir.

- Olimpiadadagi guruhimiz haqida nimalarni ayta olasiz?

- Birinchi o‘rinda Olimpiadaga chiqqan jamoalar bejizga bunday nufuzli musobaqaga yo‘l olishmagan. Hammasi qandaydir to‘siqlardan, qiyinchiliklardan o‘tib, Olimpiadaga chiqishgan. Hammasi kuchli jamoalar. Ammo yutib bo‘lmaydigan jamoalar emas. Bizni ham kuchsiz deb bo‘lmaydi. Barcha top darajadagi termalar bilan raqobatlasha olamiz. Bunga to‘liq ishonaman. Birinchi o‘yinimiz Ispaniya bilan. Ular yig‘in o‘tkazishgani uchun kelishganida o‘rtoqlik uchrashuvida durang o‘ynagandik. To‘g‘ri, o‘shanda ispanlarni bir-ikkita asosiy o‘yinchilari bo‘lmagan. Bu safar tabiiyki, barcha kuchli futbolchilari keladi. Bu degani biz ilk turdayoq eng kuchli raqiblardan biri bilan bellashamiz. Jang qilishga tayyormiz. Olimpiadada munosib qatnashib, yuqori natijalar ko‘rsatish uchun shunga yarasha jiddiy tayyorgarlik ko‘ramiz.

Shuhratbek Jo‘raev.   

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
Olimov imomali
12/05/2024 12:09
Омадингларни берсин
Pardayev Shavkat
10/05/2024 02:15
Омад!!!