Husanov izidan... Gvardiola Frantsiyadan yana bir superfutbolchi topdi

  • 2 oktabr, 16:38
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

2025 yilning 20 yanvar kuni “Manchester Siti” Frantsiya chempionatida ishtirok etayotgan “Lans” klubidan o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovni 40 million evro evaziga transfer qilgan edi.

Tecno

Avvaliga ko‘pchilik bu transferga katta shubha bilan qaradi va yosh legionerning Angliya Premer-ligasidek murakkab chempionatda o‘ynab ketishi qiyinligini ta’kidladi.

Biroq, Husanov qisqa muddatda nimalarga qodirligini ko‘rsata boshladi. Ayniqsa, yangi mavsumda Xosep Gvardiolaga ikki yildan beri qattiq bosh og‘rig‘i bo‘layotgan o‘ng qanot himoyasidagi muammoga zo‘r echim bo‘la olishini ko‘rsatdi.

Ispaniyalik mutaxassisning o‘zi Abduqodir Husanovning “Manchester Siti”ga kelishini yilning eng yorqin transferi, deb atadi va o‘zbek futbolchisi uzoq muddat “Etixad” arenasida faoliyat yuritishidan umidvor ekanini alohida ta’kidladi.

Yozgi transferlar oynasining so‘nggi kunida “shaharliklar” Frantsiya chempionatidan yana bir katta transferni amalga oshirdi. Bu gal Gvardiola jamoasiga PSJ tarkibida Liga 1 chempioni va Evropa Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘lgan mashhur darvozabon Janluiji Donnarumma qo‘shildi.

Iqtidorlarga boy bo‘lgan Frantsiya chempionatini sinchkovlik bilan kuzatib borayotgan “Manchester Siti” skautlari Xosep Gvardiola talabiga javob bera oladigan yana bir yosh o‘yinchini nishonga oldi.

20 yoshli Joau Nevesh PSJda haqiqiy sensatsiya bo‘ldi. Portugaliyalik futbolchi qisqa fursatda o‘z pozitsiyasida dunyoning eng zo‘r o‘yinchilaridan biri ekanini namoyish qila oldi. Frantsiya futboli ekspertlarining ta’kidlashicha, Nevesh o‘zining mahorati va o‘yini bilan bugungi kunda jamoani birlashtirib turgan figuraga aylangan.

Xususan, Joau maydonni juda yaxshi ko‘ra olish, o‘yinni o‘qish, aniq paslar, maydonda muvozanatni ushlab turish, o‘yinni boshqarish qobiliyati bilan muxlisu mutaxassislarni hayratga solyapti.

Joau Nevesh “shaharliklar” bosh murabbiyi Xosep Gvardiola e’tiboriga o‘tgan mavsumda Chempionlar ligasi doirasidagi uchrashuvda tushgan. O‘shanda portugaliyalik vunderkind manchesterliklar darvozasini ishg‘ol qilib, PSJning 4:2 hisobidagi g‘alabasiga hissa qo‘shgan edi.

Ispaniyalik murabbiy yosh o‘yinchi “Manchester Siti”ning maydon markazidagi ustunligini ta’minlay oladi,  degan xulosaga keldi va klub direktorlari kengashiga bu transferni amalga oshirish taklifini berdi.

“Manchester Siti” mutasaddilari bu murakkab transfer bo‘lishini yaxshi anglagan holda dastlabki taklifni 120 million evro bilan boshlashga tayyorgarlik ko‘ryapti. Ular Joau Nevesh uchun boshqa klublar kurashga qo‘shilishdan avval masalani katta summa bilan bir urinishda hal qilmoqchi.

Ta’kidlash lozimki, “Manchester Siti” Husanovning transferini amalga oshirishda ham shu usuldan foydalangan. Ya’ni, Abduqodirga top-ligalarning o‘ndan ziyod klubi ko‘z tikib turgan vaziyatda, “Lans” o‘zbek himoyachisi transferidan 25 million evro ishlab olishni orzu qilib turgan pallada “shaharliklar” birdaniga 40 million evro to‘lab, Husanovni Angliyaga olib kelgandi...

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!