
Germaniyaliklar uchun andijoncha mehmondo‘stlik
21 may kuni kutilganidek Andijonda katta futbol bayrami tashkil etildi. O‘zbekiston U-19 hamda Germaniyaning «Berlin» U-18 jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvga katta tayyorgarlik ko‘rilgani stadiondagi muhitdan ham bilinib turdi. O‘yindan oldin esa muxlislar uchun kontsert dasturi ham uyushtirildi. Shu kuni «Sog‘lom avlod» stadionida bayramona muhit hukmron edi. Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov uchrashuvdan avval nutq so‘zlab, Andijonda tashkillashtirilayotgan xalqaro darajadagi o‘rtoqlik o‘yini bilan barchani tabriklab, ikkala jamoaga ham omad tiladi. Shu bilan birga uchrashuvga O‘zbekistonning Germaniyadagi favqulodda va muxtor elchisi ham tashrif buyurganini aytish joiz. Shuhratbek Qo‘shoqboevichdan so‘ng O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi ham bunday ajoyib muhitdagi futbol uchrashuvi uchun minnatdorchilik bildirdi. Shundan keyin viloyat hokimi ana’naga muvofiq tarzda har ikkala jamoa murabbiylari va futbolchilariga o‘zbekona zarbof to‘n va do‘ppi kiydiri, ana endi andijonlikka aylandinglar, deya hazillashib ham qo‘ydi. Bir so‘z bilan aytganda, hammaning kayfiyati chog‘, ayniqsa, germaniyaliklar bunday mehmonnavozlikdan hayratda edilar. Qolaversa, ushbu uchrashuvga yana bir qator germaniyalik mehmonlar ham tashrif buyurishdi.
Bevosita o‘yinga to‘xtaladigan bo‘lsak, uchrashuv chindan ham hujumkor ruhda o‘tdi. «Berlin» futbol akademiyasi a’zolari uzoq yo‘ldan kelishgani uchunmi, o‘yinni ko‘proq himoyadan o‘ynadilar. Aksiga olib, vakillarimiz tezkor hujumlar uyushtirib raqib darvozaboni oldida bir qator xavfli vaziyatlarni yaratdilar. 22-daqiqada esa hisob ochilishi mumkin edi. Jarima maydoni ichidagi qo‘pollik uchun belgilangan penaltini Jasur Jaloliddinov amalga oshirdi. Ammo uning zarbasi to‘singa tegib qaytdi. Stadiondagi muhit va muxlislarning tinimsiz qo‘llab-quvvatlashi futbolchilarimizni yanada katta ishtiyoq bilan o‘ynashga undadi. Tanaffusgacha bemalol hisobni ochish uchun vaziyatlar bo‘ldi, ammo foydalanishga kelganda yigitlarimiz oqsashdi. Ikkinchi bo‘limda esa raqib jamoa murabbiyi tarkibda birdaniga to‘rtta o‘zgarishni amalga oshirdi va buning samarasi o‘laroq ular ikkinchi bo‘limning dastlabki daqiqasidayoq hisobni ochishdi. Tezkor hujumga o‘tishgan nemislar himoyachilarimizning birozgina e’tiborsizligidan foydalanib, Til Mushkovski darvozabon bilan birga-bir vaziyatda gol urib hisobni ochdi. Lekin bu gol terma jamoamizga salbiy ta’sir ko‘rsatgani yo‘q. Aksincha, yanada hujumga zo‘r berishdi. Natijada oradan ko‘p o‘tmasdan hisob tenglashdi. Qanotdan kirib borgan Ruslan Roziev kuchli zarba berdi va uni darvozabon qiyinchilik bilan qaytardi. Ammo qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib etib kelgan Xojimat Erkinov darvozaga joylab qo‘ydi – 1:1. Shu kuni terma jamoamiz tarkibida Jasur Jaloliddinov, Ruslan Roziev va Xojimat Erkinovlar ajralib turishdi. Qolaversa, nemislar uchun Andijondagi havo ancha issiqlik qildi shekilli, o‘yin paytida ora-orada butun jamoa bo‘lib tomoqlarni xo‘llab turishdi. Umuman aytganda, vakillarimiz raqibga nisbatan tashabbusga erishgan bo‘lishsa-da, yakunda 1:1 hisobi o‘yin oxirigacha o‘zgarmay qoldi. O‘yindan keyin esa muxlislar ikkala jamoa a’zolarini qarsaklar bilan kuzatib qo‘yishdi.
O‘zbekiston U-19 – «Berlin» U-18 – 1:1 (0:0)
21 may. Andijon. «Sog‘lom avlod» stadioni.
Hakamlar: T.To‘xtasinov, A.Marajabov, Z.Abdurahmonov.
O‘zbekiston U-19: Abduvohid Ne’matov, Saidazamat Mirsaidov, Odilbek Abdumajidov, Ibrohimxalil Yo‘ldoshev, Xojimat Erkinov, Jasur Jaloliddinov (Ibrohim Ibragimov, 79), Sunnatilla Xamidjonov, Ruslan Roziev (Farhod Sohibjonov, 54), Diyor Xolmatov (Mironshox Sattorov, 53), Ulug‘bek Hoshimov (Muzaffar Olimjonov, 53), Diyor Rahmonqulov.
«Berlin» U-18: Florian Xorenbur (Frederik Mittestadt, 46), Xarit Bakatts (Feris Feyvald, 77), Serxat Po‘lat (Nikos Volf, 46), Xakan Dundar, Laurenz Del, Linus Fuertenov (Jonatan Katch, 60), Maksimilian Skinbauer, Til Mushkovski, Noax Shmitts (Kose Xasan, 46), Berat Erdogan (Mert Akarsu, 46), Mattias Koch.
Gollar: Til Mushkovski, 46 – 0:1. Xojimat Erkinov, 52 – 1:1.
Amalga oshirilmagan penalti: Jasur Jaloliddinov, 22.
Ogohlantirish: Laurenz Del, 90+5.
O‘yindan keyingi matbuot anjumani
Genri Renosh: «Butun umr esda qoladigan o‘yin bo‘ldi»
- Biz uchun o‘yin fantastik tarzda o‘tdi. Jamoamizdagi hamma o‘yinchilarga stadiondagi muhit juda ham yoqdi. Boisi, ular bunday yuqori darajadagi muhitda birinchi marta o‘ynashdi. Shu bois bugungi tajriba ular uchun butun umrga esda qoladigan bo‘ldi, - dedi murabbiy.
- Ushbu uchrashuvdan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi haqida qanday fikrga ega bo‘ldingiz?
- O‘zbekiston terma jamoasini yaxshi o‘ynayotganini oldindan bilib turgandik. Ularning o‘yin uslubi tezkor va hujumkorligini bilardik va buni maydonda yana bir bor ko‘rdik.
- Raqib tarkibidan qaysi futbolchilarning o‘yini sizga yoqdi?
- Birinchidan raqib jamoaning hujum chizig‘ini alohida aytgan bo‘lardim. Shuningdek, 17-raqamda to‘p surgan (Ruslan Roziev) futbolchining harakatlari menga yoqdi. U himoyachilarimizga ko‘p muammolar tug‘dirdi.
- Umuman, uchrashuvdan ko‘nglingiz to‘ldimi?
- Rosti, durang natijadan mamnunmiz. Chunki O‘zbekiston terma jamoasida gol urish uchun imkoniyatlar ko‘p bo‘ldi. Darvozabonimiz esa uch marta ajoyib seyvni amalga oshirdi. Biz esa ko‘proq himoyada o‘ynaganimiz uchun oldingi chiziqda unchalik ko‘p imkoniyatlarimiz bo‘lmadi.
- Ushbu uchrashuvdan nima o‘rgandinglar?
- O‘ylashimcha, bugun O‘zbekiston bizga qarshi qattiq o‘yin ko‘rsatdi. Lekin buni normal holat deb hisoblayman. Lekin Germaniyaga qaraganda bu erda hakamlik biroz boshqacharoq ekan. Masalan, bizda hakamlar kurashlarga boshqacha qarashadi. Bugungi o‘yinda bir-ikki vaziyatda raqib o‘yinchisi ikkala oyog‘i bilan raqibga tashlandi. Bunday holatda Germaniyada hakam darhol qizil kartochka ko‘rsatadi. Umuman, Germaniyada o‘yin paytida ruxsat beriladigan vaziyatlarga bu erda hakam xushtak chalar ekan.
- Jamoangizdagi ayrim o‘yinchilarning yoshi kattaroq ko‘rindi. Ularning barchasi bir xil yoshdami?
- Hammasi 2001 yilda tug‘ilgan. Darvozabonimiz esa 2002 yilda tug‘ilgan.
Otabek G‘ulomxo‘jaev: «Stadiondagi muhit men kutganimdan ham a’lo darajada bo‘ldi»
- Birinchi navbatda stadionda mana shunday ajoyib muhitni yaratib bergani uchun jamoam nomidan Andijon xalqiga minnatdorchilik bildiraman. Muhit ideal darajada bo‘ldi. Hammasi men kutganimdan ham ortiq bo‘ldi. Faqat o‘yin bo‘yicha ayrim yigitlarimizning maydonda o‘zlaricha o‘ylab topayotgan qarorlaridan 20-30 foizga ko‘nglim to‘lmadi. Baribir o‘ylab qarasam, ular hali yoshligiga borisharkan. Ochig‘i, men kutgan futbolchilar o‘z o‘yinini 50 foizga ham bajarishmadi, - deydi G‘ulomxo‘jaev.
- Berlin jamoasi sizda qanday taassurot qoldirdi? Agar ularning o‘rniga Germaniya yoshlar terma jamoasi bo‘lganida o‘yin qanday bo‘lardi?
- Ha, raqibni ko‘rdik. Ular yo‘l bosib kelishganini ham inobatga oladigan bo‘lsak, keyingi o‘yinimiz yanada qiziqarli o‘tadi. Raqib jamoa bu o‘yinga etarlicha tiklana olishmadi. Biz raqibdan cho‘chimadik. Ammo ular himoyada tartibli harakat qilishdi. Ular himoyadan o‘ynashganining sababi hozirda raqib jamoa o‘z kuchini ko‘rsatadigan holatda emasdi. Darvozamizga golni ham tezkor qarshi hujum orqali kiritishdi. Menimcha, Germaniya terma jamoasini kuchli deb hisoblayman. Agar maydonda aynan ular bo‘lishganida balki shunga yarasha yigitlarning tayyorgarligi ham boshqacha bo‘lardi.
- Bugungi uchrashuvda jamoangiz yaxshi taassurot qoldirdi. 1:1 hisobidan ko‘ra g‘alabaga loyiq edik. Chunki golli imkoniyatlar ko‘p bo‘ldi, hatto penaltidan ham foydalana olishmadi. Bunday vaziyatlarda jamoangizga nima etishmadi?
- Bunday o‘ynashimizga raqib imkoniyat yaratib berdi. Ha, yaxshi o‘ynadik. Ammo g‘alabaga loyiq bo‘lish uchun o‘sha vaziyatlarda oxirgi zarbani aniq bera olish kerak. Tarkibimizda hali 17 yoshga to‘lmagan 3-4 nafar bolalar ham bor. To‘g‘ri, hujum qilishni bilyapmiz. Biroq oxirgi zarbani berishda baribir tajriba etishmayapti. Balki bugun Germaniya terma jamoasi bo‘lganida imkoniyat ham yarata olmagan bo‘larmidik. Ammo meni xursand qiladigani, jamoamizda individual jihatdan yaxshi futbolchilar ko‘p. Futbolning chiroyi shundaki, oldingi chiziqdagi futbolchilarning kreativligidan to‘g‘ri foydalanishda.
- Bugungi uchrashuvdan xulosa chiqargan holda Namanganda o‘tadigan bellashuvga tarkib va o‘yin jihatidan qanday o‘zgarishlarni amalga oshirmoqchisiz?
- Bu erga 22 nafar o‘yinchi bilan kelganmiz. Bugun zaxiradagi futbolchilar bilan hisoblaganda 16 ta o‘yinchini maydonga tushirdim. Keyingi uchrashuvda esa o‘ynamagan oltita futbolchiga asosiy tarkibdan joy beraman. Chunki bu yig‘in. Ularni bunday muhitda ko‘rishga yana qachon vaqt bo‘ladi? Ertaga o‘yinning diskini ko‘rib o‘rganamiz. Avvalo o‘zimizning xatolarni ko‘ramiz va ikkinchidan raqibni ham o‘rganib chiqamiz. Hech qachon raqibning o‘yinidan kelib chiqib taktika tanlamayman. Maydonda individual mahorati ko‘proq bo‘lgan yigitlarga ham e’tiborni qarataman. Nimagaki, ular maydonda o‘z ishini eplab ketishadi. Raqibning tarkibida maydon markazida o‘ynagan jamoa sardorining o‘yini menga yoqdi. Ertaga ular ham menga o‘xshab o‘yinimizni o‘rganib chiqishadi. Shu bois ikkinchi uchrashuvda futbolchilarni o‘zgartiraman. Maydonga bitta taktika bilan chiqish emas, balki o‘yin davomida uslublarni o‘zgartirishni bilish kerak. Lekin buning uchun bizga vaqt kerak. Chunki hozir tarkibda rotatsiya qilyapmiz.
- Raqib jamoa ustozi terma jamoamiz tarkibida Ruslan Rozievning o‘yini yoqqanligini aytdi. Bunga fikringiz qanday?
- Shu bola 17 yoshga to‘lishi uchun noyabr oyini kutishi kerak. «Paxtakor»ga borganimda uning o‘yinlarini ko‘raman. Hozir ulg‘ayadigan payti keldi. Lekin ayni paytda qaerda o‘ynayotganini o‘zi tushunmayapti. Qaerda aldashi kerak, qaerda pas berish kerak yoki jamoa uchun qanday ishlashi kerak, bularni to‘liq anglamayapti. Ruslanda shunaqa narsa borki, u tezda xafa bo‘lib qoladigan xarakteriga ham ega. Qaerdadir o‘ziga pas berilmasa o‘yinni «tashlab» qo‘yadi. Bir vaziyatda Roziev o‘rtadan kirib borib, to‘pni Jasur Jaloliddinovga bermadi. Keyingi holatda esa Jasur xuddi shunday vaziyatda to‘pni Ruslanga bermadi. Keyin o‘yinda pauza bo‘lganida ikkalasini ham chaqirib, hozir biz maydonda 9 kishi o‘ynayapmiz. Agar ikkalang yana shunaqa o‘ynashda davom etishsang, darhol zaxiraga o‘tirishasan dedim. Shundan keyin bir-biri bilan chiqishib o‘ynashni boshlashdi. Lekin Rozievning imkoniyatlari katta. Shu gapimni eslab qolinglar, agar u o‘z o‘yinini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olsa, vaqti kelib O‘zbekistonda etakchi futbolchilardan biriga aylanadi.
- Vodiyda o‘ynab muxlislarning bosimiga jamoangiz qanchalik bardosh berishini ham sinamoqchi edingiz. Siz o‘ylagan narsa kuzatildimi?
- Ha, kuzatildi. Mazza qildim. Murabbiy sifatida o‘zim ham bunday muhitda birinchi marta bo‘lishim. Muxlislar hatto futbolchilarning nomlarini eslab ularni qo‘llashdi. Faqat Jasur Jaloliddinov zaxiraga olinayotganida muxlislar biroz e’tirozli oxangda baqirishdi. Chunki u «Bunyodkor» safida «Andijon»ga gol urgandi. Uni o‘yindan olganimdan so‘ng Jasurga muxlislarning bunday hayqirig‘i o‘sha golingniki, agar gol urmoqchi bo‘lsang uchta gol urgin, bo‘lmasa umuman gol urmagin deb hazillashib qo‘ydim.
- Ikkinchi bo‘lim boshida raqib jamoada darvozabon almashdi. Siz ham tanaffusdan keyin ikkinchi darvozabonga imkoniyat bersangiz bo‘lmasmidi?
- Bizda darvozabonlar murabbiyi bor va maslahatlashamiz. Shunday qilamizki, har bir posbonga bitta o‘yindan imkoniyat beramiz. Keyingi o‘yinda esa boshqasiga imkoniyat yaratamiz. Abduvohid Ne’matov Superligada uchta o‘yinda o‘ynadi. O‘sha bahslarda «Nasaf»ni gollardan qutqarib qolgan vaziyatlarini ko‘rdik. Rosti, uni faqat bitta o‘yinga so‘radik. Ro‘ziqul aka Berdiev saralash bahslariga 2-3 oy qolganida bemalol foydalaninglar, ammo hozir men ham u bilan Umid Ergashevga ishonib qolganman dedi. Chunki olimpiya terma jamoasiga Umid Ergashev bilan birga Abduvohid Ne’matov ham chaqirilgan. Ikkinchi darvozabonimiz esa Angliyaning «Lester» jamoasidan kelgan. Namangandagi uchrashuvda uni maydonga tushiramiz.
- Amal Shavkatov qanday qilib, «Lester»ga borib qolgan?
- Menimcha, yoshligida ota-onasi Angliyaga ketishgan. Ammo bilishimcha, Shavkatov ham futbolni «Paxtakor»dan boshlagan. O‘z vaqtida Temur Olimxo‘jaev boshchiligida 2000 yildan tug‘ilgan futbolchilarning terma jamoasida ishlaganimda u yig‘inimizga kelgandi. Shu bois uni eslab qolgandim. Keyin bu terma jamoa bilan ishga kirishganimdan keyin Amal Shavkatov esimga tushib qoldi va qidirib topdik. «Andijon» bosh murabbiyi Jamshid aka Saidov orqali topdik. Chunki u ham buxorolik. Hozirgi kunda ushbu o‘yinchimizning skauti bilan bog‘landim. Aytishicha, keyingi yili Germaniyaning qaysidir klubida paydo bo‘ladi.
Fikrlar