"G‘alabamizni sensatsiya demagan bo‘lardim, bunday gol bo‘lishini kutmagandim" - "Paxtakor"ga super gol urgan futbolchi bilan suhbat
O‘zbekiston Kubogi 1\8 finali doirasida pro liga vakili – Samarqandning “Dinamo” jamoasi o‘z maydonida mamlakatning amaldagi chempioni – “Paxtakor”ni qabul qildi.
Rosti, uchrashuvdan oldin hech kim “Dinamo” “Paxtakor”ni musobaqadan chiqarib yuborishini kutmagandi. Lekin amalda samarqandliklar buni uddalay oldi. Ular o‘yinni shu darajada yuqori tezlikda va tajovuzkorlikda boshladilarki, yarim soatga etmasdan “Dinamo” “Paxtakor” darvozasiga 3 ta gol urishga ulgurdi.
Ikkinchi gol muallifi Abubakr Mo‘ydinov bo‘ldi. Andijonlik futbolchi yozgi transfer chog‘ida “Dinamo”ga qo‘shilgan bo‘lib, u chempion darvozasiga shunday gol urdiki, bu yil goli bo‘lishga nomzod. Mo‘ydinov to‘pni chap qanotdan egallab oldi va o‘sha erning o‘zidan to‘pni to‘g‘ri darvozaning qarama-qarshi qismiga joylab qo‘ydi.
Uchrashuvdan so‘ng Abubakr Sports.uz jurnalistiga intervyu berdi.
- Abubakr, avvalo sizni va "Dinamo"ni sensatsion g‘alaba bilan tabriklayman! Ayting-chi, bu qanday sodir bo‘ldi? Deyarli hech kim "Paxtakor"ni mag‘lub etishinglarga ishonmagandi.
- Tabrik uchun rahmat. Biz bu uchrashuvga juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rgandik. Chunki raqib jiddiy edi va “Paxtakor”ni sinchiklab o‘rganib chiqqandik. Bu – futbol. Unda hamma narsa bo‘lishi mumkin, o‘zingiz ham ko‘rdingiz.
- Siz ham bu g‘alabani sensatsiyaga qiyoslaysizmi?
- Men bunday demagan bo‘lardim. Biz o‘yinga har taraflama tayyor edik.

- Sizning golingiz aqlbovar qilmas darajada. Rostini ayting, bunday gol uraman deb o‘ylamagandingiz-a? O‘shanda gol bo‘lishini kutmagandingiz-a yoki...
- Lekin maydonga gol uraman deb chiqqandim. Biroq, to‘g‘risi, bunday gol bo‘lishini kutmagandim.
- Aslida o‘sha vaziyatda jamoadoshingizga pas uzatganmidingiz yo to‘g‘ri darvoza tomon zarba yo‘lladingizmi?
- Yo‘q, to‘g‘ri darvoza tomon tepdim. Chunki zarba berishdan oldin qaraganimda jarima maydoni ichida biznikilardan hech kim yo‘q edi. Shuning uchun o‘sha holatda tavakkal qilib tepdim.
- Golingizni o‘yindan keyin video takrordan ko‘rganingizda o‘zingizga qanday tuyulyapti?
- O‘zgacha hissiyot. Chunki debyut o‘yinda gol urish baribir boshqacha.

- Bu faoliyatingizdagi eng chiroyli golmi? Qanday ta’rif berasiz?
- Chiroylisi bo‘lishi mumkin.
- Tasodifiy gol deya ta’rif berayotganlarga nima degan bo‘lardingiz?
- Hech nima deya olmayman. Kim qanday ta’rif berishni hamma o‘zi biladi.
- “Dinamo”ni O‘zbekiston Kubogidagi vazifasi qanday? “Paxtakor”dek chempion mag‘lub etilgach, nimani o‘ylay boshladinglar?
- Hamisha maqsad yuqori. “Dinamo”da bu uchrashuv tarixga aylandi. Biz endi chempionatga e’tiborni qaratamiz.

- Oxirgi savol. Debyutingiz bundan ortiq omadli bo‘lishini o‘ylamagan bo‘lsangiz kerak...
- Debyutim omadli chiqdi, deb aytsam bo‘ladi. Chunki O‘zbekistonning eng kuchli klubiin yutdik.
Shuhratbek Jo‘raev.



Fikrlar