
Futbolimizni bezayotganlar. O‘zbekiston chempionatining eng zo‘r futbolchilari
Coca-Cola Superliga o‘yinlari boshlanishiga bir necha kun qoldi. Mamlakatimiz futbol muxlislari uch oylik tanaffusdan keyin bu yilgi chempionat o‘yinlarining qayta boshlanishini intiqlik bilan kutmoqda.
Sports.uz sayti Coca-Cola Superliga o‘yinlari oldidan chempionatimizda to‘p surayotgan eng qimmat futbolchilar haqida ma’lumot berishga qaror qildi. Maqolaga transfer masalalarida butun dunyo klublari foydalanadigan transfermarkt portali ma’lumotlari asos qilib olindi.
Mazkur sayt ma’lumotlariga qaraganda, milliy chempionatimiz yuqori divizionida o‘ynayotgan futbolchilarning umumiy transfer summasi 73,75 million evroni tashkil qilmoqda. Bu summa pandemiya ta’sirida jahon futbolida kuzatilgani kabi pasaygan.
Eng qimmat futbolchilar ro‘yxatida “Paxtakor” yarim himoyachisi Jaloliddin Masharipov etakchilik qilmoqda. Transfer ma’lumotlari portalida Jaloliddinning narxi 1,40 million evro ekani ko‘rsatilgan. 26 yoshli futbolchining transfer narxi o‘tgan yil oxirida 1,80 million evrogacha ko‘tarilgandi.
Bu yil Turkiya chempionati peshqadami “Trabzonspor” Masharipov uchun 2 million evro taklif qilgani haqida ma’lumotlar tarqatildi. Lekin ayrim sabablarga ko‘ra, bu transfer amalga oshgani yo‘q.
Masharipov “Trabzonspor”ga bormasa ham bo‘ladi. Jamoa UEFA musobaqalaridan chetlatildi
O‘zbekiston milliy terma jamoasida 28 ta o‘yinda 2 ta gol urgan Jaloliddin Masharipov Joriy mavsumda uchta o‘yinda bittadan gol va golli pas muallifi bo‘ldi.
Chempionatimizning eng qimmat o‘yinchilaridan biri – “Paxtakor” hujumchisi Igor Sergeevning hozirgi narxi 1,30 million evroga baholanmoqda. Milliy terma jamoa safida 51 ta o‘yinda 15 ta gol urgan futbolchining eng baland transfer narxi 1,80 million evrogacha ko‘tarildi. Sergeev bu yilgi super ligada uchta o‘yinda uchta gol urdi.
Keyingi yillarda “Paxtakor”ga katta foyda keltirayotgan serbiyalik hujumchi Dragan Cheran 950 ming evro bilan kuchli uchlikka kirdi. Uning eng baland narxi 1,2 million evro bo‘lgan. Joriy mavsumda chempionatimizning eng yaxshi legioneri uchta o‘yinda raqiblar darvozasini to‘rt marotaba ishg‘ol qildi.
“Lokomotiv” hujumchisi Temurxo‘ja Abduxoliqovning ham bugungi kundagi transfer summasi Cheranniki bilan bir xil. Bir yil muqaddam 28 yoshli to‘purarning narxi 1,50 million evroga baholangan.
Coca-Cola Superligada eng qimmat o‘yinchilar o‘nligiga kirganlar orasida “Lokomotiv” himoyachisi Oleg Zoteev, “Paxtakor” vakillari – Doston Hamdamov va Farrux Sayfievning narxi 725 ming evroga teng ekan.
“Paxtakor”dan Egor Krimets va Odil Hamrobekov, “Lokomotiv” legioneri Kaxi Maxaradze, “Navbahor”ning rossiyalik futbolchisi Igor Golban transferi 650 ming evro turadi.
Chempionatimiz darvozabonlari orasida eng qimmati “Paxtakor” posbonlari – Eldor Suyunov va Sanjar Quvvatov bo‘lib, tajribali posbonlar xizmati 550 ming evroga baholangan.
Fikrlar