
Futbolimizda kelishilgan o‘yinlar, kaltaklangan hakamlar, Beylning yoshligini eslatgan Shomurodov - Hafta voqeliklari
Assalomu alaykum sports.uz saytining kuzatuvchilari. Biz ma’lum sabablarga ko‘ra, tanaffus qilgan “hafta voqeliklari” ko‘rsatuvini davom ettiramiz. Ushbu loyihamizda hafta davomida sodir bo‘lgan eng muhim voqeliklarga to‘xtalib o‘tamiz. Siz tayyor bo‘lsangiz, biz boshladik.
1.“Paxtakor” muddatidan avval Superliga g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Shota Arveladze “sherlar”ni ketma-ket ikkinchi bor shohsupaga olib chiqdi.
2.“Nasaf” uchinchi marta kumush medalga ega chiqmoqda. Ikkinchi davrada qarshiliklarga poytaxt jamoalari gol ura olmadi. AGMK esa o‘z tarixida ilk bor sovrindorga aylandi.
3.Pro ligada hal qiluvchi bahs bo‘lib o‘tdi. Unda Farg‘ona viloyatining ikki jamoasi “Neftchi” va “Turon” o‘zaro bellashdi. Qiziqarli va keskin kurashlarga boy uchrashuvda yaypanliklar oxirgi daqiqalarga yaqin urgan gol evaziga Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. “Neftchi” esa, pley-off orqali Superligaga chiqishga urinib ko‘radi. O‘yindan keyin hakamlarni do‘pposlash barchasidan oshib tushdi. Maydonda to‘p tepgan futbolchilar, ammo kaltakni egan hakamlar bo‘ldi.
4.O‘zbek futbolida mojaro. Kelishilgan o‘yinlarda qatnashgan hakamlar moddiy jarimaga tortildi va chetlatildi. Xo‘sh, ular kimlar va qaysi o‘yinlardagi xatolar uchun jazolandi?
5.Eldor Shomurodov Italiya kubogida dastlabki muvaffaqiyatli harakatni amalga oshirdi. Hamyurtimiz ilk assistentlikni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Uning reydini ko‘rgan Beyl yoshligini esga olgan bo‘lsa ajab emas. Buni qarangki, oradan ko‘p o‘tmay hujumchimiz A Seriyadagi birinchi golini urishga ham erishdi.
1.Superliga yakunlandi. “Paxtakor” 23-turda maydonga tushib, chempionlikni rasmiylashtirishi kutilgandi. Biroq shu kuni “sherlar” o‘yin o‘tkazmasidanoq chempionga aylandi. “Nasaf” toshkentliklarning chempionligini tezlashtirib yubordi. Chunki Shota Arveladze shogirdlarining turnir jadvalidagi eng yaqin ta’qibchisi aynan “ajdarlar” edi.
Ro‘ziqul Berdiev jamoasi Jizzaxda “So‘g‘diyona”ga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. Natijada “Paxtakor” 23-turda maydonga tushmasidanoq mavsum g‘olibi bo‘ldi. Bu jamoa uchun tarixdagi 13-chempionlikdir.
"Paxtakor" 5 tadan chempionlikka ega bo‘lgan "Neftchi" va "Bunyodkor"dan umumiy sovrinlar borasida yana bir qadamga uzoqlashdi. Hozirga qadar 1992, 1998, 2002, 2003, 2004, 2005, 2006, 2007, 2012, 2014, 2015 va 2019 yillarda "Paxtakor" O‘zbekiston chempionatida zafar quchgandi. Endi 2020 yilgi mavsumda ham Superligadagi g‘alaba bilan tarixga kirdi. Shota Arveladze jamoasi Superligada ketma-ket ikki bor g‘oliblikni rasmiylashtirdi. “Sherlar” O‘zbekiston chempionati Superliga, deb nomlanganidan keyin ikki bor g‘olib bo‘lgan jamoa hisoblanadi. Superliganing dastlabki chempioni - “Lokomotiv”. “Temiryo‘lchilar” 2018 yilgi mavsumda oltin medalga ega chiqishgandi.
Dragan Cheran - Superliga to‘purari. Keyingi o‘rinlarda kimlar bor?
2."Nasaf" Superliga 25-turida "Bunyodkor" maydonidan g‘alaba bilan qaytdi. Ushbu muvaffaqiyat qarshiliklarni sovrindorga aylantirdi.
Ochkolari soni 52 taga etgan, chempionat tugashiga bir tur qolgan va ularing eng yaqin ta’qibchisi hisoblangan AGMKda 46 ochko borligi uchun Ro‘ziqul Berdiev shogirdlari joriy mavsumda muddatidan avval ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa, "Nasaf" uchinchi marta kumush medallarni qo‘lga kiritmoqda. Bundan oldin, "ajdarlar" 2011 va 2017 yillarda ham ikkinchi pog‘onani band etgandi.
Qolaversa, qarshiliklar 10 marta (2000, 2001, 2005, 2006, 2009, 2010, 2013, 2014, 2015, 2016) bronza medallariga ega chiqqan.
E’tiborga molik tomoni shuki, chempionatning ikkinchi davrasida “Nasaf” Toshkent klublari "Bunyodkor"ni (1:0), "Paxtakor"ni (3:0) va "Lokomotiv"ni (4:0) mag‘lub etdi. Poytaxt jamoalari qarshiliklar darvozasini ishg‘ol qila olmadi.
Superliga o‘tish bahsida kimlar o‘ynaydi? Yoxud "Neftchi"ning raqibi aniqlandi
3.Farg‘onadagi “Istiqlol” stadionida 1 dekabr kuni Pro liga 20-turining oxirgi bahsi bo‘lib o‘tdi. Unda Farg‘ona viloyatining ikki jamoasi "Neftchi" hamda "Turon" Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun maydonga tushdi.
Bellashuvda "Turon" klubi yarim himoyachisi Javohir Sohibov penaltidan gol ura olmadi. Ammo ikkinchi bo‘limning 81-daqiqasida "Neftchi" himoyachilaridan o‘tgan to‘pni “Turon” futbolchisi Asilbek Qayumov darvozaga kiritdi. Natijada yaypanliklar kichik hisobda g‘alaba qozonib, Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi. Endi “Neftchi” Superligada 13-o‘rinni egallagan jamoa bilan pley-offda bellashadi.
Ushbu mag‘lubiyatdan so‘ng, “Neftchi” klubi futbolchilari va muxlislari hakamlarni tepib tashladi. Uchrashuv oxirlarida “Neftchi” vakillari “Turon” futbolchisi to‘pni qo‘li bilan o‘ynadi deb, penalti belgilashni so‘radi. Ammo referi o‘yinni davom ettirish kerakligini ko‘rsatgandi. Shu bois, ular kaltaklandi. Ushbu holat yuzasidan “Neftchi” klubi vakillari va maydonga tushgan muxlislar jazolanishi bor gap.
Farg‘ona viloyati IIB tomonidan berilgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu voqea tafsilotlari hozirda to‘liq o‘rganib chiqilmoqda. Ushbu tartibsizlikda ishtirok etganlar ushlanib, tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Internetdagi telegram ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan “Hozirgina Farg‘onada yakuniga etgan, Superligaga yo‘llanma beruvchi "Neftchi” (Farg‘ona) 0-1 “Turon” (Yaypan) o‘yinidan keyin uchrashuv hakamlari shunday tarzda maydonni tark etishdi” sarlavhali videolavhada ko‘rsatilgan holatlar Farg‘ona viloyati IIB tomonidan nazoratga olinganligini ma’lum qilamiz.
Hozirda barcha huquqbuzarlar ushlanib, tergovga kadar tekshiruv harakatlari olib borilmokda.
Voqeaga aloqador har bir ishtirokchining harakatiga konuniy baho beriladi, - deyiladi IIB xabarida.
O‘zPFL bosh direktori vazifasini bajaruvchi Diyor Imomxo‘jaev mazkur holat yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
"Neftchi" – "Turon" uchrashuvi hakamlari o‘yinni e’tirozlarsiz boshqarib bordi. Ular bilan hozir hammasi joyida. O‘zPFL murakkab bellashuvda ishlagan hakamlar brigadasiga minnatdorlik bildiradi.
Shuningdek, bahsni boshidan oxiriga qadar stadiondan kuzatib borgan, taqdirlash marosimida ishtirok etgan Farg‘ona viloyati hokimi Xayrulla Bozorovga minnatdorlik bildiramiz. O‘yin fantastik ruhda o‘tdi va u uzoq yillar unutilmaydigan bo‘ldi. Uchrashuvdan keyingi holatlar O‘FA tomonidan alohida o‘rganiladi, - deb yozdi Diyor Imomxo‘jaev "Telegram"dagi o‘zining sahifasida.
"Neftchi" - "Turon" uchrashuvdan so‘ng hakamni do‘pposlagan muxlislar qamaldi, ba’zi futbolchilarga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi (Video)
4.O‘FA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspektsiyasi tomonidan futbol sohasida korruptsion holatlarga chek qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli o‘rganish ishlari amalga oshirilmoqda.
Inspektsiya tomonidan o‘rganishlar natijasida O‘zbekiston Superliga va Pro Liga uchrashuvlarida korruptsion holatlar, ya’ni bir qator futbol o‘yinlarida uchrashuvga yoki uning natijasiga ta’sir o‘tkazish maqsadida kelishuvlarda qatnashgan bir qator futbol hakamlari aniqlandi. Bu haqda O‘FA matbuot xizmati xabar tarqatdi.
O‘FA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspektsiyasi tomonidan mazkur holatga aloqadorlikda gumon qilingan 10 nafardan ortiq futbol hakamlar, professional futbol klublarining murabbiy va rasmiy shaxslari bo‘yicha ma’lumotlar, tegishli futbol uchrashuvlari qaydnomalari, inspektorlarning futbol uchrashuvlari bo‘yicha hisobotlari, hakamlarning futbol faoliyatini himoya qilish to‘g‘risidagi deklaratsiyalari, tegishli futbol uchrashuvlaridagi shubhali epizodlar aks etilgan videomateriallar O‘FA Etika qo‘mitasiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etildi.
Taqdim etilgan ma’lumotlar bo‘yicha joriy yilning 17 va 25 noyabr kunlari O‘FA Etika qo‘mitasining yig‘ilishlari bo‘lib o‘tdi va tegishli tartibda qarorlar qabul qilindi.
Ularga ko‘ra:
1.FIFA, OFK hakami Jasur Muxtorov bir qator futbol o‘yinlarida uchrashuvga yoki uning natijasiga ta’sir o‘tkazish maqsadida kelishuvlarda qatnashgani uchun 5 (besh) yil muddatga futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyatdan chetlatildi hamda 90 000 000 (to‘qson million) so‘m jarimaga tortildi.
2.O‘FA Bosh hakami Temur To‘xtasinov bir qator futbol o‘yinlarida uchrashuvga yoki uning natijasiga ta’sir o‘tkazish maqsadida kelishuvlarda qatnashgani uchun 2021 yilgi futbol mavsumida hakamlik qilishdan chetlatildi va 10 000 000 (o‘n million) so‘m jarimaga tortildi;
3.O‘FA Bosh hakami Asker Najafaliev hakamlarning futbol faoliyatini himoya qilish to‘g‘risidagi deklaratsiyasiga asosan O‘FA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspektsiyasi bilan hamkorlik qilganligi va OFK Hakamlar akademiyasida tahsil olayotganligi, tahsil jarayonida eng yaxshi ko‘rsatkichlarni qo‘rsatayotganligini inobatga olib, biroq O‘FA intizom kodeksiga asosan O‘zPFL musobaqalarini o‘tkazish bilan bog‘liq real faktlarni buzib ko‘rsatishga uringanligi uchun 2020 yil futbol mavsumi oxirigacha hakamlik qilishdan chetlatildi va 70 000 000 (etmish million) so‘m jarimaga tortildi.
Shu jumladan, qo‘mita qarorlari bilan mazkur holatlarga aloqador bir nechta yordamchi hakamlar, nazoratchilar, hamda futbol klublari mas’ullari tegishli jarimalarga tortildi. Ammo yuqoridagi hakamlar va boshqa shaxslar aynan qaysi o‘yinlar uchun jazolangani ma’lum qilinmagan.
Mazkur qaror O‘FA tomonidan rasmiy tarzda e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
O‘FA futbol faoliyatini nazorat qilish maxsus inspektsiyasi futbol sohasida shubha ostiga olingan vaziyatlar bo‘yicha o‘rganish ishlarini davom ettirmoqda. Noqonuniy holatlar aniqlangan taqdirda O‘FA Etika qo‘mitasi tegishli tartibda ko‘rib chiqib, yakuniy qarorlarni qabul qiladi.
5.Italiya kubogi 4-bosqichida "Jenoa" safarda "Sampdoriya" bilan kuch sinashdi. Bellashuvda mezbonlar birinchi bo‘lib hisobni ochishdi. Biroq mehmonlar ikkinchi taymda iroda namoyish etib, 3 bor raqib darvozasini ishg‘ol qildi.
Hamyurtimiz Eldor Shomurodov bellashuvni asosiy tarkibda boshlab, 85-daqiqada almashtirildi.
E’tiborga molik tomoni, hujumchimiz "Jenoa"ning birinchi golida assistentlik qildi. Bu uning Italiyadagi ilk muvaffaqiyatli harakatiga aylandi. Shomurodov tufayli uning jamoasi hisobni tenglashtirdi. Hamyurtimiz reydini ko‘rgan Beyl bir paytlar Ispaniya kubogi finalida “Barselona”ga urgan golini yodga olgan bo‘lsa ajab emas.
Shu tariqa, "Jenoa" Italiya kubogi nimchorak finaliga yo‘l oldi. Keyingi bosqichga genuyaliklar "Yuventus" bilan o‘ynaydi. O‘zbekistonlik muxlislar uzoq kutgan Ronaldu - Shomurodov qarama-qarshiligi 2021 yilning 13 yanvarida o‘tkaziladi.
Buni qarang-ki, oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Eldor Shomurodov A Seriyada ilk bor darvozani ishg‘ol qildi. “Parma” bilan kuch sinashgan “Jenoa” Eldor Shomurodovning goli evaziga hisobni qisqartirdi. Ammo u paytga qadar mehmonlar safidagi Jervino dubl qayd etib bo‘lgandi. Shu bois hamyurtimizning goli genuyaliklarga tatimagan bo‘lishi mumkin. Biroq hujumchimizning gol urishini uzoq kutgan o‘zbekistonlik muxlislarning xursandchiligi cheksiz edi. Shu tariqa Eldor A Seriyada gol urgan ilk o‘zbek futbolchisiga aylandi.
Shu o‘rinda bir gap: davomli bo‘lsin!
Fikrlar