
Futboldan keyingi qiyinchilik, Odil Ahmedovning ko‘magi, o‘g‘lining "Paxtakor"dagi kelajagi...Yoxud talaba bo‘lgan Akmal Xolmatov bilan suhbat
O‘zbek futboliga qiziqqan muxlis borki, Akmal Xolmatovni eshitgan, uning kimligini yaxshi biladi. Faoliyatini yoshlar uchun o‘rnak qilib ko‘rsatsa arziydi. Ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishdi.
Boshqalar futbolni 35-36 yoshda tugatadi, Xolmatov esa bu borada chempionatimizda o‘ziga xos rekord qo‘ydi, 42 yoshgacha maydonda to‘p tepdi. Keyin esa ko‘rinmay ketdi. Matbuotda ham kamnamo bo‘lib qoldi. Futboldan keyingi hayoti qanday, nima ish bilan shug‘ullanyapti, nega hech qaerda ko‘rinish bermayapti, shu va yana boshqa savollar tug‘ilib qolgandi. Kuni kecha “Neftchi”da porlagan Xolmatov sports.uz saytiga intervyu berdi.
- Sizni haligacha muxlislar eslab turadi. Negaki, o‘z vaqtida qanday futbolchi bo‘lganingizni hamma yaxshi biladi. Biroq oxirgi paytlarda xuddi futboldan uzoqlashgandek bo‘ldingiz. Shuning uchun ishqibozlar orasida Akmal Xolmatov qaerda, nima qilyapti, qabilidagi savollar ko‘paymoqda...
- Avvalo sizlarga rahmat. Chunki meni shunchalik hurmat qilib, intervyu olyapsizlar, bu meni xursand qiladi. Futbolni tugatganimizga ham ancha bo‘ldi. Meni eslab turadigan muxlislarga ham rahmat. Akmal Xolmatov “Odil Junior” futbol maktabida ishlayapti. Bilasiz, Odil Ahmedov futbol maktabi ochgandi, men o‘sha erda bolalarni shug‘ullantiryapman. U erda Zayniddin Tojiev, Dilshod Nuraliev kabi murabbiylar ham bor. Murabbiy sifatida endi birinchi sinfga qadam qo‘ydim desam bo‘ladi. Qo‘limdan kelganicha harakat qilyapman. Chunki murabbiylikka yaqinda qadam qo‘ydim. Buning uchun Odil Ahmedovga katta rahmat. Uning qanday futbolchiligini hamma biladi. Odamiylik nuqtai nazaridan ham unga bo‘lgan hurmatim yanada ortdi.
- U erda ishlayotganingizga qancha bo‘ldi?
- Bir yildan o‘tdi. Orada pandemiya sababli ishlamagandik. Yaqindan beri yana faoliyatni boshladik.
- Maydonda 41-42 yoshgacha to‘p surdingiz. Keyin esa futbolchilikni tugatganingizni hech kim sezmay ham qoldi. Holbuki, gap Akmal Xolmatov haqida ketar ekan, bemalol xayrlashuv uchrashuvini o‘tkazishingiz ham mumkin edi...
- Tugatish rejasi birdaniga ro‘y berdi. Hadeb o‘ynayversangiz ham bo‘lmasdi. Yoshlarga ham yo‘l berish kerak edi. Futbolni tugatish vaqtim kelgandi. Xayrlashuv uchrashuvini o‘tkazish bizga emas. Buni taniqli futbolchilar tashkil etsa yarashadi.
- Bu bilan biroz kamtarlik qilyapsiz-da! Siz ham nomi chiqqanlar qatorida e’tirof etilardingiz...
- Hurmat uchun rahmat. Lekin bizdan ham zo‘r o‘yinchilar bo‘lgan. Ularning oldida men xijolat bo‘laman. Nimaga? Ular xayrlashuv uchrashuvini o‘tkazmay turib men buni uyushtirsam boshqacha tushunishlari mumkin. Bizdan oldingi futbolchilarni ham hurmat qilish kerak. Agar o‘shalar hammaga bildirish uchun oxirgi o‘yinini o‘tkazishganida, keyin biz buni tashkil qilsak arzirdi. To‘g‘ri, Mirjalol Qosimov, Shuhrat Maqsudovga o‘xshagan taniqli futbolchilar xayrlashuv uchrashuvlarini o‘tkazishgan. Ularga o‘xshagan boshqa yanada ko‘proq futbolchilar mana shunday tadbirni uyushtirishganida keyin biz ham shunday qilsak bo‘laverardi. Gap kamtarlikda emas, faqat inson qachon va qerda nima ish qilish kerakligini bilishi kerak.
- Endi Akmal Xolmatov murabbiy sifatida gavdalanmoqda. Boya aytganingizdek, bu borada dastlabki qadamni tashladingiz. Yoshlar bilan ishlashni kimdir oson, yana kimdir qiyin deydi!
- Yosh bolalar bilan juda qiyin. Ularni o‘z farzandlaringizdek yaxshi ko‘rishingiz darkor. O‘zim futbol o‘ynaganim uchun hali yoshlar bilan ishlamagandim. Asta-sekin ularga mehr qo‘yib ishlashni boshladik. Mana, Zayniddin ham yoshlar bilan zo‘r ishlayapti. Undan va Dilshod akadan o‘rganyapmiz. “S” litsenziyasiga ham o‘qiyapman. Instruktorimiz Shamil Iseev bizga hammasini ajoyib tarzda tushuntirib beryapti.
- Murabbiylar ham har xil bo‘ladi. Bolalar futbolida ishlaydiganlari va katta futbolga o‘zini baxshida qilganlari bor. Siz qaysi toifaga kirasiz? Butkul bolalar futbolida ishlamoqchimisiz yo yaqin kelajakda katta futbolda ham o‘zingizni sinab ko‘rmoqchimisiz?
- Savol yaxshi bo‘ldi. Ammo murabbiylikni endi o‘rganyapmiz. Ilgari futbol o‘ynab yurgan paytlarimda hech nima haqida o‘ylamasdik. Mana, endi-endi murabbiylik qanday ekanligini tushunib etyapman. Yuriy Sarkisyan bizga aytardi: sizlar 25 nafar bo‘lsanglar, 25 ta xarakter bor, men bo‘lsa bittaman, hammanglarni birlashtirishim zarur, derdi. Uning bu gaplarini chuqur tushunmasdik. Mashg‘ulot qilardik, dam olardik va futbol o‘ynardik. Murabbiy bo‘lgach, endi hammasini bilishingiz va o‘rganishingiz talab etiladi. Vaqti kelib katta futbolga o‘taman. Ammo hech kim buni oldindan aytib bera olmaydi. Kelajakda katta murabbiy bo‘lishga harakat qilaman.
- O‘g‘lingiz – Diyor Xolmatov “Paxtakor”da bu yil debyut golini kiritishga muvaffaq bo‘ldi. Ko‘pchilik uni o‘g‘lingiz ekanini bilmagandi. Diyorning “Paxtakor”dagi kelajagini qanday ko‘ryapsiz?
- Hamma narsa o‘zining qo‘lida. Ha, gol urganidan xursand bo‘ldim. Baribir bitta gol bilan to‘xtab qolmasdan har kuni ishlashi muhim. 3 ta urasanmi yoki 100 tami, har doim ishlashda davom etish kerak. “Paxtakor”ning rejasini bilmayman, u erda ishlayotgan murabbiylar bor. Futbolchi o‘z ustida ishlashdan to‘xtamasligi talab etiladi. Buni doim uning miyasiga singdirib boryapman.
- Diyorning futbolchi bo‘lishiga o‘zingiz turtki bo‘ldingizmi yoki o‘zida jiddiy qiziqish uyg‘ondimi?
- Yo‘q, o‘zida qiziqish bo‘lgan. 5 yoshidan futbol bilan shug‘ullanishni boshlagan. Men majburlamaganman, o‘zi tanladi.
- “Paxtakor”ga qabul qilinishi qanday yuz berdi?
- 2008 yili “Paxtakor”da o‘ynardim. O‘shanda Samvel aka Babayanga o‘g‘limning ishtiyoqi bor ekan, to‘pni orqasidan yugurib yuribdi, maylimi klub akademiyasiga bersam, deganimda mayli, bering degan. Timur aka Olimxo‘jaev birinchi murabbiyi. Mana, Diyor 18 ga to‘ldi, 13 yildan buyon “Paxtakor”da.
- Sizni faoliyatingiz davomida jarima zarbalarining ustasi sifatida ham yaxshi eslab qolganmiz. Kerak bo‘lsa, standart vaziyatlardan xet-trikka erishganingizga ham guvoh bo‘lganmiz. Bugungi paytda chempionatimizda jarimalar ustasi deb qaysi futbolchini aytgan bo‘lardingiz?
- Bu qiyin masala. Hamma ham standartdan gol urishi mumkin. Mendan ham yaxshi tepadiganlari bor. Masalan, Mirjalol akaning jarima zarbalarini ko‘rib maza qilardim. Sergey Lebedev ham yaxshi tepardi. Server Jeparov ham jarima zarbalaridan ustalik bilan foydalanardi. Ularga havas qilardim. Lekin hech kim jarima zarbalarini qanday amalga oshirishni o‘rgata olmaydi. Hammasi ijrochining o‘ziga bog‘liq. Standartning qanday tepilishini men ham, Mirjalol Qosimov ham o‘rgata olmaydi. O‘zida bo‘lishi va xohlashi kerak. Hamma narsaning ustidan ishlash talab etiladi. O‘zidan-o‘zi jarima zarbasini tepib gol uravermaysiz-ku! Faqat ishlash lozim. Hozirgi futbolchilarimiz yaxshi, faqat ruhiy tomondan biroz ustunlik bo‘lsa yanada yaxshi bo‘lardi.
- Siz o‘ynagan chempionat bilan hozirgi chempionatimiz o‘rtasida farq kattami?
- Fikrim bo‘yicha to‘g‘risi, oldingi futbolimiz kuchliroq edi. Biz o‘ynagan paytda stadionga qancha muxlislar kelardi-a?! Stadionga kirganingizning o‘zigayoq futbol o‘ynagingiz kelardi. U erdagi muhit ajoyib edi. Endi butun dunyoga kasallik tarqaldi. Chempionlar ligasidek nufuzli musobaqalarda jamoalar huvillagan stadionlarda o‘yin o‘tkazishganiga guvoh bo‘ldik. Futbol kim uchun o‘ynaladi? Faqat ishqibozlar uchun. Stadionga muxlislar kirsa, bundan futbolchilar ruhlanadi. Hattoki, ular haqorat qilsa ham baribir stadionda muxlis borligini bilib turasiz.
- Shuningdek, “Neftchi”dagi o‘yinlaringizni ayniqsa, yoshi katta ishqibozlar juda yaxshi eslashadi. Sovrinlar, g‘alabalar, ajoyib gollar...Endi esa siz kabi klubda iz qoldirgan sobiq o‘yinchilar “Neftchi”da murabbiy bo‘lib faoliyat olib bormoqda. Xolmatovga ham jonajon jamoasida ishlash imkoniyati bo‘ldimi?
- Ha, imkoniyat bo‘ldi. Jamoa boshlig‘i Zohid G‘ofurov meni chaqirdi. To‘g‘risi, Odil Ahmedov menga ish bergani uchun avvalo undan so‘radim. Ammo u yo‘q, degan javobni aytdi. Demak, o‘zining rejalari bor. Lekin menga hali “Neftchi”da ishlashga vaqtli. U erda Asad Do‘rmonov, Sergey Lebedev, Rustam Do‘rmonov kabi sobiq yulduzlar ishlashyapti. O‘shalar “Neftchi”ni yana qayta tiklaydi. Anvar Berdiev “Istiqlol”da ishlayapti. Uning bosh murabbiy bo‘lganiga xursand bo‘ldim. Undan ham zo‘r murabbiy chiqadi. Chunki juda mehnatkash inson. Hech kim ertaga murabbiy bo‘laman deb ayta olmaydi. Kimning peshonasiga nima yozilgan bo‘lsa, o‘shani ko‘radi. Yaxshi-yaxshi futbolchilarimiz bor edi, ammo hammasi ham murabbiy bo‘lolgani yo‘q. Murabbiylik - bu boraman, shug‘ullantiraman degani emas. Aslida bu juda qiyin masala.
- Murabbiylikka qadam qo‘yishdan oldin Yuriy Sarkisyanning maslahatini oldingizmi?
- Maslahatni oxirigacha olamiz. Har kuni o‘rganishimiz lozim. Bilasizmi, futbolni tugatganimdan so‘ng, etti oy hech qaerda ishlamadim. Keyinchalik Islom To‘xtaxo‘jaev va Sardor Mirzaev terma jamoa yig‘iniga borganimizda sizni Odil Ahmedovga aytaylikmi, deganlarida mayli, ishsiz yuribman shundoq ham, dedim. Shu tariqa, o‘sha yigitlar meni Odilga aytganlarida, bo‘ldi gap yo‘q, birga ishlaymiz degan. To‘xtaxo‘jaev bilan Mirzaev sababchi bo‘lgan.
- Futbolda katta yo‘lni bosib o‘tgan Akmal Xolmatovning butsalarini mixga ilgach, ancha vaqt ishsiz qolishi ajablanarli. Nima uchun vaziyat bunday bo‘ldi?
- Futbol shunaqa-da, hech kimdan xafa bo‘lish kerak emas. Faoliyatimni hech kim bilmaganda tugatib qo‘ya qoldim. Buni birov payqamay ham qoldi. Hattoki, eslashmadi. Mana, hozir siz esladingiz. Vaholanki, siz bilan ham gaplashganimizga necha yil bo‘ldi? 2-3 yil bo‘ldi, to‘g‘rimi? Oxirgi marta Oltiariqda to‘p surganimda gaplashgandik. Bu vaziyatda hamma ayb futbolchining o‘zida bo‘larkan. Futbolni tugatgach, hozir ishlayman, mana endi ishlayman, deb yuraverdim. Vaqt juda tez o‘tdi. 7-8 oy qanday o‘tib ketganini bilmay qoldim. Nima bo‘lganini tushunmay ham qoldim. Futbolchi bo‘lish og‘ir edi, uni tugatish yanada og‘ir ekan. Keyin darrov boshqalarning nazaridan chetga chiqib qolar ekansiz. Futbolchi bo‘lganingizda hamma sizni ko‘radi, biladi, eshitadi. Futboldan keyin esa vaziyat o‘zgaradi. Muxlislar yangidan-yangi futbolchilarni xohlaydi. Ularga maydonda kim o‘ynashining qizig‘i yo‘q, u Xolmatov bo‘ladimi yo boshqasimi, muhimi chiroyli o‘yin bilan g‘alaba bo‘lsa bo‘ldi.
- Buni futboldagi adolatsizlik deb o‘ylamaysizmi?
- Yo‘q. Bu erda hech kimning aybi yo‘q va xafa bo‘lish ham kerak emas. Ertaga kim nima bo‘lishini bilmaydi. Faqat har kuni ishlash kerak. Mana, murabbiylik o‘qishiga bordik, biz bilmagan narsalarni miyamizgacha quyyapti.
- Futboldan so‘ng o‘zingizni boshqa sohada sinab ko‘rish g‘oyasi paydo bo‘lmadimi?
- Yo‘q . Futbol o‘ynagan paytda hech nimani o‘ylamas ekansiz. Masalan, futbolchilikni tugatgach, qiyinchilik bo‘lishini bilmasdik. Hozirdan o‘g‘limga yaxshilab tushuntiryapman. Futboldan keyin yaqinlarimiz yordam berdi, Odil Ahmedov ko‘maklashdi. Yuriy Sarkisyan bizga ertangi kun haqida ham o‘ylanglar, deb ko‘p aytardi. Futbolchi xalqi hayoti faqat mana shunday davom etaveradi, deb o‘ylaydi. Lekin real hayotda bunday emas ekan. Hammasi o‘zimiz o‘ylagandek bo‘lmaydi. Odil Ahmedovni deb O‘zbekiston jismoniy tarbiya institutiga ham kirdim. U menga, Akmal aka o‘qishga kiring deb gapirdi tinmay, oxiri istitutga kirdim. Bu yil birinchi kurs bo‘ldim.
- Nima uchun shu yoshga kelib endi o‘qishga kirdingiz?
- Murabbiylik litsenziyalarini olish uchun oliy ma’lumotli bo‘lish kerak. Shuning uchun o‘qiyapman.
- Sizga chempionatimizda yoqayotgan jamoalar qaysi?
- “Paxtakor” (kuladi). Keyin “Nasaf”. U erda Ro‘ziqul Berdiev bor, futbolni zo‘r tushunadi. Oldin ham zo‘r o‘yinchi bo‘lgan. Endi jamoasi ham shunga yarasha.
Fikrlar