Futbolchilarini sotishga tayyorlanayotgan "Mash’al" transferlardan qancha foyda ko‘rmoqchi? "Paxtakor"ga ketgan o‘yinchisi yana qaytadimi? Klub bosh direktori nima deydi?

  • 19 dekabr, 2020, 20:51
  • Shuhratbek Jo’rayev
  • 0
  • Futbol
CHERY AUTO

“Mash’al” klubi yana faol ish tarziga qaytgan. Mavsum davomidagi turli qiyinchiliklarni engib o‘tayotgani ham tahsinga loyiq. Jamoa o‘z printsipiga sodiq qolgan holda o‘zidagi iqtidorlarni transfer qilish orqali mablag‘ ishlab topyapti. Bunga “Paxtakor”ga o‘tgan Sherzod Temirovni misol keltirishimiz mumkin.

Tecno

Rosti, klubi bosh direktori Ilhom Qurbonov bilan gaplashadigan gaplar to‘planib qolgandi. Natijada mutaxassis sports.uz uchun klub, transferlar, murabbiylar yana va boshqa masalalarda qiziqarli intervyu berdi.

- Chempionatda maksimal darajadan past qatnashdik, - deb gap boshladi, Ilhom Abdug‘anievich. - Salohiyatimiz va imkoniyatimizdan kelib chiqqanda bundan ham yuqori o‘rinlarga intilsak bo‘lardi. Lekin aksariyat futbolchilarimiz ilk bor Superligada to‘p surganligi, yangi jamoa shakllanganligi, pandemiya, legionerlarning ko‘nikishi kabi sabablar bilan hammasi ta’sir qilgandir. Qolaversa, murabbiyimiz ham Superligada birinchi marta mustaqil ish olib bordi. Mana shunday jihatlarni hisobga olsak, balki ishtirokimiz yaxshi chiqqandir. Lekin o‘zimizga tanqid ko‘zi bilan qarab, ko‘proq talab qilishimiz kerak. Nazarimda, 60 foizga ishimizni qoniqarli desak bo‘ladi. Ammo muammolarimiz ko‘p. Maydonimiz holatini yaxshilashimiz kerak. Bu yil ushbu maydonda “Mash’al” bilan “Buxoro” o‘ynadi. O‘rtoqlik uchrashuvlarini ham o‘tkazdik. Stadion yoritgichini ham yaxshilashimiz lozim. Mana shu yo‘nalishlarda yaxshi ishlay olmadik. Shu tomonlama qoniqarsiz bo‘ldi. Ayni paytda transferlar ustida ishlayapmiz. Bu o‘yinchi sotib olish emas, balki sotish. Bu klubning maqsadlaridan biri.

- Transfer haqida gap ochib qoldingiz. Sherzod Temirovning “Paxtakor”ga transferi rasman tasdiqlandi. Uning “Mash’al” bilan 2021 yilgacha shartnomasi bor edi. Klub uning transferidan qancha foyda ko‘rdi?

- Bu ikki klubning kelishuvida sir bo‘lib qolishini xohlashyapti. Shuning uchun bu borada uzr so‘rayman. Ammo foiz bo‘yicha ayta olaman. Temirov jamoamizga fevralning boshlarida qo‘shildi. Bizga “Nasaf”dan kelgan, aslida u “Sho‘rtan”ga tegishli. Bu futbolchining qaysidir sifatlari bizga yoqdi. Natijada Sherzod bilan ikki yillik shartnoma tuzgandik, iqtidorini yanada kuchaytirish uchun. Yashirmayman, Temirov borasida bizda uchta klubning taklifi bor edi. Variantlarni o‘rganib chiqib, yakunda “Paxtakor”ni tanladik. Qilingan harajatga nisbatan sotilgan summasidan 60 foizga foyda ko‘rdik. O‘ylaymanki, futbolchi uchun ham, klub uchun ham yaxshi transfer bo‘ldi.

- Temirov “Paxtakor”da o‘ynab keta olarmikin? Harqalay u chempiona jamoa safiga ketdi...

- Imkoniyati bor, 22 yoshda. Jismoniy kuchi yaxshi. “Paxtakor” uni yig‘inda ko‘radi. Uch yillik shartnoma tuzgan. Ular Sherzodga kelajakdagi umid bilan qarashyapti. Biz “Paxtakor” bilan og‘zaki kelishganmizki, agar asosiy tarkibga kirishi qiyin kechsa, “Mash’al”ga ijaraga berishi mumkin. Lekin futbolchining o‘zi uchun bu katta imkoniyat va chaqiriq. Bunday klubda o‘zini ko‘rsatishga ishtiyoqi baland. Balki o‘z o‘rnini topib ketar.

- “Mash’al” Temirovdan tashqari yana bir qator futbolchilarini transfer qilishga tayyorlanyapti. Sir bo‘lmasa, qaysi o‘yinchilar transfer qilinadi?

- Bu haqida ko‘p gapirishni xohlamayman. Nima uchun? Agar ko‘p gapirsam, keyin amalga oshmay qolishi ham mumkin. Asta-sekinlik bilan transfer haqidagi yangiliklarni eshitasizlar. Rejamizda olti nafar futbolchimizni transfer qilishni yo‘lga qo‘yganmiz. Buning uchun ko‘p harakat qilyapmiz. Qiziqayotgan klublarga futbolchilarimiz to‘g‘risida ko‘proq ma’lumotlar beryapmiz va muzokaralar olib borilyapti. Ishonamanki, tez kunlarda yana ikki-uchta yangilik bo‘lib qoladi. Lekin qaysi o‘yinchilar ekani sir bo‘lib tursin. Legionerlar ham bor, mahalliy futbolchilar ham. Maqsadimiz xorijlik o‘yinchilar bilan ham bir yillik emas, ikki-uch yilga shartnoma tuzib, o‘zbek klublariga transfer qilish loyihasi bilan olib kelgandik. Doim biror loyiha amalga oshsa, ertagayoq meva berishini istashadi. Ammo bu oson jarayon emas. To‘g‘ri, ko‘pchilik 6-7 nafar futbolchini sotmoqchisiz, lekin jamoada kimlar o‘ynaydi, deb savol beryapti. Murabbiylar shtabimizga ishonamiz. Ular futbolchilar bilan yaxshi ishlashadi va kerakli natijaga erisha olishadi. O‘yinchilarimizni transfer qilishdan avval murabbiylarimiz bilan bu masalada maslahatlashganmiz. Kelasi yil uchun ham iqtidorli yoshlarimiz bor. O‘zimizning selektsionerlarimiz orqali yana yangi yoshlarni qidirish bo‘yicha ish ketyapti. Sizga yana bir gapni aytishim mumkin, Dilyaver Vanievning murabbiylar shtabiga xorijlik mutaxassis bilan kelishuvga erishdik. “Oq-tepa”da ishlagan ispaniyalik Serxio endi “Mash’al”da ishlaydi. 5 yanvardan Dilyaver Vanievga yordam berishni boshlaydi.

- Maslahatchi lavozimdami?

- Ha, shunday.

- U bilan muzokaralar qanday kechdi? Nima uchun aynan Serxioni tanladinglar?

- Ikki-uchta variantlarimiz bor edi. Uning vakillari bilan gaplashdik. Aytishim kerakki, ispaniyalik mutaxassis bilan fikrimiz va dunyoqarashimiz bir xil bo‘lyapti. Hozircha og‘zaki kelishdik. Suhbatda bir-birimizni tushunganimiz e’tiborimizni tortdi. Shunday ekan, murabbiylar shtabimizda ham yangiliklar bo‘ladi. Bundan tashqari, murabbiylar shtabimizni yana kuchaytirish rejamizda bor. Rosti, top-murabbiylar bilan ham muzokaralar olib boryapmiz.

- Yangi mavsumda ham Vaniev yana natijaga asosiy javobgar shaxs sifatida qoladimi?

- To‘g‘ri, klubning natijasi uchun matbuotda Vaniev javob beryapti. Rahbariyatning oldida esa natija va klub infrastrukturasi uchun men javob beraman. Chunki murabbiylar shtabini ham o‘zim yig‘yapman. Selektsiya ishlarida birgalikda qaror qabul qilyapmiz. Qaerdadir yaxshi o‘yin ko‘rsata olmasdan natija qila olmasak, Vaniev aybdor deb ayta olmayman. Lekin murabbiylarning ishiga aralashmayman.

- Yana qaysi futbolchilar bilan muzokaralar ketyapti?

- Xorijlik ham, mahalliylar ham bor. Ammo bu oson bo‘lmayapti. Biz qiziqqan futbolchiga boshqa klub yaxshiroq sharoit yaratib beryapti. Shu masalada qiynalyapmiz. Ammo o‘z imkoniyatimizdan kelib chiqib kurashamiz. Har doim A va B rejasi bo‘lishi kerak. Umuman olganda, yangi ijrochilar bilan ham kelishuvga erishyapmiz. Bu yil jamoamizning yoshi 25,2 ni tashkil qilgan bo‘lsa, kelasi yilda o‘rtacha yoshni 24 ga tushirishga harakat qilamiz. Hali hech kim bilan shartnoma tuzganimiz yo‘q. Muzokara davom etyapti. O‘ylaymanki, erta-indin shartnomalar tuzib rasman e’lon qilamiz.

- “Mash’al” futbolchilariga qaysi klublardan jiddiy qiziqishlar bo‘lyapti?

- Asosan O‘zbekistondan. Agar amalga oshsa, avvalo o‘zingizga aytaman.

- Futbolchilarni transfer qilishdan klub umumiy miqdorda qancha foyda ko‘rishni rejalashtirgan?

- To‘g‘risi, bir yillik qilayotgan xarajatimizni qoplaydi, deb ayta olmayman. Agar buxgalteriya hisob-kitobi bilan qarasak, zarar bilan chiqadi. Agar futbol tomonlama qarasak, 6-7 nafarini sotadigan bo‘lsak, o‘shanda omadli transferlar qilgan bo‘lamiz. Avval o‘yinchilarni sotaylik va oxirida qancha foyda ko‘rganimizni aytaman.

- Mavsum davomida klub moliyaviy tomondan qiynaldi. Hozir bu ishlar joyiga tushyaptimi?

- Sekin-asta ijobiy tomonga o‘zgaryapti. Rahbarlarimizga minnatdorchilik bildiraman. Oylik maoshlarni berishyapti, qarzdorliklarni uzishyapti.   

- “Mash’al”ning yangi mavsumdagi tayyorgarlik rejasi qanday?

- Yanvar oyidagi yig‘inimiz boshidan oxirigacha Muborakda bo‘ladi. Keyin nazorat o‘yinlarini o‘tkazish uchun Toshkentga kelamiz. Shunga qarab tayyorgarlikni davom ettiramiz.

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!