Futbol dahosining ushalmagan orzusi yoxud uning mundiallardagi ishtirokiga nazar

  • 24 iyun, 2022, 19:32
  • Karim Xudayqulov
  • 1
  • Futbol
CHERY AUTO

Argentinalik yulduz Lionel Messi bugun 35 yoshni qarshi olmoqda. Ha, shunday afsona bilan bir davrda yashayotganimiz, uning o‘yinlaridan rohatlanayotganimizdan xursand bo‘lishimiz kerak. Unda bor sovrinlarga har qanday futbolchi xavas qiladi. Keling, sanab o‘tirmaymiz. O‘zingiz yaxshi bilasiz. Rekordlar va shaxsiy sovrinlarni-ku gapirmay qo‘ya qolay. Futbol haqida ko‘pchilikning tasavvurini o‘zgartirgan va uddalab bo‘lmas ko‘plab ishlarni amalga oshirgan daho. U to‘p bilan harakatlanganda, yugurib, tortib va yiqitib ham to‘xtatish qiyin, ba’zan. Biroq har kimning ham armoni bo‘ladi. Uning armoni bormi? Erishmagan yana qanday sovrini bor? Bor! Messi hali Argentina bilan Jahon chempionati bosh sovrinini qo‘lga kiritmagan. Futboldagi eng katta sovrinning yo‘qligi ham uning buyukligiga zarracha ta’sir qilmasligi aniq. Shunday bo‘lsa-da, tarixda natijalar qoladi. Yillar o‘tganidan so‘ng keyingi avlod "u mundial bosh sovrinini qo‘lga kiritmagan-ku", deya Messining kuchiga past baho berib qo‘yishi mumkin. Axir, ular biz kabi uning o‘yinlaridan hayratlanishmaydi. Videolarini ko‘rishi mumkin, ammo baribir jonli ko‘rganday bo‘la olmaydi. Hech kimda hech qanday shubha qoldirmaslik uchun ham u Qatardagi Mundialni yutishi zarur. Bungacha ham ko‘p urinishlar bo‘lgan. Ba’zida bir qadam qolgan, ba’zan u va Argentinaning ochiqchasiga kuchi etmagan. Keling, Messining Jahon chempionatlaridagi ishtirokiga to‘xtalib o‘tamiz. 

 2006 yil. Germaniya. Hikoyaning boshlanishi

Germaniyada bo‘lib o‘tgan Mundial Leo uchun birinchisi edi. 18 yoshli yosh yigitcha asosiy tarkibda hali o‘z o‘rniga ega bo‘lmagandi. Argentina terma jamoasi Niderlandiya, Kot D'ivuar va Serbiya bilan bir guruhdan joy olgandi. Hammasi Serbiyaga qarshi ikkinchi tur o‘yinida boshlangan. Leo 75-daqiqada zaxiradan maydonga tushib, 3 daqiqa o‘tar-o‘tmas Kresponing goliga assist vazifasini bajaradi. Bu hammasi emas. 88-daqiqada uning o‘zi jamoasining 6-goliga mualliflik qiladi. Argentina - Seriya - 6:0. Shu tariqa, "albisileste" o‘zi joy olgan guruhdan birinchi o‘rin bilan chiqdi. Keyingi bosqichda ular Meksikani 2:1 hisobida taslim etib, chorak finalga yo‘l oldi. Mazkur bosqichda ularni turnir mezboni Germaniya kutib turardi. Asosiy va ekstra taymlarda 1:1 hisobi qayd etildi. Penaltilar seriyasida "nemis mashinasi" g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga yo‘l oldi. Bizning qahramonimiz qolgan bellashuvlarda o‘zini ko‘rsata olmadi. Aniqrog‘i, unga imkoniyat berilmadi. Sababi, hali u juda yosh edi. 


9824890-3x2-940x627-1

2010 yil. Afrika. Eng omadsiz Mundial


Afrikada bo‘lib o‘tgan chempionat u uchun muvaffaqiyatsiz o‘tgan. Amerikaliklar Janubiy Koreya, Nigeriya hamda Gretsiya bilan bir guruhdan joy olgan va o‘z kvartetida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. Nimchorak finalda ularni xuddi 2006 yildagidek Meksika kutib turardi. Bu safar 3:1 hisobi qayd etildi. Taqdirning xazilimi yoki tasodifmi chorak finalda yana Germaniya ularga raqiblik qildi. Bu safar argentinaliklar raqibga umuman qarshilik ko‘rsata olmadi. Yakuniy hisob 4-0. Messi ushbu turnirni muvaffaqiyatsiz yakunladi. Gol ura olmadi. Birgina assist muallifiga aylandi, xolos. 


messii_1

2014 yil. Braziliya. Eng yaxshi va eng alamli ishtirok


Janubiy Amerikadagi Mundialda Argentina va Messi avjiga chiqdi. Guruh bosqich o‘yinlarining uchalasida ham ular g‘alaba qozondi. Dastlab, Bosniya va Gertsogovina 2:1 hisobida taslim etildi. Keyin Messining yagona goli evaziga Eron taslim etildi. So‘nggi turda Nigeriyani 3:2 hisobida enggan "albisileste" birinchi o‘rin bilan keyingi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Messi uch o‘yinda 4 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Nimchorak final ancha og‘ir o‘tdi. Asosiy vaqtda hisob ochilmadi. Faqatgina ekstra taymlarning so‘nggi daqiqalarida, aniqrog‘i uchrashuvning 118-daqiqasida Anxel Di Mariya Messining uzatmasidan so‘ng hisobni ochdi va bu g‘alaba uchun etarli edi. Davom etamiz! Chorak finaldagi raqib - Belgiya. 8-daqiqadayoq Iguanin raqib darvozasini ishg‘ol qildi va mazkur hisob bahs so‘nggiga qadar saqlanib qoldi. Final arafasida ularni Niderlandiya kutib turardi. Xavfli vaziyatlar bo‘yicha Konmebol vakillari ustunlik qildi. Biroq gol urish har ikki jamoaga nasib qilmadi. Navbat penaltilar seriyasiga keldi. Unda Romeroning ishonchli harakatlari evaziga janubiy amerikalaliklar g‘alaba qozonib, finalga yo‘l oldi. Final. Hal qiluvchi bahs. Raqib yana o‘sha Germaniya va yana mag‘lubiyat! Bu nemislar Argentinaning kushandasi. 90 daqiqa davomida hisob ochilmadi. 113-daqiqa o‘tib borayotgan bir paytda Mario Gyottse tomonidan kiritilgan gol o‘yinga nuqta qo‘ydi. Chiroqlar o‘chirilsin. Pardalar yopilsin. Messining Braziliya "sahnalarida" ijro etgan "rol"lari muvaffaqiyatsiz yakuniga etdi. JCh-2014ning eng yaxshi futbolchisi bo‘lish ham uni ko‘nglini ko‘tara olmadi. Ko‘tarolmaydi ham. Sababi, mundial kubogi o‘rnini boshqa hech qaysi sovrin bosa olmaydi.

leo 

2018 yil. Rossiya. Bu safar qiyin edi 

Bu Mundialda Argentinani chempion bo‘lishi ehtimoli juda past edi. Jahon chempionati va "Kopa Amerika"dagi muvaffaqiyatsizliklardan so‘ng termaning xafsalasi pir bo‘lgan. Ko‘plab yulduzlar ham qarib qolgandi. To‘g‘ri, Messi bor edi, biroq qolganlar unga yordamlasha oladigan darajada kuchga ega emasdi. Taxminlar hayotga ko‘chdi. Hech qanday mo‘jiza sodir bo‘lmadi. Bir amallab 4 ochko bilan guruhdan chiqib olgan "albisileste"ni keyingi bosqichda Frantsiya kutib turardi. Yulduzlarga to‘la frantsuzlar har tomonlama Argentinadan kuchli. Maydonda ham buni isbotladi. Hujum vakillari qo‘lidan kelgan ishni qildi va 3 ta gol urdi, ammo Mbappe, Grizmann kabi yulduzlarni himoyachilar to‘xtata olmadi.  Bundan tashqari, Pavarning super goli janubiy amerikaliklarni shokka tushurib qo‘ygandi. Yakuniy hisob 4:3. Messi ushbu bahsda 2 ta assist qayd etdi. Argentina va Messining ishtirokidan ushbu Jahon chempionatida g‘ira-shira xotiralar qolgan. Leoning Nigeriyaga urgan super goli, ayniqsa turnirning bezagiga aylandi. Nima bo‘pti? Qachon u chiroyli gol urmagan. Messining kayfiyati o‘zgarishsiz qoldi. Orzuni amalga oshirish endi ilojsizday. Oldingiday resurs va kuch-qudrat endi yo‘q.



leooo 

Messi va Men

Yoshligimda filmlarda rol ijro etishni orzu qilardim. Hozir SPORTS.uz sayti You Tube sahifasida bir ikkita loyihalarim bor. O‘z ko‘rsatuvlarimda doimo turli obrazlarda paydo bo‘lib, rol ijro etaman. (havaskor) Yoshlikda odam o‘zi shunaqa. Har doim ko‘p narsalari orzu qiladi. Katta bo‘lgach, kamrog‘iga ham ko‘nib qoladi. Chunki hayotda biror narsaga erishish bolalikda o‘ylaganimizday oson emas. Argentina o‘tgan yili "Kopa Amerika"ni yutdi. Uzoq kutilgan sovrin. Terma jamoa safida birinchisi, ammo shu bilan cheklanib qolmaslik kerak. "Kopa Amerika" u uchun katta muvvafiyatning debochasi. Kurashish kerak! Men hali katta filmlarda rol ijro etishim, Messi esa Jahon chempioni bo‘lishi mumkin. Agar intilmasang, yashamadim deb hisoblayver.

lionelmessi-cropped_wyf4rwni42se1s144oa7r4mme

2022 yil. Qatar. So‘nggi umid 

Yuqorida Messiga motivatsiya berdim. O‘zi o‘qiganida, yana ham ruhlanib ketardi. Afsus, bu qiyin masala. Shunday bo‘lsa-da, uning o‘zi ham bu so‘nggi imkonligini tushunib turibdi. Qatar yashil maydonlarida o‘tadigan Mundialda Argentinaning chempion bo‘lish ehtimoli bor. Ular asosiy favoritlar qatorida. Lionel Skaloni boshchiligidagi jamoa 32 ta bellashuvdan beri mag‘lub bo‘lmayapti. Yaqinda "albisileste" Finallissimada zafar quchdi. Bu ham kichik bo‘lsa-da, bir g‘alaba. Yutilgan sovrin. Mazkur terma jamoa muzeyi uchun yaxshi bir jihoz. Yana takrorlayman, Jahon chempionati boshqa daraja. Shunday ekan, Argentina Qatardagi mundailda g‘olib chiqish uchun tish-tirnog‘igacha kurashishiga shubham yo‘q. Men Argentina futbolchilarining Messiga bo‘lgan hurmatiga qoyil qolaman. Ular Messi xursand bo‘lishi uchun ham borini beradi. Bunday ehtiromga sazovor bo‘lish har kimga ham emas. Sovrinlari yoshidan 5 taga ko‘proq Messi bugun 35 yoshni qarshi oldi. Hamon u g‘alabalarga o‘ch. Uning mentaliteti shundan iborat. G‘oliblik qon-qoniga singib ketgan. Futbol muxlisi bo‘lgan har qanday inson uning futbolda borligidan xursand bo‘lsa arziydi. Lionel Messining ushbu sport turiga bo‘lgan muhabbati haqida ortiqcha to‘xtalib o‘tmayman. Shunchaki, buni o‘qishning o‘zi etarli. 

andres

"Pul menga yaxshi o‘ynashga yordam bermaydi. Hozirga qadar o‘zimni onamdan to‘p so‘rab olgan boladek his qilaman. Bu tuyg‘u yo‘qolgan kuni men futbolni tark etaman".

Tecno



                                                                                              Xudayqulov Karim maqolasi 


Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!
&
salahidin
24/06/2022 21:03
Худайкулов макола фаросатсиз езилган ягона дахо бу АЛЛОХ