
"Freestyle Chess Grand Slam Paris-2025". Karlsen chempion, Abdusattorov esa 8-o‘rinni egalladi. Hamyurtimiz qancha ishlab oldi?
7-14 aprel kunlari Frantsiya poytaxti Parij shahrida "Freestyle Chess Grand Slam Paris-2025" turniri bo‘lib o‘tdi.
Magnus Karlsen finalda Hikaru Nakamurani mag‘lub etish orqali musobaqa chempionligini hamda 200000 AQSh dollari mukofotini qo‘lga kiritdi.
Uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda Fabiano Karuana Vensan Keymerni 1,5:0,5 hisobida mag‘lub etdi. Ushbu g‘alabadan keyin Fabiano 100 ming AQSh dollariga ega chiqdi. Karuana Parijda shohsupani egallab, iyul oyida Las-Vegasda bo‘lib o‘tishi e’lon qilingan navbatdagi ""Freestyle Chess" turniriga yo‘llanma oldi.
Hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov turnirni 8-o‘rinda yakunladi va 20 000 AQSh dollarini o‘ziniki qilib oldi.
Eslatib o‘tamiz, Nodirbek musobaqaga 1 kun qolganda taklif qilingan edi. Abdusattorovga keyingi yirik turnirlarda omad tilab qolamiz.
Ma’lumot uchun, Germaniyaning Vaysenxaus shahrida bo‘lib o‘tgan avvalgi "Freestyle Chess" turnirida Abdusattorovdan tashqari, Javohir Sindarov ham qatnashgan edi.
O‘shanda Sindarov 60 ming dollar, Abdusattorov esa 40 ming dollarni o‘ziniki qilib olgan edi.
Fikrlar