
FIFA kunlaridan so‘ng yana Superligaga qaytamiz yoxud siz kutayotgan o‘yinlar yaqin
FIFA kunlari yakunlangach, yana bor e’tiborimiz ichki chempionatga qaratilmoqda. Bugun Superligada 12-turga start beriladi. Bizni qanday juftliklar kutmoqda?
13 iyun.
20:00. “Qo‘qon-1912” – “Mash’al”
Pro ligadan Superligaga yo‘l olgan bu klublar Qo‘qonda g‘oliblik uchun kuch sinashishadi. Bir-biriga munosib raqiblar deyish mumkin. Turnir jadvalida ular bir xil ochko bilan yonma-yon borishmoqda. Jamoalar extiyotkorlik asosiy o‘rinda bo‘lgan o‘yinni namoyish qilgan holda o‘z imkoniyatlaridan maksimal foydalanish payida bo‘ladilar. Hozircha imkoniyatlar teng.
20:00. “Buxoro” – “Andijon”
“Buxoro” klubining uy stadioni hali foydalanishga topshirilmaganligi sababli jamoa o‘zida o‘tishi kerak bo‘lgan uchrashuvlarni boshqa arenalarda qabul qilib kelyapti. Bu safargi o‘yinda ular nominal mezbon sifatida Samarqanddagi “Dinamo” stadionidan foydalanadilar. Raqib “Andijon”. Qiziqarli o‘yin bo‘lishi kutilmoqda. Ikkalasiga ham g‘alaba juda zarur. Jamoalarning ko‘rilgan tayyorgarligiga ham ko‘p narsa bog‘liq.
14 iyun
20:00. “Bunyodkor” – “Paxtakor”
Turning markaziy o‘yinlaridan biri muhtasham “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tadi. Unda Ilyos Zeytullaev boshchiligidagi “Qaldirg‘ochlar” Kamoliddin Tojiev ustozligidagi “Paxtakor”ga qarshi bahs olib boradi. “Bunyodkor” ochiq va qiziqarli futbol namoyish etmoqda. “Paxtakor” bilan bahsda ham Zeytullaev jamoasi bu uslubidan chekinmasligiga ishonamiz. “Paxtakor” Tojiev boshqaruvida ancha o‘ziga keldi va avvalgi tempiga qaytdi. Juda murosasiz o‘yinni ko‘ramiz. Murabbiylarning qanday taktika qo‘llashi ham albatta natijaga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
20:00. “Qizilqum” – Co‘g‘diyona”
“Qizilqum” o‘tgan turda Navoiyda “Xorazm”ga 0:3 hisobida yutqazib qo‘ygach, serbiyalik bosh murabbiy Nikola Lazarevich iste’foga chiqarildi va o‘rniga vaqtincha Akmal Rustamov bosh murabbiy vazifasiga tayinlandi. Ushbu klublarning natijalari muxlislarini u qadar shod qilmayapti. Boisi, jamoalar 13 va 14-pog‘onalarda bormoqdalar. Oxirgi 4 ta o‘yindan beri “Qizilqum” ham,” So‘g‘diyona” ham g‘alaba qozona omlayapti. “Qizilqum”ga Lazarevichning ketishi qanchalik ta’sir qilganini ertaga ko‘ramiz.
20:00. OKMK – “Sho‘rtan”
Turnir jadvalida 2-o‘rinda borayotgan jamoa bilan 16-pog‘onani band etib kelayotgan klub o‘rtasidagi o‘yinda odatda kuchligining yutishi katta ehtimolligi aytiladi va amalda ham shunday. Lekin oxirgi paytlarda “Sho‘rtan”ning o‘yini o‘zgardi va bu ko‘zga tashlanyapti. Tabiiyki, OKMK bu bahsda favorit. Mirjalol Qosimov esa futbolchilarini aslo bo‘shashishga yo‘l qo‘yib qo‘ymaydi. G‘uzorliklar FIFA kunlaridan chiqib kuchli raqibga qarshi maydonga tushadi va ochko qo‘lga kiritish uchun bor imkoniyatini ishga soladi. Lekin OKMK o‘z o‘yinini namoyish qiladigan bo‘lsa, u holda raqibga juda og‘ir bo‘ladi.
15 iyun.
20:00. “Xorazm” – “Dinamo”
Yana bir qiziqarli uchrashuv guvohi bo‘lamiz. Jizzaxda “Xorazm” nominal mezbon sifatida hali mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotgan “Dinamo”ni qabul qiladi. Superligaga qaytgan urganchliklarning o‘yini ko‘pchilikka yoqyapti. Ayniqsa, kuchli raqiblarga qarshi uchrashuvlarda tashabbusga erishayotgani, ochkolar olayotgani e’tiborga molik. Bir necha kun oldin qoldirilgan uchrashuvda “Xorazm” Navoiyda “Qizilqum”ni 0:3 hisobida tor-mor keltirdi. Hakim Fuzaylov jamoasi “Dinamo”ga ham bosh-og‘rig‘i bo‘la oladi va juda keskin, hujumkor o‘yin ko‘ramiz.
20:00. “Surxon” – “Neftchi”
“Surxon” barcha klublar uchun muammolar yarata oladi. “Neftchi” bilan uchrashuvda albatta tarkib borasida farg‘onaliklar ustun. “Surxon” muxlislari qarshisida kuchli raqibiga qarshi bosim uyushtirishga urinishi tabiiy. “Neftchi”dagi etakchilar individual mahoratini namoyish qilishi ham mezbonlarga qo‘shimcha muammolar tug‘diradi. Bu bahs ham turning bezaklaridan biriga aylansa ajab emas.
20:00. “Nasaf” – “Navbahor”
12-turning yana bir markaziy uchrashuvi Qarshida o‘tkaziladi. “Nasaf” bu safar “Navbahor”ni qabul qiladi. Eski raqiblar va bir-birini nimalarga qodirligini so‘zsiz yaxshi biladigan klublar o‘rtasida o‘tadigan bellashuv tomoshabop o‘tishiga ishonsa bo‘ladi. “Nasaf” hali yutqazgani yo‘q. “Navbahor” esa so‘nggi turlardagi ijobiy o‘yin va natijalar evaziga 4-o‘ringa chiqib oldi. Jamoalarni faqat 5 ochko ajratib turibdi. Sergey Lushchan jamoasi etakchiga qarshi o‘yinda qanday uslubda harakat qiladi? Ro‘ziqul Berdiev jamoasi hech qachon o‘zining o‘yin strategiyasidan voz kechmaydi. Gollarga boy o‘yin ko‘rishimiz ham hech gap emas.
Fikrlar