
Fayzullaevsiz qolgan TsSKA rekord o‘rnatdi
Rossiya Premer-ligasining 28-turining markaziy uchrashuvi Moskvada TsSKA va musobaqa jadvalida birinchi o‘rinda borayotgan “Krasnodar” o‘rtasida o‘tkazildi.
Bellashuvda “armiyachilar” Guarirapaning 69-daqiqada kiritgan yagona goli evaziga kichik hisobda g‘olib chiqdi. Abbosbek Fayzullaev avvalgi uchrashuvlarda olgan sariq kartochkalari soni to‘rttaga etkani bois, “Krasnodar”ga qarshi bahsni o‘tkazib yuborishiga to‘g‘ri keldi.
Opta Sports markazining o‘z ijtimoiy tarmoqlarida ma’lum qilishicha, TsSKA navbatdagi ijobiy natijadan keyin klub rekordini yangiladi. “Armiyachilar” 2025 yil hisobidan mag‘lubiyatsiz seriyasini o‘nta uchrashuvga etkazib oldi.
Marko Nikolich shogirdlari yangi yildan keyin o‘nta o‘yindan ettitasini o‘z foydasiga hal qildi va uch marotaba durang o‘ynadi.
Bundan tashqari, TsSKA futbolchilari joriy yil davomida hali biror marotaba hisobda ortda qolmagan va bellashuvda bittadan ko‘p gol o‘tkazmagan. Chempionat yakunlanishiga ikki tur qolgan ayni pallada Fayzullaev jamoasi musobaqa jadvalida uchinchi o‘rinda bormoqda.
Fikrlar