
“Fayzullaevni qiynagan bosh murabbiy hali ishdan olinadi!”
Rossiyalik taniqli futbol agenti Dmitriy Selyuk Moskvaning mashhur klublari – TsSKA va “Dinamo” milliy chempionatda muvaffaqiyatga erishishi bosh murabbiylarni o‘zgartirishi lozimligini ta’kidladi.
Rossiya Premer-ligasining 19-turidan keyin xorvatiyalik mutaxassis Martsel Lichka boshchiligidagi “dinamochilar” musobaqa jadvalida to‘rtinchi o‘rinni egallab turgan bo‘lsa, serbiyalik Marko Nikolich ustozlik qilayotgan TsSKA futbolchilari hali hamon oltinchi pog‘onadan ko‘tarila olgani yo‘q.
- Ilgari TsSKA uchun ikkinchi o‘rin ham mag‘lubiyat hisoblanar edi. Hozir esa, “armiyachilar” oltinchi pog‘onaga ham ko‘nikib qoldi.
Nikolich kelganidan keyin nima qildi? Hech narsa!
Bu mutaxassis jamoada Miralim Pyanich uchun romb sxemasini joriy qilishga urinyapti. Bir “yugoslav” boshqa yugoslavga joy ochyapti (Serbiya va Bosniya ilgari sobiq Yugoslaviya tarkibida bo‘lgan – izoh sports.uz). Bundan eng ko‘p Abbosbek Fayzullaev ziyon ko‘rmoqda, shuningdek, boshqa futbolchilar ham. Bu ketishda ularning yakuniy natijasi oltinchi o‘rin bo‘lib qolaveradi.
Men Marko Nikolichni hali bosh murabbiylikdan olib tashlashlariga aminman. Martsel Lichkani ham. TsSKA va “Dinamo”ga yaxshi murabbiy kerak xolos. Masalan, Frank Artigaga e’tibor qaratishsin. Bu mutaxassis yozda talash bo‘ladi. U yosh va iste’dodli futbolchilarni rivojlantira oladi. Xuddi shu ishni “Barselona” tizimida ham uddalagan, - dedi Dmitriy Selyuk.
TsSKAga katta umidlar bilant olib kelingan Marko Nikolichning TsSKAda o‘zi qo‘llayotgan yangi o‘yin sxemasi bo‘yicha fikri umuman boshqacha. Serbiyalik mutaxassis u jamoaga singdirayotgan romb usuli Abbosbek Fayzullaevga mos tushishini ta’kidlayapti.
- Tashqaridan 8-raqam pozitsiyasida o‘ynayotgan Abbosbek Fayzullaevga yangi sxemada qiyin bo‘layotganidan tuyulishi mumkin. Chunki u avvalgiga qaraganda ko‘proq himoyalanishiga to‘g‘ri kelyapti va bunga ko‘p vaqt sarflayapti.
Menga esa, bunday tuyulgani yo‘q. Zamonaviy futbolchilar hujum uyushtirishni ham, himoyalanish ko‘nikmalarini ham rivojlantirib borishi shart.
Abbos ko‘p harakat qiladi va juda katta hajmdagi ishni bajarmoqda. Shuni aytishim mumkinki, yig‘inlarda mashg‘ulotlarga kirishishdan avval chidamlilik bo‘yicha testlar o‘tkazildi. TsSKAning barcha o‘yinchilar orasida bu borada aynan Abbosbek Fayzullaev birinchi o‘rinni egalladi.
U hamon jamoaning o‘tkir hujumlarida ishtirok etmoqda, imkon bo‘lishi bilan xavfli vaziyatlarni yuzaga keltiryapti. Bu sxemada Abbos yanada kuchayishiga aminman.
Abbosdan nimalarni kutayotganimiz haqida o‘zi bilan gaplashdim. U albatta o‘sishga erishadigan juda iqtidorli futbolchi. Bir kun kelib, Evropaning top-klubida paydo bo‘ladi, - dedi Marko Nikolich.
“Paxtakor” tarbiyalanuvchisi bo‘lgan Abbosbek Fayzullaev 2023 yilning yozidan beri TsSKA sharafini himoya qilib kelmoqda. Transfermarkt portali tomonidan 8 million evroga baholanayotgan hujumkor legionerimiz “armiyachilar” safiga qo‘shilganidan beri 56 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga sakkizta gol va 20 ta assist yozdirib qo‘ydi.
Fikrlar