
Fayzullaev endi “Barsa”da janjal ko‘targan yulduz bilan o‘ynaydi
Jahon futbolining taniqli yulduzlaridan biri Miralem Pyanich faoliyatini Moskvaning TsSKA klubida davom ettirishini tasdiqladi.
Bosniyalik futbolchi Moskvaga etib kelgan va tibbiy ko‘rikdan o‘tganidan klub bilan shartnoma imzolaydi.
“Armiyachilar” safiga erkin agent sifatida qo‘shilgan markaziy yarim himoyachi mavsum oxiriga qadar Rossiya Premer-ligasida to‘p tepishga rozilik bergan. Bu muddat uchun moskvaliklar unga bir million evro maosh to‘laydi.
Miralem Pyanich Frantsiyaning “Mets” jamoasi tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Bu mamlakat chempionatida “Lion” sharafini ham himoya qilgan.
2011 yili Miralem “Roma” bilan shartnoma imzoladi va besh yil davomida “bo‘rilar” safida to‘p tepganidan keyin “Yuventus”ga transfer qilindi.
2021 yili “Barselona” bosniyalik yarim himoyachini Turin superklubiga 60 million evro to‘lab, Kataloniyaga olib ketdi. Pyanichning ispan grandidagi faoliyati muvaffaqiyatli chiqmadi. Bunga o‘sha paytda jamoani boshqargan niderlandiyalik murabbiy Ronald Kuman bilan kelisha olmay qolgani sabab bo‘ldi.
Ronald Kuman Pyanichning jismoniy imkoniyatlarini keskin tanqid qildi, hatto o‘yinchini yuzma-yuz suhbatlashishga ham loyiq ko‘rmadi. O‘z navbatida, Miralem o‘yinchiga nisbatan o‘zini bunaqa tutadigan murabbiyni ko‘rmaganini aytib, Kumanning siyosatiga e’tiroz bildirdi.
“Barselona” rahbariyati klub ichidagi ziddiyatni mashhur o‘yinchini “Beshiktosh”ga ijaraga yuborish bilan hal qilishga majbur bo‘ldi. “Barselona” safida jami 30 ta uchrashuvda ishtirok etgan bosniyalik charm to‘p ustasi klubni tark etishga qaror qildi.
Miralem 2022 yili Birlashgan Arab Amirliklarining “Sharja” klubiga o‘tdi. Osiyo maydonlarida ikki yil harakat qilgan o‘yinchi shu yoz erkin agentga aylandi. Taqdir uni Rossiyaga etakladi.
Pyanich 14 yillik professional faoliyati davomida Frantsiya, Italiya, Ispaniya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari klublarida jami 639 marta maydonga tushib, raqiblar darvozasini 77 marotaba ishg‘ol qilgan va jamoadoshlariga 128 ta golli pas bergan.
Asosan maydon markazining bir necha nuqtasida o‘ynaydigan Miralem Pyanich xalqaro maydonda 2008 yildan beri Bosniya va Gertsegovina milliy terma jamoasi sharafini himoya qilib kelmoqda. Hozirgacha tajribali o‘yinchi 115 ta uchrashuvda qatnashib, o‘z hisobiga 167 ta gol yozdirib qo‘ygan.
O‘zbekistonning eng iqtidorli futbolchilaridan Abbosbek Fayzullaev 2023 yilning avgustida “Paxtakor”dan TsSKAga o‘tganidan beri hamyurtlarimiz “armiyachilar”ning ishtirokidagi o‘yinlarni alohida qiziqish bilan tomosha qilib kelmoqda.
Hozir legionerimiz TsSKA hujum chizig‘i etakchisi va pleymeykeri hisoblanadi. Endi Fayzullaev jamoasining ustunligini ta’minlash uchun Miralem Pyanich bilan hamkorlik qiladi.
Ta’kidlash joizki, Abbosbek Fayzullaev bosniyalik futbolchi janjallashgan “Barselona”ning muxlisi hisoblanadi va Kataloniya klubida o‘ynashni orzu qilishini bir necha bor aytgan.
Shomurodov avjida!
Rossiyada legionerimizni nega o‘ynatishmayapti?
Husanov, xotirjam o‘ynayver, chunki...
Fikrlar