Evropadagi chempion jamoa Fayzullaevni qaysi yulduz o‘rniga olmoqchi ekani ma’lum bo‘ldi

  • 29 mart, 09:58
  • Zohir Toshxo’jayev
  • 0
  • Futbol
BEPUL PROPAN

O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Rossiyaning TsSKA klubi hujumkor futbolchisi Abbosbek Fayzullaevga Turkiyaning eng qudratli klubi "Galatasaroy" jiddiy qiziqish bildirayotgani haqida ma’lumotlar tarqatilmoqda.

Bu xabar Rossiya tomonlarga ham etib bordi.

Rossiya terma jamoasining sobiq futbolchisi Dmitriy Sennikov turklar nega aynan Abbosbek Fayzullaevga e’tibor qaratayotganini tahlil qilib berdi.

- “Galatasaroy” Abbosbek Fayzullaevni belgiyalik mashhur futbolchi Dris Mertensning o‘rniga olib kelmoqchi. Chunki ularning o‘yin uslubi bir biriga o‘xshash.

Bahorda Fayzullaevning yorqin o‘yinlarini hali ko‘rganimiz yo‘q. Biroq Abbosbekning raqibni aldab o‘tish, dribling, zarba berish, maydonni ko‘ra olish qobiliyati, oldingi chiziqda xavfli vaziyatlar yaratish, darvozani nishonga olish kabi yuqori sifatlari hamon o‘zida saqlanib turibdi, - dedi Dmitriy Sennikov.

Ta’kidlash joizki, qishki tanaffus davrida TsSKA bosh murabbiyi Marko Nikolich jamoaning o‘yin uslubini keskin o‘zgartirdi. Bu eng avvalo, Abbosbek Fayzullaevning o‘yini va samaradorligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi.

Yangi sxema bo‘yicha Abbosbek o‘zi ko‘nikkan qanotlardan hujum uyushtirish imkoniyatidan ayrildi. Endi u yangi pozitsiyada maydon markazidan hujum boshlashi va shu bilan birga himoyani mustahkam ushlashda katta kuch sarflashiga to‘g‘ri kelmoqda.

TsSKAning keyingi paytdagi ayrim uchrashuvlarida 21 yoshli hujumkor futbolchimiz to‘liq o‘ynamayapti. Bu birinchi navbatda, o‘yin sxemasi o‘zgargani bilan bog‘liq.

O‘zbekiston milliy terma jamoasida o‘ziga mos bo‘lgan qanot hujumchisi vazifasini bajargan Abbosbek Qirg‘iziston va Eronga qarshi o‘tkazilgan murakkab uchrashuvlarda yana samarali harakatlarni amalga oshirdi. Qirg‘izlar darvozasiga kiritilgan yagona g‘alaba to‘pi aynan Fayzullaevning assistidan keyin sodir bo‘ldi.

Eron bilan bahsda Fayzullaev chap qanotdan belgilagan jarima zarbasini ajoyib tarzda bajarib, to‘pni to‘g‘ri mezbonlar darvozasiga joylab qo‘ydi.

“Galatasaroy” rahbariyati Abbosbek Fayzullaevning xalqaro maydondagi uchrashuvlaridan yaxshigina xabardor. Yoshi o‘tib qolayotgan Dris Mertens markaziy yarim himoyachi, chap qanot hujumchisi va forvard sifatida o‘ynaydi.

Abbosbek Fayzullaev ham markazda hujumchi ortida va har ikki qanotda hujumkor futbolchi vazifasini juda yaxshi uddalaydi.

37 yoshli belgiyalik yulduz Turkiya chemponatiga 2022 yilning yozida “Napoli”dan olib kelingan edi. Joriy mavsumda Dris barcha turnirlarda 42 ta uchrashuv o‘tkazib, beshta gol va 18 ta assist muallifi bo‘ldi. Mertensning amaldagi shartnomasi 30 iyun kuni tugaydi.  “Galatasaroy” bu o‘yinchi bilan hamkorlikni uzaytirmoqchi emas va uning o‘rniga Abbosbek Fayzullaevni olishni rejalashtirmoqda.

Husanov tufayli tojik futbolchisi boshqa chempionatni tanladi

Husanov va O‘zbekiston haqidagi “shov-shuvli luqmalar”ga xorijdan munosabat keldi

Husanovni qanday qilib qo‘ldan chiqarish mumkin?!

 

Fikrlar

Fikr qoldirish uchun avtorizatsiyadan o'ting!